Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi PLENUMINing
QarorI
iqtisodiy sudning xususiy ajrimi toʻgʻrisida
(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 6-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining ayrim qarorlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish hamda baʼzi qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Iqtisodiy sudlar tomonidan xususiy ajrimlarni chiqarishda qonun hujjatlarining toʻgʻri va bir xilda qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 47-moddasiga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumi qaror qiladi:
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
1. Iqtisodiy sudlarning eʼtibori Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi) 2-moddasiga muvofiq iqtisodiy sudida sud ishlarini yuritish vazifalari boʻlib nafaqat iqtisodiyot sohasida korxona, muassasa, tashkilotlar va fuqarolarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini yoxud qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish, balki qonunchilikni mustahkamlash va huquqbuzarliklarning oldini olishga koʻmaklashishdan ham iborat ekanligiga qaratilsin.
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Xususiy ajrim ushbu vazifani bajarishning protsessual vositalaridan biri va qonunni buzayotgan shaxslarga nisbatan huquqiy taʼsir chorasi hisoblanadi.
2. IPK 200-moddasining birinchi qismiga muvofiq iqtisodiy sud nizoni koʻrish vaqtida davlat organining yoki boshqa organning, yuridik shaxsning, mansabdor shaxsning yoki fuqaroning faoliyatida qonun hujjatlari buzilganligini aniqlagan taqdirda, xususiy ajrim chiqarishga haqlidir;
(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Xususiy ajrim koʻrilayotgan nizodan chetga chiqadigan masala boʻyicha chiqarilishi mumkin boʻlib, uning maqsadi qonunchilikning buzilishiga barham berish, huquqbuzarliklarning oldini olish va protsess ishtirokchilarini huquqiy tarbiyalashdir.
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
3. Taʼsir qilish usuliga koʻra, xususiy ajrimlarni ikki turga boʻlish mumkin:
1) qonun hujjatlari buzilishiga barham berish yoxud aybdorlarni javobgarlikka tortishga bevosita qaratilgan xususiy ajrimlar (bevosita taʼsir);
2) sud vakolatli davlat organlari va boshqa organlarni yoki mansabdor shaxslarni aniqlangan huquqbuzarliklar haqida xabardor etib, ularni bartaraf etish va kelgusi faoliyatida yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrish, shuningdek aybdorlarni qonun bilan belgilangan javobgarlikka tortish majburiyatini yuklash haqidagi xususiy ajrimlar (taqdimnomalar) (bilvosita taʼsir).
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
5. IPK 15-moddasining birinchi qismiga muvofiq iqtisodiy sud hal qiluv qarori, ajrim, qaror, sud buyrugʻi shaklidagi sud hujjatlarini qabul qiladi. Sudlar xususiy ajrim ajrimlarning turlaridan biri hisoblanishi hamda unga ushbu modda birinchi qismining sud hujjatlari barcha davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, boshqa organlar, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiyligi haqidagi qoida tatbiq etilishini inobatga olishlari lozim;
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Ayni vaqtda qonun hujjatlarida ishni koʻrish jarayonida aniqlangan qonun hujjatlarining buzilishi yuzasidan xabarnoma, axborotnoma yoki xat shaklidagi taʼsir choralari nazarda tutilmaganligini eʼtiborga olish lozim. Shunga muvofiq bunday hujjatlar majburiy kuchga ega emas va ularni mansabdor shaxsga yoxud organga yuborish huquqiy oqibatlarni, ularda koʻrsatilgan talablarni bajarmaslik esa — biror bir javobgarlikni keltirib chiqarmaydi.
6. Mansabdor shaxsni intizomiy javobgarlikka tortish har qanday boshqa xodim kabi Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi (bundan buyon matnda MK deb yuritiladi) XI bobining normalariga muvofiq yoki xalq xoʻjaligining baʼzi tarmoqlarida ayrim toifadagi xodimlar uchun amalda boʻlgan intizom toʻgʻrisidagi ustav va nizomlarga asosan amalga oshirilishi mumkin.
Bunda intizomiy jazolar ishga qabul qilish (lavozimga tayinlash) huquqi berilgan shaxslar (organlar) tomonidan qoʻllanilishi umumiy qoida hisoblanadi (MKning 182-moddasi).
Bundan kelib chiqqan holda iqtisodiy sud mansabdor shaxs yoxud boshqa xodimning harakatlarida oʻz mansab (mehnat) majburiyatlarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaslik holatini aniqlagan taqdirda, uni intizomiy javobgarlikka tortish haqidagi xodimni ishga qabul qilish (lavozimga tayinlash) huquqi berilgan shaxsga (organga) koʻrib chiqish uchun yuboriladigan xususiy ajrimni chiqarishga haqli.
