O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QIShLOQ XO‘JALIGIDA IQTISODIY ISLOHOTLARNI AMALGA OShIRIShDA SAMARQAND VILOYATI HOKIMLIGI IShIDAGI KAMChILIKLAR TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Samarqand viloyati hokimligining paxtachilik xo‘jaliklari negizida rasman dehqon xo‘jaliklari uyushmalariga birlashtirilgan, aslida boshqarib bo‘lmaydigan mayda, mustaqil ishlab chiqarish bo‘linmalarini tashkil etish amaliyoti qishloq xo‘jaligida o‘tkazilayotgan iqtisodiy islohotlarning mohiyati va maqsadini obro‘sizlantirish sifatida qoralansin.
Qishloqda islohotlarni amalga oshirish borasida yo‘l qo‘yilgan jiddiy kamchiliklar uchun viloyat hokimi o‘rinbosari A. Qalandarov, viloyat agrosanoat uyushmasi raisi S. Qo‘ldoshev, shuningdek Kattaqo‘rg‘on, Payariq va Paxtachi tumanlari hokimlari ishdan bo‘shatilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Qishloq xo‘jaligi vazirligi (Husanov), “O‘zmevasabzavotuzumsanoat” uyushmasi (Nosirov) va O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi (Usmonov) Samarqand viloyati qishloq xo‘jaligida islohotlarning amalga oshirilishini nazorat qilmaganligi qayd etilsin.
Respublika qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan iqtisodiy qayta o‘zgartirishlarning tashkil etilishi va samaradorligi uchun ular shaxsan javobgar ekanliklari to‘g‘risida ogohlantirilsinlar.
3. Markaziy bank va “Paxta-bank” Samarqand viloyatining tegishli banklari tomonidan dehqon xo‘jaliklariga hisob-kitob schyotlari ochilishining qonuniyligini ko‘rib chiqsinlar, ushbu ishni tartibga solish chora-tadbirlarini ko‘rsinlar, aybdorlarni javobgarlikka tortsinlar.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari qishloq xo‘jaligida mulkchilik shakllarini o‘zgartirish hamda ishlab chiqarish bo‘linmalarining yangi turlarini tashkil etish chora-tadbirlarini amalga oshirishda xo‘jaliklarning yaxlitligiga va texnologik jarayonning uzluksizligiga qat’iy rioya etilishini ta’minlasinlar.
5. Ushbu qaror Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari majlislarida muhokama qilinsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari I. Jo‘rabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 3-yanvar,
4-son