O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“KOR FARMSANOAT” O‘ZBEKISTON — HINDISTON QO‘SHMA KORXONASINING BARQAROR ISHLASHINI TA’MINLASH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
[Ko‘chirma]
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Ichki bozorni yuqori sifatli dori-darmon vositalari bilan to‘ldirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
“O‘zfarmsanoat” davlat-aksiyadorlik konserni ishtirokida yiliga 6,6 mln flakon infuzion eritma hamda 396 mln tabletka va kapsula tayyor dori-darmon vositalari ishlab chiqarish loyiha quvvatiga ega bo‘lgan “Kor Farmsanoat” O‘zbekiston — Hindiston qo‘shma korxonasi tashkil etilganligi;
“O‘zfarmsanoat” konserni, O‘zbekiston kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti, “Texnofarm” ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati, Hindistonning “Kor Xelsker Limited” kompaniyasi va Xalqaro moliya korporatsiyasi “Kor Farmsanoat” qo‘shma korxonasining muassislari ekanligi;
korxonaning ustav sarmoyasi 5,5 mln AQSH dollari, shu jumladan, O‘zbekiston tomoni ulushi — 1,37 mln AQSH dollari (25 foiz), Hindiston tomoni ulushi — 3,63 mln AQSH dollari (66 foiz), Xalqaro moliya korporatsiyasi ulushi — 0,5 mln AQSH dollari (9 foiz) miqdorida belgilanganligi;
“Kor Farmsanoat” qo‘shma korxonasi va Xalqaro moliya korporatsiyasi o‘rtasidagi 6,7 mln AQSH dollari miqdorida kredit berilishi to‘g‘risidagi qarz bitimiga muvofiq ajratilgan kreditning 3,35 mln AQSH dollari miqdoridagi birinchi qismi to‘liq o‘zlashtirilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin. Kredit “Kor Farmsanoat” qo‘shma korxonasining o‘z mablag‘lari hisobidan qaytariladi.
2. “Kor Farmsanoat” qo‘shma korxonasi ishlab chiqarishni tashkil etish va mahsulot ishlab chiqarish uchun olib kelinadigan moddiy-texnika resurslarining barcha turlariga, shu jumladan, asbob-uskunalarga, priborlar va mexanizmlarga, yordamchi materiallarga, dori-darmon vositalarining substansiyalariga boj va yig‘imlar to‘lashdan (bojxona rasmiylashtiruvi amalga oshirilganligi uchun boj yig‘imlaridan tashqari) 3 yil muddatga ozod qilinsin.
3. “Kor Farmsanoat” qo‘shma korxonasi loyihasi masalalari bo‘yicha ishlash uchun kelayotgan chet ellik mutaxassislarga respublika hududida yashashlari va transportning barcha turlarida yurishlari uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun nazarda tutilgan tariflar bo‘yicha haq to‘lash huquqi berilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Moliya vazirligi 1999-yil va keyingi yillar uchun prognozni shakllantirishda “Kor Farmsanoat” qo‘shma korxonasining ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun xom ashyo va materiallar import qilinishini nazarda tutsinlar.
6. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi “Kor Farmsanoat” qo‘shma korxonasining ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun asbob-uskunalar, xom ashyo va materiallar yetkazib berish yuzasidan import kontraktlarni belgilangan muddatlarda ro‘yxatdan o‘tkazsin.
7. “O‘zbekneftgaz” milliy korporatsiyasi korxonaning ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun “Kor Farmsanoat” qo‘shma korxonasiga gaz uchun limit ajratish to‘g‘risidagi masalani bir oy muddatda ko‘rib chiqsin va hal qilsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari H. Karamatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 2-noyabr,
457-son