Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
NAMANGAN SHAHRIDA QURILISHI TUGALLANMAGAN OBYEKT NEGIZIDA ZAMONAVIY TOʻQIMACHILIK ISHLAB CHIQARISHINI TASHKIL ETISH TOʻGʻRISIDA
Namangan shahrining arxitektura-qurilish qiyofasini yaxshilash va boʻsh turgan ishlab chiqarish maydonlaridan samarali foydalanish, shaharda zamonaviy toʻqimachilik ishlab chiqarishini tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Namangan viloyati hokimligi, “Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi hamda Davlat mulki qoʻmitasining Namangan shahri, Istiqlol koʻchasida joylashgan qurilishi tugallanmagan obyektni (keyingi oʻrinlarda obyekt deb ataladi) “Namimpeks-tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyatga quyidagi majburiyatlar qabul qilinishi sharti bilan tekin sotish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin:
obyektga texnologik asbob-uskunalar va butlovchi materiallarni sotib olish va montaj qilish shaklida kamida 10,0 mlrd soʻm investitsiya qoʻyish, qurilish-montaj ishlarini 2013-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatda bajarish;
bir yilda kamida 3900 tonna kalava, 8 mln p/metr ip gazlama va 500 ming dona tayyor tikuv buyumlari ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan zamonaviy toʻqimachilik ishlab chiqarishini tashkil etish;
obyekt maydonlarining bir qismida (1-qavat) savdo va maishiy xizmatlar kompleksini tashkil etish;
sotib olinadigan obyektning old qismini taʼmirlashni 2011-yil 1-martgacha tugallash va hududini koʻkalamzorlashtirish;
kamida 200 ta yangi ish oʻrni tashkil etish;
ishlab chiqarilayotgan mahsulotning kamida 80 foizini eksportga yoʻnaltirish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi va Namangan viloyati hokimligi:
oʻn kun muddatda “Namimpeks-tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyat bilan obyektning oldi-sotdi shartnomasini tuzsinlar, investitsiya qoʻyish va investitsiya majburiyatlarini bajarish jadvalini tasdiqlasinlar;
“Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi bilan birgalikda “Namimpeks-tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyat tomonidan qabul qilingan investitsiya majburiyatlari bajarilishi ustidan qatʼiy nazoratni taʼminlasinlar.
3. “Ipoteka-bank” ATIBga import texnologik asbob-uskunalarni sotib olish uchun kredit ajratish va soʻmdagi zarur mablagʻlarni konvertatsiya qilish boʻyicha “Namimpeks-tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyatning kredit buyurtmanomasini belgilangan tartibda koʻrib chiqish tavsiya etilsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.A.Xoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 3-fevral,
29-son