O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QAYMOG‘I OLINMAGAN SUTNI QAYTA IShLOVChI KIChIK ZAVODLAR TAShKIL ETISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
[Ko‘chirma]
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Ilg‘or xorijiy texnologiyani o‘zlashtirish negizida sut mahsulotlari ishlab chiqarish, ularning turlarini ko‘paytirish, sifatini oshirish hamda mamlakatning ichki bozorini ular bilan to‘ldirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining Isroilning yetakchi firmalari texnologiyasi va asbob-uskunalari asosida qaymog‘i olinmagan sutni qayta ishlovchi va har xil sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kichik zavodlar tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin.
2. Nukus, Toshkent shaharlari va viloyat markazlarining shahar atrofi zonalarida qaymog‘i olinmagan sutni qayta ishlovchi 15 ta kichik zavod tashkil etish maqsadga muvofiq deb hisoblansin.
Qaymog‘i olinmagan sutni qayta ishlovchi kichik zavodlar tashkil etish loyihalari amalga oshirilishi uchun shaxsiy javobgarlik Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyat hokimlari zimmasiga yuklansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “O‘zinvestloyiha” injiniring kompaniyasi Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi, Dehqon va fermer xo‘jaliklari uyushmasi bilan birgalikda ikki hafta muddatda texnologik asbob-uskunalarni yetkazib beruvchi firmalarni tender asosida aniqlasinlar, loyihalar bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslashlarni ishlab chiqsinlar va ko‘rib chiqish uchun taqdim etsinlar.
Vazirlar Mahkamasining Investitsiya dasturlari departamenti loyihalarning taqdim etilgan texnik-iqtisodiy asoslanishlarini belgilangan tartibda tasdiqlasin.
4. O‘zbekiston banklar uyushmasining “Baraka” universal lizing kompaniyasi qaymog‘i olinmagan sutni qayta ishlovchi kichik zavodlar tashkil etish loyihalarini ro‘yobga chiqarishning muvofiqlashtiruvchisi etib belgilansin.
“Baraka” universal lizing kompaniyasi texnik-iqtisodiy asoslashlarni ekspertiza qilish va o‘tkazilgan tender natijalariga ko‘ra qaymog‘i olinmagan sutni qayta ishlash bo‘yicha texnologik asbob-uskunalar yetkazib berishga Isroil firmalari bilan o‘n kun muddatda kontraktlar tuzsin, bunda kontraktlar shartlarida servis xizmati ko‘rsatilishini va kadrlar o‘qitilishini nazarda tutsin hamda yetkazib berilgan asbob-uskunalarni lizing asosida lizingni oluvchilarga bersin.
5. Belgilansinki, kichik zavodlar tashkil etish loyihalarini mablag‘ bilan ta’minlash:
“Biznes-fond” va Dehqon va fermer xo‘jaliklari uyushmasining ulushli qatnashishi va qurilish-montaj va ishga tushirish-sozlash ishlarini tugallash, ishlab chiqarish oldi xarajatlariga haq to‘lash va aylanma mablag‘larni shakllantirish uchun lizing oluvchilarga beriladigan milliy valyutadagi kreditlari hisobiga;
Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki, Isroil banklarining Isroilning “Iftrik” sug‘urta agentligi qoplamasi ostidagi kredit liniyalari va boshqa kredit liniyalari hisobiga O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan qaymog‘i olinmagan sutni qayta ishlash bo‘yicha texnologik asbob-uskunalar yetkazib berish yuzasidan kontraktlarga haq to‘lash uchun “Baraka” universal lizing kompaniyasiga erkin muomaladagi valyutada beriladigan kreditlari hisobiga amalga oshiriladi.
6. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, ko‘rsatib o‘tilgan kreditlarni qaytarish qaymog‘i olinmagan sutni qayta ishlash bo‘yicha kichik zavodlar lizing oluvchilarining “Baraka” universal lizing kompaniyasiga qaytariladigan lizing to‘lovlari sifatida to‘lanadigan so‘m tushumi hisobiga, keyinchalik ko‘rsatib o‘tilgan mablag‘lar respublika valyuta birjasida konvertatsiya qilingan holda amalga oshiriladi.
7. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki loyihalar o‘zini qoplashi va kreditlar qaytarilishi tasdiqlangan taqdirda belgilangan tartibda kredit bitimlari tuzsin va mablag‘larni qaymog‘i olinmagan sutni qayta ishlash bo‘yicha texnologik asbob-uskunalar sotib olish va o‘rnatish uchun “Baraka” universal lizing kompaniyasiga qayta moliyalasin.
8. Moliya vaziriga O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Isroilning “Iftrik” sug‘urta agentligi qoplamasi ostida Isroil banklari tomonidan mablag‘ bilan ta’minlanayotgan loyihalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki majburiyatlari va O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga “Baraka” universal lizing kompaniyasi majburiyatlari yuzasidan kafolatlarni imzolash vakolati berilsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi kafolatlari bo‘yicha Isroil banklari bilan tuzilgan banklararo bitimlarga ilovalarda belgilangan shakl bo‘yicha yuridik xulosa bersin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi qaymog‘i olinmagan sutni qayta ishlash bo‘yicha texnologik asbob-uskunalar yetkazib berish yuzasidan kontraktlar tuzilgandan keyin bir hafta muddatda ularni ekspertizadan va ro‘yxatdan o‘tkazsin.
11. Isroilning “Agridev” kompaniyasi tomonidan mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha seminarlar va ularning malakasini oshirish kurslari muntazam tashkil etilishi, ishlab chiqarish texnologiyasiga rioya etilishi ustidan nazorat qilinishi, asbob-uskunalarga texnika xizmati ko‘rsatilishi va tayyor mahsulot bozori monitoringi o‘tkazilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
12. “O‘zgo‘shtsutsanoat” uyushmasiga kichik sut zavodlarini “Marmaks” qo‘shma korxonasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan o‘rash-joylash materiallari bilan barqaror ta’minlash topshirilsin.
14. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari I.H. Jo‘rabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 10-oktabr,
434-son