O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
HARBIY VA MUQOBIL XIZMATNING BELGILANGAN MUDDATLARINI O‘TAB BO‘LGAN ShAXSLARNI QUROLLI KUChLAR SAFLARIDAN ZAXIRAGA BO‘ShATISh HAMDA FUQAROLARNI MUDDATLI HARBIY VA MUQOBIL XIZMATGA NAVBATDAGI ChAQIRISh TO‘G‘RISIDA
[Ko‘chirma]
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
“Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida” va “Muqobil xizmat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Harbiy va muqobil xizmatning belgilangan muddatlarini o‘tab bo‘lgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasining Qurolli Kuchlari saflaridan zaxiraga bo‘shatilsin.
2. 1975 — 1984-yillarda tug‘ilgan, chaqiriq muddatini uzaytirish huquqiga ega bo‘lmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari 2002-yilning aprel-may oylarida muddatli harbiy va muqobil xizmatga chaqirilsin.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Qurolli Kuchlarni chaqiriluvchilar bilan sifatli butlash maqsadida joylardagi chaqirish komissiyalarining har tomonlama ta’minlanishini va samarali ishlashini tashkil etsinlar.
4. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi (F.G‘. Nazirov) Mudofaa vazirligi (Q.G‘. G‘ulomov) bilan birgalikda chaqirish uchastkalarini zarur tibbiyot asbob-anjomlari va buyumlari bilan ta’minlasin, chaqiriluvchilarning laboratoriya tekshiruvlari sifatli o‘tkazilishini, ularning turli ixtisoslikdagi yuqori malakali vrachlar tomonidan har tomonlama tibbiy tekshirib ko‘rilishini tashkil etsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 2-aprel,
110-son