Oʻzbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QURILIShDA DAVLAT QABULINI BEKOR QILISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi taʼkidlaydiki, qurilishda va binokorlik materiallari sanoatida Davlat qabulini joriy etish toʻgʻrisida SSJ Ittifoqi va Jumhuriyat rahbar tashkilotlari qabul qilgan qarorlar kutilgan samarani bermadi hamda ishga tushiriladigan uy-joylar va ijtimoiy-madaniy, maishiy obyektlar sifatiga sezilarli taʼsir koʻrsatmadi.
Davlat qabulining joriy qilinishi foydalanishga qabul qilingan uy-joylarga koʻchib kirish muddatlarini ham qisqartirmadi.
Jumhuriyatda qurilish sifati ustidan yagona davlat nazorati sistemasini tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston SSJ Oliy Kengashi qurilish, arxitektura, uy-joy kommunal xoʻjaligi va obodonlashtirish qoʻmitasining xulosasini hisobga olib, Oʻzbekiston SSJ xalq deputatlari guruhining Oʻzbekiston SSJdagi qurilishlarda davlat qabulini tugatish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin. Oʻzbekiston SSJ Davlat qurilish nazorati, Davlat qurilish ishlari qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston MSSJ organlari va xalq deputatlari mahalliy Sovetlarining tegishli boshqaruv organlari amalga oshirgan qurilishda sifatni nazorat qilishning ilgari mavjud boʻlgan tartibi tiklansin.
2. Oʻzbekiston SSJning qurilish vazirliklari va idoralari, jumhuriyat hududida joylashgan boshqa pudrat tashkilotlari oʻzlariga davlat korxonasi huquqi berilganligini hisobga olib, qurilish ishlab chiqarishining barcha texnologik darajalaridagi qurilish-montaj ishlarida yuksak sifatni taʼminlovchi barcha zarur, shu jumladan, iqtisodiy chora-tadbirlarni koʻrsinlar, OʻzSSJ Davlat qurilish ishlari qoʻmitasi esa Davlat qurilish nazoratining joylardagi xoʻjalik hisobidagi organlari faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirsin. Ularning ishi aniq va muntazam muvofiqlashtirib borilsin.
3. Qoraqalpogʻiston MSSJ Vazirlar Kengashi, viloyat ijroiya qoʻmitalari, Toshkent shahar ijroiya qoʻmitasi, OʻzSSJ Davlat qurilish ishlari qoʻmitasi, OʻzSSJ Davlat moddiy-texnika taʼminoti qoʻmitasi Davlat qurilish nazoratining mahalliy organlarini yuqori malakali mutaxassislar bilan toʻldirsinlar va ularning moddiy bazasini mustahkamlasinlar. Ushbu organlarni zarur nazorat asboblari va apparatlar bilan jihozlash masalalarini hal qilsinlar.
Tugatilgan davlat qabuli organlari xodimlarini ishga joylashtirish masalalari belgilangan tartibda hal qilinsin.
4. SSJI Davlat standartlar qoʻmitasining Oʻzbekiston jumhuriyat boshqarmasi SSJI Davlat standartlar qoʻmitasining 1990-yil 26-dekabrdagi koʻrsatmasiga muvofiq 1990-yil 30-dekabrdagi buyrugʻi bilan sanoatda Davlat qabuli organlarini tugatganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
5. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
SSSR Ministrlar Sovetining “Sanoatda va qurilishda Davlat qabulini qoʻshimcha joriy qilish toʻgʻrisida” 1988-yil 14-iyuldagi 858-son qarori yuzasidan Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1988-yil 24-oktabrdagi 385-son qarori;
Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1987-yil 30-sentabrdagi 474-son farmoyishi;
Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1987-yil 29-oktabrdagi 526-son farmoyishi.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 10-yanvar
4-son