Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QURBON HAYITINI NIShONLASh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Muborak Qurbon hayiti azaldan yurtimizda xalqimizga xos mehr va muruvvat, bagʻrikenglik va saxovat ifodasi boʻlib kelayotgani, ushbu ayyomda yoshi ulugʻ keksalarga hurmat-ehtirom, kam taʼminlangan oilalar, boquvchisini yoʻqotgan va nogironlarga alohida gʻamxoʻrlik koʻrsatish xayrli anʼana ekanini, bu sananing maʼnaviy hayotimizdagi oʻrni va ahamiyatini eʼtiborga olib hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy bayram — Qurbon hayitni dam olish kuni deb eʼlon qilish haqida” 1991-yil 20-iyundagi 221-son Farmoni ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2004-yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 1-fevralga toʻgʻri kelishi haqida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining qarori eʼtirof etilsin hamda mamlakatimizda bayram sifatida keng nishonlansin.
2. Mutasaddi idora va jamoat tashkilotlari Qurbon hayitining joylarda tartibli va yuqori darajada oʻtishi uchun tegishli tadbirlarni amalga oshirsinlar.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 27-yanvar,
42-son