O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
XALQARO TINChLIK MADANIYATI YILIGA TAYYORGARLIK KO‘RISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2000-yilni Xalqaro tinchlik madaniyati yili deb e’lon qilganligini hamda YUNESKO Ijroiya kengashi o‘zining 1998-yil 6-noyabrda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan 155-sessiyasi yakunlovchi majlisida “Tinchlik madaniyati va YUNESKOning a’zo davlatlardagi faoliyati” Deklaratsiyasini qabul qilganligini e’tiborga olib, shuningdek Xalqaro tinchlik madaniyati yilini Toshkent Deklaratsiyasi ruhida nishonlash yuzasidan o‘tkaziladigan tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy komissiyasi tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
a) bir oy muddatda Xalqaro tinchlik madaniyati yiliga bag‘ishlangan 1999-yilgi tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin, unda jahondagi dinlarning eng nufuzli vakillari ishtirokida “Dinlar muloqoti” konferensiyasini o‘tkazishni nazarda tutsin;
b) quyidagilarga yo‘naltirilgan tadbirlarni o‘z ichiga oluvchi 2000-yilgi “Tinchlik madaniyati” milliy dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
inson huquqlarini hurmat qilishni rag‘batlantirish;
ta’limni, kadrlar tayyorlashni hamda tinchlik va zo‘ravonlik qilmaslik ruhidagi ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish;
barqaror ijtimoiy rivojlanishni, hamma uchun ijtimoiy adolatni ta’minlash;
respublikada amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlarni chuqurlashtirish;
erkaklar va ayollar tengligini ta’minlash;
kommunikatsiyalarni hamda bilimlar va axborotlarning erkin ommalashtirilishini va ulardan birgalikda foydalanishni qo‘llab-quvvatlash;
barcha xalqlar va madaniyatlar o‘rtasidagi o‘zaro bir-birini tushunishga, sabr-bardoshlilikka va birdamlikka ko‘maklashish.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari H.S. Karamatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 26-dekabr,
536-son