(6-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
6.1. Shaxsni intizomiy javobgarlikka tortish haqidagi xususiy ajrimda intizomiy javobgarlikka tortiladigan shaxs aniq koʻrsatilishi lozim.
6.2. Intizomiy nojoʻya xatti-harakatning holatlarini tekshirish va aybdor shaxsni aniqlash zaruriyati boʻlganda, iqtisodiy sud tegishli organlarga mansabdor shaxsni yoki boshqa xodimni intizomiy javobgarlikka tortish haqidagi taqdimnomalarni kiritishga haqli.
(6.2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Bunday holda sud taqdimnoma yoʻllangan organning zimmasiga qonunbuzilishida aybdorni aniqlash va unga nisbatan intizomiy jazo chorasini qoʻllash majburiyatini yuklaydi.
6.3. Sodir etilgan nojoʻya xatti-harakatning qay darajada ogʻir ekanligi, xatti-harakat sodir etilgan vaziyat, xodimning oldingi ishi va xulq-atvorini hisobga olgan holda intizomiy jazoning muayyan turini tanlash ushbu mansabdor shaxs (organ)ning huquqi hisoblanganligi sababli, iqtisodiy sud xususiy ajrimda (taqdimnomada) jazo turini koʻrsatishga haqli emas.
(6.3-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
7. Zarar keltirgan mansabdor yoki boshqa shaxsning harakatlarida (harakatsizligida) jinoyat alomatlari mavjud boʻlmagan hollarda, zarar yetkazuvchi zarar yetkazilgan paytda yuridik shaxs bilan mehnat munosabatlarida boʻlgan hollarda, iqtisodiy sud aybdor shaxs hisobidan yetkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisida xususiy ajrim chiqarishga haqli.
(7-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Bunday holda zarar uni yetkazgan mansabdor yoki boshqa shaxs hisobidan MKning 201, 202, 205 va 208-moddalarida nazarda tutilgan miqdorda qoplanadi.
7.1. MK 198-moddasining birinchi qismiga muvofiq xodim ish beruvchiga bevosita yetkazilgan haqiqiy zararni qoplashi shart.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida bevosita yetkazilgan haqiqiy zarar deganda, ish beruvchining mavjud mol-mulki (shu jumladan, ish beruvchi uchinchi shaxslardan ijaraga olgan mol-mulk) amalda kamayganligi yoki yomon holatga kelganligi, shuningdek ish beruvchining ortiqcha toʻlovlar qilishi zarurati tushunilishi nazarda tutilgan.
MK 198-moddasining uchinchi qismi xodim ish beruvchiga bevosita yetkazilgan haqiqiy zarar uchun ham, ish beruvchi boshqa shaxslarga yetkazilgan zararni toʻlashi natijasida kelib chiqqan zarar uchun ham moddiy javobgar boʻlishini belgilaydi.
8. Nizoni koʻrish jarayonida mansabdor shaxs yoxud fuqaroning harakatlarida maʼmuriy huquqbuzarlik alomatlari aniqlangan taqdirda, iqtisodiy sud unga barham berish va aybdorni qonunda belgilangan javobgarlikka tortishga qaratilgan choralarni koʻradi.
(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Bunda nazarda tutish lozimki, iqtisodiy sud aniqlangan huquqbuzarlikdan kelib chiqib qaror shaklidagi bevosita taʼsir qiluvchi hujjatni yoxud qonunda belgilangan tartibda maʼmuriy javobgarlikka tortish haqidagi masalani vakolatli mansabdor shaxslarga koʻrib chiqish majburiyatini yuklaydigan xususiy ajrim shaklidagi bilvosita taʼsir qiluvchi hujjatni qoʻllashga haqli.
(8-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
8.1. Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining (bundan buyon matnda MJtK deb yuritiladi) 242, 245-1-moddalariga muvofiq iqtisodiy sudlar nizolarni hal etish chogʻida maʼmuriy huquqbuzarliklarni aniqlagan hollarda qayd etilgan Kodeks 175-moddasining uchinchi qismida, 176-1, 180 va 181-moddalarida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqadilar.
(8.1-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
8.2. MJtK 175-moddasining uchinchi qismida, 176-1-moddasida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar savdo, tadbirkorlik va moliya sohalaridagi huquqbuzarliklar hisoblanadi.
Bunday huquqbuzarliklar nizolarni koʻrishda aniqlangan hollarda, iqtisodiy sud oʻz tashabbusi bilan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrishga qabul qiladi va bu haqda sud majlisi bayonnomasiga tegishli yozuv kiritiladi.
