Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
V.USPENSKIY NOMIDAGI RESPUBLIKA IXTISOSLASHTIRILGAN MUSIQA AKADEMIK LITSEYI FAOLIYATINI YANADA TAKOMILLASHTIRISH TOʻGʻRISIDA
Iqtidorli yoshlarni har tomonlama kamol toptirishni taʼminlash, boshlangʻich ixtisoslashtirilgan musiqa taʼlimi tizimini yanada takomillashtirish hamda shu asosda musiqa madaniyati va sanʼat sohasida yuqori mahoratli kadrlar tayyorlash sifatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi, Toshkent shahar hokimligining Respublika musiqa kollejini tugatish hamda uning binolari, inshootlari va boshqa mol-mulkini V.Uspenskiy nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyiga berish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, Xalq taʼlimi vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda tugatilayotgan Respublika musiqa kollejining binolari, inshootlari va boshqa mol-mulki belgilangan tartibda V.Uspenskiy nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyi balansiga tekin berilishini taʼminlasinlar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi bilan birgalikda 2010-yil 1-sentabrgacha Respublika musiqa kolleji oʻquvchilari kontingentini V.Uspenskiy nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyiga oʻtkazsin;
ikki hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda ushbu qaror talablarini hisobga olgan holda V.Uspenskiy nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyining xarajatlari smetasi va shtat jadvalini qayta koʻrib chiqsin va tasdiqlasin;
bir oy muddatda V.Uspenskiy nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyining yangilangan ustavini tasdiqlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi:
tugatish komissiyasi tashkil etsin va Respublika musiqa kollejini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tugatish bilan bogʻliq chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda Respublika musiqa kolleji tugatilishi munosabati bilan boʻshab qolayotgan xodimlarni belgilangan tartibda ishga joylashtirish choralarini koʻrsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi, Oʻzbekiston Davlat konservatoriyasi sifatli oʻquv-tarbiya jarayonini tashkil etishda V.Uspenskiy nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyiga tizimli asosda zarur metodik yordam koʻrsatsinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu qaror talablarini hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yilgi Davlat budjetining tasdiqlangan parametrlariga belgilangan tartibda tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.KARIMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 11-avgust,
175-son