O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TAMAKI SANOATINI RIVOJLANTIRIShGA DOIR QO‘ShIMChA ChORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
[Ko‘chirma]
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Respublika tamaki sanoatini rivojlantirishni ta’minlash hamda uning eksport imkoniyatini oshirish, “British Amerikan Tobakko PLS” kompaniyasining investitsiya loyihasini o‘z vaqtida amalga oshirish, texnika bilan qayta jihozlash, tamaki mahsuloti ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shimcha mahalliy ishlab chiqarishlarni barpo etish uchun xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “O‘zBAT A.J.” qo‘shma korxonasi tomonidan xorijiy kompaniyalar bilan birgalikda 1999—2004-yillarda tamaki industriyasini mahalliylashtirish dasturi ishlab chiqilayotganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin, Dastur:
2004-yilga borib O‘zbekistonda tamaki sanoati uchun zarur bo‘lgan tamaki yetishtirishni 48 foizgacha, bosma-o‘rov materiallari ishlab chiqarishni 56 foizgacha va boshqa komponentlarni ishlab chiqarishni 50 foizgacha, mahalliylashtirishning umumiy darajasini 50 foizgacha yetkazishni;
qo‘shma korxonaning eksport imkoniyatini kengaytirish bo‘yicha ko‘riladigan chora-tadbirlar bilan birgalikda 2004-yilga borib “O‘zBAT A.J.” qo‘shma korxonasining o‘z valyuta xarajatlarini o‘zi qoplashini ta’minlashni nazarda tutadi.
Vazirlar Mahkamasining Investitsiya dasturlari departamenti Xorijiy investitsiyalar agentligi bilan birgalikda mahalliylashtirish dasturini amalga oshirishda, shu jumladan xorijiy investorlarni jalb qilishda “O‘zBAT A.J.” qo‘shma korxonasiga zarur yordam ko‘rsatsin.
2. “O‘zBAT A.J.” qo‘shma korxonasiga:
qo‘shma korxonaning xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan olib kelinadigan asbob-uskunalar, xomashyo materiallari va boshqa mahsulotlar bojxona bojlari to‘lash yuzasidan berilgan imtiyozlar;
valyuta tushumining bir qismini majburiy sotishdan ozod qilish yuzasidan berilgan imtiyozlar, qo‘shma korxonaga markazlashtirilgan valyuta resurslaridan mablag‘ ajratish tegishli miqdorga qisqartirilgan holda;
tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish obyektlarini qurish va ulardan foydalanish, shuningdek tamaki bargini qayta ishlash va fermentatsiyalash yuzasidan mutlaq huquqlar 2004-yil noyabr oyigacha uzaytirilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi hamda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining faqat “O‘zBAT A.J.” qo‘shma korxonasiga 10 yil muddatga “Izmir” tamaki bargini yetishtirish, xarid qilish, qayta ishlash va eksport qilishni tashkil etish huquqini berish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi “O‘zBAT A.J.” qo‘shma korxonasi buyurtmanomalari bo‘yicha “Izmir” tamakisini yetishtirish uchun har yili zarur lalmi yerlar ajratilishini ta’minlasin.
Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklari “Izmir” tamakisini boshqa xaridorlar tomonidan xarid qilinishini bartaraf etish ustidan nazorat o‘rnatsinlar.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi “Izmir” tamakisining ruxsatsiz olib chiqib ketilishini bartaraf etish chora-tadbirlarini ta’minlasin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari M.Z. Usmonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 15-noyabr,
496-son