O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
1997-YILNING BIRINChI YaRIM YILLIGIDA IJTIMOIY-IQTISODIY RIVOJLANTIRISh YAKUNLARI VA IQTISODIY ISLOHOTLARNING BORIShINI BAHOLASh TO‘G‘RISIDA
[Ko‘chirma]
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, respublikada iqtisodiyotning barcha sohalarini qayta tuzish va tarkibiy o‘zgartirish ustuvor vazifalari va yo‘nalishlarini amalga oshirishga qaratilgan iqtisodiy islohotlar yo‘lini izchil amalga oshirish davom etmoqda.
Islohotlarning butun davri mobaynida birinchi marta yalpi ichki mahsulot hajmining o‘sishi aholi o‘sishi sur’atlaridan ortiq bo‘ldi va 103,9 foizni tashkil etdi. Sanoat ishlab chiqarishi (105,4 %), qishloq xo‘jaligi (122,8 %), transport xizmatlari (101,8 %), qurilish pudrat ishlari (101 %), chakana tovar oboroti (113,5 %), aholiga pulli xizmatlar ko‘rsatish (118,1 %) hajmlari ko‘paydi. Yalpi tashqi savdo oboroti 13,8 foizga, xalq xo‘jaligiga investitsiyalar qo‘yish 15 foizga, shu jumladan xorijiy investitsiyalar qo‘yish 23 foizga o‘sdi.
Inflatsiya sur’atlari va naqd pul emissiyasi miqdorlari pasayishiga erishildi. Yig‘ma budjet taqchilligi belgilangan parametrlardan oshmadi. Aholini ish bilan ta’minlash va uning real daromadlari o‘sishi ta’minlandi.
Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayoni davom etmoqda. Fond bozoridagi faoliyat faollashdi.
Shu bilan birga davlat tasarrufidan chiqarishning yuqori sur’atlari ko‘pincha real mulkdorlar paydo bo‘lishiga, korxona hamda tashkilotlar moliya-xo‘jalik faoliyatining yaxshilanishiga olib kelmayapti.
Korxona va xo‘jalik birlashmalarining rahbarlari o‘z aylanma mablag‘lari saqlanishiga va to‘ldirilishiga yetarli e’tibor berishmayapti. “O‘zeltexsanoat”, “O‘zavtosanoat”, “O‘zqishloqxo‘jalikmash-xolding”, “O‘zmashsanoat”, “O‘zkimyosanoat” korxonalarida tayyor mahsulotning ko‘plab zaxiralari to‘planib qolgan.
Debitor qarzdorlikning, shu jumladan to‘lov muddati o‘tkazib yuborilgan debitor qarzdorlikning eng ko‘p summasi O‘zbekneftgaz korporatsiyasiga, Kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, “O‘zkimyosanoat” uyushmasi, “O‘zqishloqxo‘jalikta’minottuzatish” davlat-kooperativ qo‘mitasi, “O‘zsanoatxo‘jalikqurilish” korporatsiyasi, “O‘zqurilishmateriallari” kompaniyasiga to‘g‘ri keladi.
“O‘zkimyosanoat”, “O‘zmashsanoat” uyushmalari, “O‘zmetkombinat” aksiyadorlik-ishlab chiqarish birlashmasi, O‘zbekbirlashuv tomonidan mahsulot eksporti bo‘yicha topshiriqlar qoniqarsiz bajarilmoqda.
Iqtisodiyotni isloh qilishning 1997-yil uchun belgilangan ustuvor vazifalari va yo‘nalishlarining, respublikani iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish parametrlarining so‘zsiz bajarilishini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi huzuridagi Qimmatli qog‘ozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi bir oy muddatda xususiylashtirilgan korxonalar aksiyalari paketlarini taqsimlash ishlarining ahvolini tekshirib chiqsin va ularni tartibga solish hamda amaldagi qonunchilikka muvofiqlashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga aniq takliflar taqdim etsin.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga aksiyalarning davlat ulushlari bo‘yicha dividendlar hisoblab qo‘shilishi va ulardan foydalanish ustidan nazoratni tashkil etish yuklansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi:
aksiyalarda davlat ulushi bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlarini, ayniqsa aksiyalarning nazorat paketi davlat tomonida saqlanib qolgan aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarish samaradorligini oshirishga ko‘maklashuvchi chora-tadbirlar to‘g‘risidagi takliflarni ikki hafta muddatda kiritsin;
“Davlatga tegishli aksiyalarni birjadan tashqari savdoda sotish tartibi”ni o‘n kun muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin, bunda ularni yuridik shaxslarga faqat tender asosida, jismoniy shaxslarga esa — fond do‘konlari orqali sotishni tashkil etishni nazarda tutsin;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Mehnat vazirligi, Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi, Markaziy banki va tijorat banklari bilan birgalikda budjetdan tashqari fondlar kredit resurslari samaradorligini oshirish va ulardan maqsadli foydalanish maqsadida kichik va o‘rta biznes korxonalariga ularda tegishli fondlarning kredit liniyalarini ochish vositasi bilan faqat tijorat banklari orqali kredit berish to‘g‘risida takliflar kiritsin.
