Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING BANK-MOLIYA AKADEMIYASINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Xalqaro talablarga javob beradigan moliya-kredit tizimining yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, shuningdek moliya bozorlarini rivojlantirish sohasidagi fundamental ilmiy va amaliy tadqiqotlarni tashkil etish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Markaziy banki va Banklar uyushmasining Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Quyidagilar Bank-moliya akademiyasi faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari etib belgilansin:
a) quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha bank ishining yuqori malakali mutaxassislarini tayyorlash:
— monetar siyosat va pul muomalasi;
— moliya menejmenti, aktivlar va passivlarni boshqarish;
— investitsiya loyihalarini har tomonlama ekspertiza qilish va moliyalash;
— xalqaro moliya bozorlaridagi operatsiyalar;
— bank auditi;
b) xalqaro bank ishidagi eng yangi yutuqlarga muntazam suratda oʻqitish yoʻli bilan bank rahbar kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
v) mamlakatda moliya-pul tizimini va bank ishini rivojlantirish sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlarni tashkil etish.
3. Respublika budjeti va Oʻzbekiston Banklar uyushmasining mablagʻlari teng ulushlarda akademiyani moliyalashning asosiy manbalari etib belgilansin.
Oʻzbekiston Banklari uyushmasiga Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki hamda akademiya rahbariyati bilan birgalikda akademiya talabalarini, tinglovchilarini oʻqitish hamda ularning va professor-oʻqituvchilar tarkibining malakasini oshirish dasturlarini pul bilan taʼminlash uchun xalqaro moliya muassasalarining, xorijiy banklar va kompaniyalarning mablagʻlarini jalb etish choralarini koʻrish tavsiya etilsin.
4. Akademiya, u tashkil qiladigan muassasalar, korxonalar va fondlar tuzilgan kundan boshlab dastlabki uch yil mobaynida barcha turdagi soliqlardan ozod qilinsin.
5. Bank-moliya akademiyasi talabalarning birinchi qabulini 1996-1997 oʻquv yiliga belgilangan tartibda amalga oshirsin. Oʻquv yili boshlangungacha, akademiya kadrlar bilan taʼminlanib borishiga qarab respublika bank tizimi mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslari tashkil qilinsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki oʻquv jarayonini, ilmiy va amaliy tadqiqotlarni tashkil etish, shuningdek uning moddiy-moliyaviy bazasini mustahkamlash masalalarida Bank-moliya akademiyasiga yordam bersinlar. Shu maqsadda xalqaro moliya muassasalarining, dunyodagi yetakchi tijorat banklarining maslahatchilari, ekspertlari va mutaxassislari jalb etilishi taʼminlansin.
7. Vazirlar Mahkamasi bir haftalik muddatda ushbu Farmonning bajarilishini taʼminlash yuzasidan qaror qabul qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 2-may,
PF-1460-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 5-6-son, 80-modda)