O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
MUBORAK HAJ ZIYORATIGA BORUVChILARGA YORDAM KO‘RSATISh HAQIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Mamlakatimiz fuqarolarining vijdon erkinligi konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash, muborak haj amallarini ado etish uchun qulayliklar va zarur sharoitlar yaratilishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2006-yilda muborak haj safarini tashkil qilish, fuqarolarning talab-ehtiyojlarini adolatli ravishda qondirish mas’uliyati O‘zbekiston musulmonlari idorasi va uning joylardagi mutasaddi vakillari zimmasida ekanligi hamda ziyoratga boruvchilar soni 5000 kishi miqdorida belgilanganligi e’tiborga olinsin.
2. “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi (V.Tyan) 2005-yil dekabr - 2006-yil yanvar oylarida ziyoratchilarning haj safariga borib kelishlari uchun qulay sharoitlar yaratish, ularni Toshkent-Madina, Jidda-Toshkent yo‘nalishlarida hamda viloyatlardan Toshkent shahriga va aksincha tashish, aviachiptalar narxini arzonlashtirish choralarini ko‘rsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (Z.Almatov), Tashqi ishlar vazirligi (E.G‘aniyev), Davlat bojxona qo‘mitasi (B.Matlyubov) O‘zbekiston musulmonlari idorasining taqdimiga ko‘ra ziyoratchilarning safar hujjatlari belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta’minlasinlar.
4. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi (F.Nazirov) Saudiya Arabistoni haj ishlari vazirligi tomonidan qo‘yilgan tibbiy talablarni va mamlakatning iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda ziyoratchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, emlash ishlarini hamda haj davrida ularga yordam ko‘rsatilishini tashkil etsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (Z.Almatov) va Milliy xavfsizlik xizmati (R.Inoyatov) respublikamiz fuqarolarining noqonuniy yo‘llar bilan haj ziyoratiga borishi oqibatida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish hamda ziyoratchilarning umumiy xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlarini belgilasinlar.
6. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki (F.Mullajonov) va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki (S.Raximov) O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasdiqlagan ro‘yxatiga binoan hajga ketayotgan fuqarolarning Saudiya Arabistonidagi xarajatlari uchun mablag‘larni qulay sharoitlarda konvertatsiya qilish va xorijiy hamkorga o‘tkazish choralarini ko‘rsin.
7. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita (Sh.Minovarov) haj ziyoratlarini munosib tashkil etish uchun zarur chora-tadbirlarni daxldor davlat idoralari va jamoat tashkilotlari bilan muvofiqlashtirishda O‘zbekiston musulmonlari idorasiga yaqindan yordam ko‘rsatsin.
8. O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda ommaviy axborot vositalariga muborak haj ziyoratining mohiyati, talablari va uni amalga oshirishning tartib-qoidalari va haj ziyorati bilan bog‘liq boshqa masalalarni oshkora yoritib borish tavsiya etilsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.Qosimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2005-yil 12-dekabr,
270-son