(8.2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
MJtK 175-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik sodir etilganligi uchun maʼmuriy javobgarlikka xoʻjalik yurituvchi subyektlarning, kassa operatsiyalarini yuritish va toʻlov intizomiga rioya etilishini, shu jumladan soliq organlarining inkasso topshiriqlarining bajarilishini taʼminlash vazifalari yuklangan mansabdor shaxslari tortilishi mumkin. Bunday mansabdor shaxslarga xoʻjalik yurituvchi subyektning rahbari, bosh hisobchisi yoki ustav, mehnat shartnomasi yoxud rahbarning farmoyishi bilan ushbu vazifalarni bajarish yuklatilgan boshqa mansabdor shaxslar kiradi.
Ushbu huquqbuzarlik tarkibini, shuningdek debitorlik va kreditorlik qarzi muddatlarining oʻtkazib yuborilishiga yoʻl qoʻyish, korxonalarning hisobvaraqlarida tegishli mablagʻlar boʻlgan holda toʻlovlarni amalga oshirishning belgilangan muddatlarining buzilishi, shuningdek pul mablagʻlarini hisobdan chiqarish navbatining buzilishi tashkil etishi mumkin.
MJtK 176-1-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik sodir etilganligi uchun maʼmuriy javobgarlikka xoʻjalik yurituvchi subyektlarning toʻlov intizomiga rioya etilishini taʼminlash vazifalari yuklatilgan mansabdor shaxslari ham, tovarlar berish va xizmatlar koʻrsatish uchun masʼul boʻlgan mansabdor shaxslar ham tortilishi mumkin. Ushbu huquqbuzarlik uchun maʼmuriy javobgarlikka tortishning majburiy sharti boʻlib, xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan shartnoma majburiyatlarining lozim darajada bajarilmaslik holatining oʻzi emas, balki bunday bajarmaslik (lozim darajada bajarmaslik) oqibatida mulkiy zarar yetkazilishi hisoblanadi.
Bunda nazarda tutish kerakki, paxta xomashyosini sotib olish boʻyicha kontraktatsiya shartnomalarini bajarmaslik yoki lozim darajada bajarmaslik oqibatida xoʻjalik yurituvchi subyektga mulkiy zarar yetkazish holatlari yuzasidan MJtKning 176-1-moddasida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar MJtKning 245-2-moddasiga muvofiq adliya organlari tomonidan MJtKning 282-moddasida belgilangan tartibda tuzilgan va iqtisodiy sudiga yuborilgan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomalarga asosan iqtisodiy sudlar tomonidan koʻrib chiqiladi.
(8.2-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Ushbu moddaga koʻra bayonnoma boshqa hujjatlar va ish boʻyicha ashyoviy dalillar bilan birga huquqbuzarlik sodir etilgan yoki aniqlangan paytdan boshlab bir sutkadan kechiktirmay maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolatiga ega boʻlgan organ (mansabdor shaxs)ga yuboriladi.
8.3. MJtK 175-moddasining uchinchi qismi va 176-1-moddasida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda ushbu huquqbuzarliklar bilan boshqa shaxslarga zarar yetkazish holatlari aniqlangan hollarda sudlar MJtKning 38-moddasida belgilangan qoidalarga muvofiq aybdor tomonidan ushbu zararni qoplash masalasini koʻrib chiqishlari lozim. Bunda nazarda tutish kerakki, ushbu moddaning ikkinchi qismiga muvofiq, iqtisodiy sud boshqa organlar va mansabdor shaxslar qatorida aybdor tomonidan zararni qoplash masalasini faqat ushbu zararning miqdori belgilangan eng kam ish haqidan oshmagan boʻlsa, hal etishga haqli.
(8.3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Bunday holda aybdordan zararni undirish toʻgʻrisidagi qaror maʼmuriy javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi qarorda koʻrsatiladi.
Agar aniqnangan zarar qayd etilgan miqdordan oshsa, u MJtK 38-moddasining uchinchi qismiga muvofiq fuqarolik sud ishlarini yuritish tartibida qoplanadi, bu haqda iqtisodiy sud jabrlanuvchiga zarur tushuntirishlarni berishi mumkin.
(8.3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
8.4. MJtKning 180 va 181-moddalarida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar odil sudlovga tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklardir.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning sudga kelishdan qasddan boʻyin tovlashida, koʻrsatilgan shaxslarning raislik qiluvchi farmoyishiga boʻysunmasligida yoxud sud majlisi paytida tartibni buzishda, shuningdek sudning xususiy ajrimi boʻyicha choralar koʻrmaslikda oʻz ifodasini topgan sudga hurmatsizlikning har bir holati bevosita taʼsir qiluvchi hujjat shaklidagi sudning oʻz munosabatini bildirish predmeti boʻlishi kerak.
