Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“OʻZ-TEKSAKO” QOʻSHMA KORXONASINI TASHKIL ETISH TOʻGʻRISIDA
Yuqori sifatli motor moylari turlarini koʻpaytirish, ularni qadoqlash va idishlarga joylash boʻyicha yangi texnologik liniyalarni joriy qilish, yangi sanoat texnologiyalarini joriy etish, respublika ichki bozorini tovarlar bilan toʻldirish va mahsulotlarni eksport qilishni koʻpaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekneftgaz” milliy korporatsiyasi “Oʻzneftqaytaishlash” davlat-ishlab chiqarish birlashmasining va Amerikaning “Teksako Oversiz Xolding Inkorporeyted (Teksako)” korporatsiyasining Fargʻona shahrida ustav fondidagi ulushlari Amerika tomoniniki 6,21 mln AQSH dollarini (50,1 foizni) va Oʻzbekiston tomoniniki 6,19 mln AQSH dollarini (49,9 foizni) tashkil qiladigan, yuqori sifatli moylar ishlab chiqarish, ularni qadoqlash va idishlarga joylash boʻyicha “Oʻz-Teksako” qoʻshma korxonasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi belgilangan tartibda qoʻshma korxonaning taʼsis hujjatlarini ekspertizadan va korxonani davlat roʻyxatidan oʻtkazsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Oʻzbekneftgaz” korporatsiyasining buyurtmanomasiga binoan qoʻshma korxonaning xorijiy xodimlariga koʻp martalik kelish ruxsatnomalarining belgilangan tartibda berilishini taʼminlasin.
4. “Oʻzdavstandart” markazi qoʻshma korxona ishlab chiqaradigan mahsulotlarni Milliy sertifikatlash tizimi qoidalariga muvofiq sertifikatlashni taʼminlasin.
5. “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi qoʻshma korxona loyihasini Oʻzbekiston Respublikasining investitsiya dasturiga kiritsin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. “Oʻz-Teksako” qoʻshma korxonasiga quyidagilar berilsin:
“Oʻzneftqaytaishlash” davlat-ishlab chiqarish birlashmasi hududidagi yer uchastkasi uzoq muddatli ijara shartlari bilan. Ushbu yer uchastkasidan foydalanish huquqi qiymati oʻzbekistonlik taʼsischining qoʻshma korxona ustav fondiga ulushining bir qismi hisoblansin;
qoʻshma korxona masalalari boʻyicha ishlash uchun keladigan xorijiy mutaxassislar tomonidan yashash hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududida barcha transport turlarida yurish va chet elga borish haqini Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun nazarda tutilgan tariflar boʻyicha toʻlash huquqi;
oʻz mahsulotlarini, Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligining tilga oid talablari bajarilishini hisobga olgan holda, Teksako kompaniyalari jahon guruhining xalqaro amaliyotiga muvofiq idishlarga joylash huquqi.
7. Samarali ishlab chiqarish faoliyati uchun va tayyor moylash materiallariga bozor talablarini qondirish uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida “Oʻz-Teksako” qoʻshma korxonasiga ilovaga muvofiq huquqlar va imtiyozlar berilsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Q.J. Haqqulov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 23-dekabr,
455-son
Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 23-dekabrdagi 455-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
“Oʻz-Teksako” qoʻshma korxonasiga beriladigan huquq va imtiyozlar
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 7-iyuldagi, 133-son qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2006-y., 28-29-son, 270-modda)
2. Qoʻshma korxonaga Oʻzbekiston Respublikasi ichida va uning tashqarisida istalgan bankda istalgan valyutada schyot ochish va yuritish, shuningdek milliy va xorijiy valyutada kredit olish va toʻlash huquqi berilsin. Bunda Oʻzbekiston Respublikasi hududida hisob-kitoblar milliy valyuta soʻmida amalga oshiriladi.
3. Qoʻshma korxonaga uning Oʻzbekiston Respublikasida va tashqarisida sotadigan oʻz mahsulotlariga narxlarni mustaqil belgilash huquqi berilsin, shuningdek qoʻshma korxona uning mahsulotlariga mavjud va kelgusidagi davlat buyurtmalaridan ozod qilinsin.
4. Qoʻshma korxona oʻz ustav fondi miqdorini AQSH dollarida ifodalash huquqiga egadir.