O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
VATANIMIZ XAVFSIZLIGI, SARHADLARIMIZ HIMOYASI YO‘LIDA HALOK BO‘LGAN HARBIY XIZMATCHILARNING OILALARIGA DAVLAT TOMONIDAN YORDAM KO‘RSATISH TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
Mamlakatimizning janubiy chegaralari orqali yurtimizga suqilib kirmoqchi bo‘lgan terrorchi-jangarilar guruhiga qarshi kurashda jasorat va matonat ko‘rsatib, qahramonlarcha halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning ota-onalariga, oilalariga, yoru birodarlariga hukumatimiz, butun xalqimiz nomidan yana bir bor chuqur ta’ziya izhor etib, hamdardlik bildirib, ularga yordam ko‘rsatish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa, Ichki ishlar, Moliya vazirliklari birgalikda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va idoraviy me’yoriy hujjatlarga muvofiq, halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oilalariga to‘lanishi lozim bo‘lgan mablag‘larni tezkorlik bilan yetkazib berishni ta’minlasin. Shuningdek, “Kafolat” sug‘urta kompaniyasi belgilangan tartibda sug‘urta to‘lovlarini amalga oshirsin.
2. Halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar oilalarining har biriga qo‘shimcha moddiy yordam tariqasida Vazirlar Mahkamasi zaxira fondidan bir million so‘m miqdorida moddiy yordam puli to‘lansin. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu yordam pulining to‘lanishini ta’minlasin.
3. Mahalliy hokimlik idoralari:
halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar oilalarining turmush sharoiti va ehtiyojidan kelib chiqib, mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan zarur yordam choralarini ko‘rsin;
halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning nomlarini abadiylashtirish yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 15-avgust,
324-son