Bunda shaxs tomonidan MJtKning 180-moddasida nazarda tutilgan shakllarda sudga hurmatsizlik qilingan holda, ushbu holat sud majlisi bayonnomasida qayd etiladi va aybdorni maʼmuriy javobgarlikka tortish haqidagi qaror huquqbuzarlik sodir etilgan sud jarayoni bosqichida chiqariladi. Ishni keyingi koʻrilishi umumiy tartibda davom etadi.
(8.4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
8.5. MJtKning 181-moddasida nazarda tutilgan maʼmuriy javobgarlikka faqat sudning qonuniy kuchga kirgan xususiy ajrimi yuborilgan mansabdor shaxs, qachonki xususiy ajrim u tomonidan qabul qilinib, koʻrmasdan qoldirilgan (koʻrsatilgan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish choralari koʻrilmagan) yoxud unga oʻz vaqtida javob berilmagan boʻlsagina, tortilishi mumkin.
Ushbu holatlar iqtisodiy ish boʻyicha ish yuritish yakunlangandan keyin yuzaga kelishi (sudga maʼlum boʻlishi) mumkin. Bunday hollarda xususiy ajrimni chiqargan sudya (sudlov hayʼati) sud devonxonasining xususiy ajrimga qonunda belgilangan muddatda javob kelib tushmaganligi (oʻz vaqtida tushmaganligi) haqidagi maʼlumotnomasiga asosan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni ish yuritishga qabul qiladi va uni mazmunan koʻradi.
(8.5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
(8.6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Bunda sodir etilgan huquqbuzarlikning xususiyati, huquqbuzarning shaxsi, uning aybdorlik darajasi, mulkiy ahvoli, javobgarlikni yengillashtiruvchi va ogʻirlashtiruvchi holatlar toʻgʻrisidagi MJtKning 30-moddasi talablariga qatiy rioya etishga aloxida eʼtibor qaratish lozim.
8.7. Maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsga MJtKning 294-moddasida nazarda tutilgan barcha huquqlar taʼminlanishi kerak.
8.8. Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrish bayonnomasi MJtKning 308-moddasida belgilangan qoidalar boʻyicha tuziladi. MJtKning 180-moddasida nazarda tutilgan sudga hurmatsizlik qilish shaklida namoyon boʻlgan huquqbuzarlik uchun maʼmuriy javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi masalani koʻrish ushbu qoidadan mustasno hisoblanadi. Bunday holda ushbu holat sud majlisi bayonnomasida qayd etiladi va aybdorni maʼmuriy javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi qaror huquqbuzarlik sodir etilgan sud protsessi bosqichida chiqariladi.
8.9. Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qaror MJtKning 309-moddasida belgilangan qoidalar boʻyicha tuziladi.
8.10. MJtK 315-moddasining birinchi qismiga muvofiq iqtisodiy sudning maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qarori ustidan IPKda belgilangan tartibda shikoyat qilinadi.
(8.10-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Bundan kelib chiqib, iqtisodiy sudning maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qarori ustidan ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan ham, bevosita maʼmuriy javobgarlikka tortilgan jismoniy shaxs tomonidan ham shikoyat qilinishi mumkin.
(8.10-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
MJtK 315-moddasining toʻrtinchi qismi maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror xususida shikoyat bergan shaxs davlat boji toʻlashdan ozod etilishini belgilaydi.
8.11. MJtK 317-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq iqtisodiy sudning maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qarori ustidan IPKda belgilangan tartibda protest keltiriladi.
(8.11-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
8.12. Mansabdor shaxslar yoki fuqarolarning harakatlarida MJtKga binoan ishni koʻrish boshqa organlarga (mansabdor shaxslarga) yuklatilgan maʼmuriy huquqbuzarlikning belgilari aniqlangan taqdirda, iqtisodiy sud MJtKning 280-moddasiga muvofiq bunday maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzish vakolati berilgan shaxsga masalani qonunda belgilangan tartibda koʻrish majburiyatini yuklash toʻgʻrisida xususiy ajrim shaklidagi bilvosita taʼsir qiluvchi hujjatni chiqarishga haqli.
(8.12-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
8.13. Iqtisodiy sudning maʼmuriy jazo qoʻllash toʻgʻrisidagi qarorlarining ijrosi MJtKning V boʻlimiga muvofiq amalga oshiriladi.
