Norasmiy tarjima
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Vaksinalar, zardob va biologik faol qoʻshimcha moddalar ishlab chiqarish kompleksi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Yuqori sifatli farmatsevtika mahsulotlari, shu jumladan jahon standartlariga javob beradigan grippga qarshi vaksinalarning mamlakatimizda ishlab chiqarilishini tashkil etish va buning asosida ichki bozorni yanada toʻliq boyitish hamda eksportga yetkazib berishni kengaytirish maqsadida:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, “Omninvest Development KFT” (Vengriya Respublikasi) kompaniyasi tomonidan vaksinalar, zardob va biologik faol qoʻshimcha moddalar ishlab chiqarishni tashkil etish uchun Oʻzbekistonda xorijiy investitsiyalar ishtirokida masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Omninvest Asia” xorijiy korxonasi tashkil etildi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi timsolida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan “Omninvest Development KFT” kompaniyasi oʻrtasida 2009-yil 11-sentabrda imzolangan, vaksinalar, zardob va biologik faol qoʻshimcha moddalar ishlab chiqarish kompleksi faoliyatini tashkil etish boʻyicha xorijiy investorning aniq vazifalarini va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan uni davlat yoʻli bilan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni belgilab beradigan Investitsiya shartnomasi tasdiqlansin.
3. Belgilansinki, Investitsiya shartnomasiga muvofiq “Omninvest Development KFT” kompaniyasi oʻz zimmasiga quyidagi majburiyatlarni olgan:
100 mln AQSh dollari hajmidagi investitsiyalarga 5 yil mobaynida mablagʻ sarflash;
2012-yilning 30-martigacha “nou-xau” va zamonaviy texnologiya uskunalari asosida yiliga 12 mln doza miqdorida grippga qarshi vaksinalarni ommaviy ishlab chiqarishning toʻliq siklini tashkil etish;
yilning 1-avgustigacha AKDS (adsorbirlangan koʻkyoʻtal-boʻgʻma, qoqshol), BSJ (silga qarshi), BTV (ich terlama) vaksinalari ishlab chiqarishning toʻliq siklini yaratish;
2012 ning 1-yanvarigacha Oʻzbekiston oʻzak hujayralar terapiyasi va gen terapiyasi markazini barpo etish;
2013-yilning 1-iyunigacha biologik faol qoʻshimcha moddalar ishlab chiqarishni tashkil etish;
ommaviy ishlab chiqarish boshlangandan soʻng ikkinchi moliya yilidan boshlab ishlab chiqariladigan mahsulot umumiy hajmining 70 foizini eksport qilish;
yollanadigan xodimlar umumiy sonining kamida 80 foizini mahalliy mutaxassislardan ishlab chiqarishga jalb qilish.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi “Omninvest Development KFT” kompaniyasi tuzilgan Investitsiya shartnomasi doirasida qabul qilingan majburiyatlarini soʻzsiz bajarishi ustidan nazorat oʻrnatilishini taʼminlasin.
5. “Omninvest Development KFT” MChJ XK vaksinalar va zardoblarni ommaviy chiqarish boshlangunga qadar boʻlgan davrda, shuningdek investitsiyaviy faoliyat obyekti tijorat ishlab chiqarishini boshlagan paytdan 5 yil muddatga:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida amal qilayotgan barcha turdagi soliqlarni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasiga majburiy toʻlovlarni toʻlashdan;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha olib kelinadigan texnologik uskunalar, ehtiyot qismlar, xom ashyo, materiallar va butlovchi buyumlar uchun bojxona toʻlovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) toʻlashdan ozod etilsin.
8. Toshkent shahar hokimligi belgilangan tartibda “Omninvest Asia” MChJ XKga Toshkent shahrining Sergeli tumanida foydalanish uchun 49 yil muddatga 5 gektargacha miqdorda yer uchastkasini ajratsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Omninvest Asia” MChJ XK talabnomalariga koʻra, ushbu qarorni amalga oshirish doirasida jalb etilayotgan xorijiy mutaxassislarning kirish vizalari belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Omninvest Asia” MChJ XK talabnomalariga koʻra, xorijiy mutaxassislarga koʻp martalik vizalar berish va ularning muddatini uzaytirish, shuningdek vaqtincha roʻyxatda turish va uning muddatini uzaytirishni belgilangan tartibda taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi “Omninvest Asia” MChJ XKga mazkur loyihani amalga oshirishda qatnashadigan xorijiy mutaxassislarni Oʻzbekiston Respublikasiga jalb etish uchun ruxsatnomalar berilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 9-noyabr,
PQ-1223-son