O‘zbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
CHAKANA NARXLAR ISLOHOTI MUNOSABATI BILAN TALABALAR VA O‘QUVCHI YOSHLAR UCHUN IMTIYOZLI UMUMIY OVQATLANISHNI JORIY ETISH HAQIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Chakana narxlar islohoti natijasida umumiy ovqatlanish qiymatining ancha oshganligi tufayli talabalar va o‘quvchi yoshlarni ijtimoiy himoya qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston SSJ hududida 1991-yil 8-apreldan boshlab oliy o‘quv yurtlari talabalarining, davlat ta’minotida bo‘lmagan o‘rta maxsus o‘quv yurtlari va hunar-texnika bilim yurtlari o‘quvchilarining oshxonalarida kunlik tushki ovqat qiymatidan 1 so‘m 50 tiyin chegirish yo‘li bilan bir martalik ovqatlanishning imtiyozli tartibi joriy etilsin.
2. O‘zbekiston SSJ Moliya vazirligi, O‘zbekiston SSJ Savdo vazirligi, O‘zbekbirlashuv, O‘zbekiston SSJ Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston SSJ Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston SSJ davlat banki uch kun muddatda jumhuriyat o‘quv yurtlarining talabalari va o‘quvchilariga imtiyozli tushki ovqat berish tartibini va taomlarning to‘la hamda imtiyozli qiymati o‘rtasidagi tafovutni qoplash shartlarini ishlab chiqsinlar. Tijorat savdosidan olinayotgan daromadlar berilayotgan imtiyozlar xarajatini qoplashning asosiy manbai deb hisoblansin.
3. Qoraqalpog‘iston MSSJ Vazirlar Kengashi, viloyat ijroiya qo‘mitalari, Toshkent shahar ijroiya qo‘mitasi, O‘zbekiston SSJ Savdo vazirligi, O‘zbekbirlashuv jumhuriyat o‘quv yurtlari talabalari va o‘quvchilariga kompleks taomlar tarzida imtiyozli ovqatlar berish uchun talabalar oshxonalariga zarur mahsulotlar ajratilishini ta’minlasinlar.
4. O‘zbekiston SSJ Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston SSJ Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston SSJ Savdo vazirligi, O‘zbekbirlashuv mazkur qarorni bajarish yuzasidan mukammal chora-tadbirlar ko‘rsinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishi yuzasidan mas’uliyat O‘zbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari — ijtimoiy rivojlanish, fan va madaniyat kompleksining rahbari o‘rtoq E.S.Samandarov zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 4-aprel,
87-son