(8.13-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
8.14. MJtKning 275-moddasida nazarda tutilgan prokuror vakolatlarini taʼminlash maqsadida iqtisodiy sud maʼmuriy javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi qarorning nusxasini u qabul qilingan kundan boshlab besh kunlik muddat ichida tegishli prokurorga yuboradi.
(8.14-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
9. IPK 200-moddasining beshinchi qismiga muvofiq, agar sud iqtisodiy nizoni koʻrayotganida shaxslarning xatti-harakatlarida jinoyat alomatlarini aniqlasa, u jinoyat ishini qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi masalani hal qilish uchun tegishli materiallarni ilova qilgan holda bu haqda prokurorga xabar qiladi.
(9-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
Sudlarga tushuntirilsinki, shaxslarning xatti-harakatlarida jinoyat alomatlarining mavjudligi haqidagi xabar xususiy ajrimda koʻrsatilishi lozim.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2013-yil 5-dekabrdagi 255-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
(9.1 — 9.8-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2013-yil 5-dekabrdagi 255-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
10. IPK xususiy ajrim chiqarilishi mumkin boʻlgan aniq paytni belgilamaydi, shuning uchun u iqtisodiy sud ishlarini yuritishning har qanday bosqichida va iqtisodiy sudning har qanday instansiyasida chiqarilishi mumkin.
(10-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Xususiy ajrim sud majlisida eʼlon qilinadi. Xususiy ajrimning sud majlisidan tashqarida chiqarilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
10.1. IPK xususiy ajrimning alohida xonada chiqarilishini talab qilmaydi, ammo zarur hollarda sud xususiy ajrim chiqarish uchun asos boʻladigan ish hujjatlari va holatlarini yanada puxta oʻrganish uchun bunday huquqdan foydalanishi mumkin.
(10.1-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
10.2. Xususiy ajrimni (qarorni) chiqarishning protsessual asosi sifatida IPKning 200-moddasi, MJtKning tegishli moddalari koʻrsatilishi lozim.
(10.2-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
10.3. Xususiy ajrim shakli va mazmuni boʻyicha IPKning 195 va 196-moddalari talablariga muvofiq boʻlishi lozim. Shu bilan birga, shaxsni maʼmuriy javobgarlikka tortish bilan bogʻliq boʻlgan xususiy ajrimlarni chiqarishda tegishli kodekslarda (MJtK) nazarda tutilgan bunday protsessual hujjatlarning shakliga nisbatan qoʻyilayotgan talablar inobatga olinishi kerak.
(10.3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Xususiy ajrimni tuzishda bayon etish usuli va asoslantirish alohida ahamiyat kasb etadi — uning ishonchliligi va taʼsirchanligi shunga bogʻliqdir.
Shaxsning huquqbuzarlik sodir etganligi holatini qatʼiy taʼkidlashga bevosita taʼsir qiluvchi sud hujjatlarida yoʻl qoʻyilishi mumkin (masalan, sudning maʼmuriy javobgarlikka tortish haqidagi qarorida). Sud tomonidan boshqa mansabdor shaxslar (organlar) oldiga xodimni intizomiy, maʼmuriy, moddiy javobgarlikka tortish masalasi qoʻyilgan hollarda shaxsning harakatlarida faqatgina nojoʻya xatti-harakat yoki huquqbuzarlik belgilari koʻringanligini taʼkidlashga yoʻl qoʻyiladi.
(10.3-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2013-yil 5-dekabrdagi 255-sonli qarori tahririda)
10.4. Xususiy ajrim nafaqat u yoʻllangan mansabdor shaxsga (organga), balki ushbu xususiy ajrim manfaatlariga taʼsir etishi mumkin boʻlgan ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ham yuboriladi.
10.5. Boshqa har qanday ajrim kabi xususiy ajrim ham qonuniy va asoslantirilgan boʻlishi lozim. Ushbu talabning buzilishi xususiy ajrimning bekor qilinishi uchun asos boʻladi.
10.6. Sudlarning eʼtibori xususiy ajrimlar va maʼmuriy javobgarlikka tortish haqidagi qarorlar shaklidagi sud hujjatlarining ijrosi ustidan nazorat qilinishi qonunchilikni mustahkamlash va sud hokimiyati obroʻsini oshirishning taʼsirchan vositasi ekanligiga qaratilsin. Bironta bunday sud hujjati koʻrilmasdan va qonunda belgilangan tartibda bajarilmasdan qolishi mumkin emas.
11. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan:
1) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 1998-yil 9-apreldagi 72-sonli qarorining 2 - 5.2, 6.2, 6.3, 6.6 - 10-bandlari;
2) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2000-yil 28-iyuldagi 86-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Toshkent sh.,
2007-yil 28-dekabr,
172-son