Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON TOVAR IShLAB ChIQARUVChILAR VA TADBIRKORLAR PALATASINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2004-yil 7-iyuldagi PF-3453-sonli “Oʻzbekiston savdo-sanoat palatasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oldingi tahrirga qarang.
Kichik va xususiy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, bozor infrastrukturasining yaxlit tizimini shakllantirish, mulkdorlar sinfini jadal shakllantirish, shuningdek, ularning huquqlarini va manfaatlarini himoya qilishni taʼminlash maqsadida:
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2004-yil 8-yanvardagi PF-3376-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2004-y., 1-2-son, 9-modda)
1. Oʻzbekiston tadbirkorlari uyushmasining oʻz negizida joylarda hududiy boʻlinmalari boʻlgan Oʻzbekiston tovar ishlab chiqarish va tadbirkorlar palatasini tashkil etish toʻgʻrisida taklifi maʼqullansin.
Oldingi tahrirga qarang.
Belgilab qoʻyilsinki, Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi oʻz faoliyatini iqtisodiy mustaqillik va oʻzini oʻzi boshqarish asosida amalga oshiruvchi yuridik shaxs huquqiga ega boʻlgan notijorat tashkilot hisoblanadi. Palata tarmoq xoʻjalik birlashmalari tarkibiga kirmaydigan, aʼzoligi shart boʻlgan kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlarini shartnoma asosida birlashtiradi.
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2004-yil 8-yanvardagi PF-3376-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2004-y., 1-2-son, 9-modda)
2. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, quyidagilar Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
kichik va xususiy tadbirkorlikni birlashtirish hamda qoʻllab-quvvatlash;
davlat hokimiyati organlarida kichik va xususiy tadbirkorlik manfaatlarini ifodalash;
mavjud bozor infrastrukturasi obyektlarini rivojlantirishga va yangilarini tashkil etishga koʻmaklashish;
kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlariga marketing, reklama, yuridik, axborot va boshqa turdagi konsalting xizmatlari koʻrsatish;
tadbirkorlik faoliyatining har xil turlari boʻyicha mutaxassislar tayyorlash va qayta tayyorlashni tashkil etish;
tovar ishlab chiqaruvchilarga va tadbirkorlarga buxgalterlik hisobi va hisoboti, auditorlik tekshirishlarni tashkil etish va uni yuritishda yordam koʻrsatish;
kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlariga, biznes rejalar va loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslarini tuzishda, qayta ishlovchi ishlab chiqarishlarni tashkil etishda omborxonalar, texnika, asbob-uskuna, jihozlar berishda, shuningdek, transport xizmatlari koʻrsatishda koʻmaklashish;
yirik, shu jumladan xorijiy va kichik biznes bilan hamkorlik qilishning shakllarini joriy qilishga koʻmaklashish.
(2-bandning ikkinchi, uchinchi, beshinchi va sakkizinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2004-yil 8-yanvardagi PF-3376-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2004-y., 1-2-son, 9-modda)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, Oʻzbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari Qoraqalpogʻiston tadbirkorlar uyushmasi, viloyatlar tadbirkorlar uyushmalari va Toshkent shahar tadbirkorlar uyushmasi negizida Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar hududiy palatalarini belgilangan tartibda tashkil qilsinlar.
Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarning hududiy palatalarini tashkil etishda, Oʻzbekbirlashuv va “Oʻzbeksavdo” uyushmasi bilan kelishgan holda, ularning viloyat, shahar va tuman tashkilotlarining infrastrukturasi va moddiy texnikasidan foydalanilsin, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Qoʻmitasi, Oʻzbekbirlashuv, “Oʻzbeksavdo” uyushmasi Farmonning ushbu bandi qanday bajarilganligi toʻgʻrisida 1996-yilning 1-iyuligacha axborot bersinlar.
4. Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi aʼzolariga moliyaviy yordam koʻrsatish maqsadida Oʻzbekiston tadbirkorlari uyushmasining Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash negizida Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash fondi tashkil etilsin.
Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash fondi resurslari manbalari etib quyidagilar belgilansin:
xususiylashtirish, bozor tuzilmalarini tashkil etish va rivojlantirish davlat dasturini amalga oshirish uchun moʻljallangan mablagʻlarning 10 foizi, Oʻzbekiston Respublikasi davlat mulki qoʻmitasi koʻrsatilgan mablagʻlarning oʻtkazilishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan yuridik shaxslarning mablagʻlari;
yuridik shaxslar va xalqaro moliyaviy tashkilotlarning mablagʻlari.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash fondiga xususiylashtirilgan obyektlarni texnik qayta jihozlash va rivojlantirishga moʻljallangan mablagʻlardan 100 million soʻm miqdorda begʻaraz moliyaviy yordam koʻrsatsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Vazirlar Mahkamasining zaxira fondidan Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash fondiga 50 mln. soʻm oʻtkazsin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat va shahar hokimlari davlat mulki obyektlarini xususiylashtirishdan mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish-ehtiyojlari uchun yoʻnaltiriladigan mablagʻlarning 5 foizini bozor infrastrukturasi obyektlarini tashkil etish uchun Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar hududiy palatalariga yoʻnaltirsinlar.
7. Palatani va Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash fondini ular davlat roʻyxatidan oʻtgan vaqtdan boshlab 5 yil muddatga soliqlardan, shuningdek, qonun hujjatlari bilan belgilangan majburiy toʻlovlardan;
Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi aʼzolari tadbirkorlar tomonidan import mahsulotlar oʻrnini bosadigan va eksportga moʻljallagan mahsulotlar ishlab chiqaruvchi ishlab chiqarishlarni tashkil etish uchun texnologiya asbob-uskunalarni import qilishda bojxona poshlinalari toʻlashdan ozod qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Biznes fondning Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi bilan respublikaning kichik va xususiy tadbirkorligi subyektlariga moliyaviy, maslahat va boshqa turdagi xizmatlar koʻrsatish boʻyicha hamkorlik qilish haqida shartnoma tuzishi toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2004-yil 8-yanvardagi PF-3376-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2004-y., 1-2-son, 9-modda)
9. Adliya vazirligi Davlat mulki qoʻmitasi, Moliya vazirligi davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda amaldagi qonun hujjatlarini oʻzgartirish va ularni mazkur Farmonga muvofiqlashtirish toʻgʻrisida bir oy muddatda takliflar kiritsin.
10. Vazirlar Mahkamasi mazkur Farmonni bajarish yuzasidan bir hafta muddatda qaror qabul qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 12-mart,
PF-1407-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 3-son, 24-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 1-2-son, 9-modda)