Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ABDURAUF FITRAT TAVALLUDINING 110 YILLIGINI NIShONLASh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Atoqli adib va olim Abdurauf Abdurahim oʻgʻli Fitratning Oʻzbekiston fani va madaniyati taraqqiyotiga qoʻshgan beqiyos hissasi va kelajak avlodlarga oʻrnak boʻluvchi fuqarolik jasoratini inobatga olib hamda uning ilmiy va adabiy merosini xalqimizga toʻla yetkazish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, Madaniyat ishlari vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi va Respublika “Maʼnaviyat va maʼrifat” markazining A.Fitrat tavalludining 110 yilligini 1996-yilda mamlakatimizda keng miqyosda nishonlash haqidagi taklifi qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari S. Saidqosimov huzurida ushbu sanaga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha respublika tashkiliy qoʻmitasi tuzilsin.
Tashkiliy qoʻmita tegishli vazirliklar, hokimliklar, idoralar va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda bir oy muddatda oʻz tadbirlarini ishlab chiqsin va uni amalga oshirishga kirishsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Madaniyat ishlari vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Toshkent shahar hokimligi, Respublika “Maʼnaviyat va maʼrifat” jamoatchilik markaziga tegishli tashkilotlar bilan birgalikda:
1996-yilning oktyabr oyida OʻzFA zalida A. Fitrat yubileyi kechasini oʻtkazish;
Toshkentda A. Fitrat ijodiga bagʻishlangan ilmiy konferensiya oʻtkazish;
A. Fitratning 6 jildli asarlar toʻplamini 1996 — 1998-yillar davomida nashrga tayyorlash;
A. Fitrat hayoti va ijodi boʻyicha keng qamrovli tadqiqotlar yaratish topshirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi A. Fitratning 6 jildli asarlarini, u haqdagi xotiralar toʻplami, risolalar, plakatlarni belgilangan muddatlarda nashr etishni rejalashtirsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga A. Fitrat yubileyini keng nishonlash yuzasidan tadbirlar ishlab chiqib, amalga oshirish topshirilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi va Buxoro viloyati hokimligi mablagʻlari hisobiga, tegishli idoralar va ijodiy uyushmalar bilan birgalikda Buxoro shahrida A. Fitrat bogʻini yaratish, u yerda adibga yodgorlik oʻrnatish hamda adib yashagan hovlida uning uy-muzeyini tashkil etish topshirilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi Markaziy bank huzuridagi Maxsus ishlab chiqarish korxonasi va “Sharq” konserni bilan birgalikda A. Fitrat siymosi aks ettirilgan pochta markalari, konvertlar va otkritkalar chiqarsin.
7. Oʻzbekiston davlat kinokompaniyasi A. Fitrat hayoti va ijodi haqida hujjatli film yaratsin.
8. Oʻzbekiston davlat teleradioeshittirish kompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga A. Fitratning oʻzbek xalqi madaniyati rivojiga qoʻshgan hissasi ahamiyatini keng yoritish, uning hayoti va faoliyati haqida turkum koʻrsatuvlar, eshittirishlar va maqolalar tayyorlash hamda adib asarlari asosida tele- va videofilmlar yaratish topshirilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi A. Fitrat yubileyini oʻtkazish xarajatlarining respublika budjetidan qoplanishini nazarda tutsin.
10. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy masalalar va madaniyat, Taʼlim va fan boʻlimlariga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 22-fevral,
70-son