3. Eksport imkoniyatini rivojlantirishni rag‘batlantirish respublika Kengashi O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasini, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralarni jalb etgan holda ikki hafta muddatda:
o‘rnatilmagan import asbob-uskunalarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazsin va valyuta mablag‘lari sochilib ketishiga yo‘l qo‘ygan aybdor shaxslarga nisbatan eng qattiq choralar ko‘rsin;
yil oxirigacha eksport tushumlarining import bo‘yicha xarajatlar bilan mutanosibligini ta’minlash bo‘yicha takliflarni ishlab chiqsin va kiritsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi:
O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Moliya vazirligi bilan birgalikda eksportni rag‘batlantirish va savdo balansining ahvolini yaxshilash, tashqi savdo rejimini takomillashtirish maqsadida o‘n kun muddatda eksport va import boj poshlinalarini o‘zgartirish, kontraktlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini soddalashtirish to‘g‘risida taklif kiritsin;
O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Adliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning faoliyatini tahlil qilsin va ular tomonidan amalga oshirilayotgan eksport-import operatsiyalarining mutanosibligi, ishlab chiqarilayotgan mahsulotning eksportga yetkazib berilishini rag‘batlantirish bo‘yicha takliflar kiritsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Moliya vazirligi va tijorat banklari bilan birgalikda bir oy muddatda valyuta tushumining bir qismini majburiy sotish bo‘yicha to‘lov muddati o‘tkazib yuborilgan qarzlarni aniqlash uchun ilgari tuzilgan barcha eksport kontraktlarini qayta ro‘yxatdan o‘tkazsin hamda ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar kiritsin.
7. Vazirlar Mahkamasining Tashqi iqtisodiy faoliyatini muvofiqlashtirish departamenti, O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi, Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi ikki hafta muddatda kichik, o‘rta biznesni rivojlantirish uchun ekspertizadan o‘tkazish va kreditlar olish jarayoniga to‘siq bo‘layotgan sabablarni tahlil qilsinlar hamda tadbirkorlik tuzilmalarini rivojlantirish uchun ajratilgan mablag‘larning faol jalb etilishini ta’minlash yuzasidan takliflar tayyorlasinlar.
8. Vazirlar Mahkamasining Agrosanoat kompleksi, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Davlat mulki qo‘mitasi, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ikki hafta muddatda qishloq xo‘jaligida islohotlarning borishi to‘g‘risidagi masalani o‘rganib chiqsinlar va Vazirlar Mahkamasi majlisida ko‘rib chiqish uchun kiritsinlar, bunda xususiylashtirish jarayonlarining ahvoliga, shu jumladan mulkiy paylar joriy etilishiga, shartnoma intizomiga rioya qilinishiga va o‘zaro hisob-kitoblar ta’minlanishiga alohida e’tibor bersinlar.
9. O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy banki, Davarxitektqurilish vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘n kun muddatda:
qurilish-montaj ishlarining qimmatlashishi, markazlashtirilgan kapital qo‘yilmalarning ortiqcha sarflanishi sabablarini o‘rganib chiqsinlar va ajratilayotgan mablag‘lardan belgilangan maqsadda foydalanilishini ta’minlash bo‘yicha takliflar kiritsinlar;
pudrat ishlarining haqiqiy bajarilgan hajmlari va o‘zlashtirilgan kapital qo‘yilmalar miqdorlaridan kelib chiqqan holda 1997-yilning ikkinchi yarim yilligi uchun Respublika investitsiya dasturiga tuzatishlar kiritsinlar, ularni mablag‘ bilan ta’minlashning aniq manbalari bilan bog‘lasinlar.
10. Vazirlar Mahkamasining industriyani rivojlantirish va kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha komplekslari O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi,uyushmalar, konsernlar, korporatsiyalar, kompaniyalar va korxonalar bilan birgalikda mashinasozlik, elektrtexnika, kimyo sanoati, temir yo‘l, aviatsiya va avtomobil transporti korxonalarini boshqarish tuzilmasi samaradorligini puxta tahlil qilsinlar va ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritsinlar.
11. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda:
don ekinlari hosilini o‘rib-yig‘ib olish yakunlariga ko‘ra xo‘jaliklarning ish natijalarini puxta tahlil qilsin va don ekinlarini qulay yerlarda joylashtirish maqsadida ularning maydonlari tuzilmasini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritsin;
sug‘orish suvlardan foydalanish ustidan qattiq nazorat o‘rnatsin hamda belgilangan limitlardan ortiqcha va samarasiz foydalanganlik uchun qattiq javobgarlik choralarini belgilansin;
“O‘zqishloqxo‘jalikta’minottuzatish” davlat-kooperativ qo‘mitasi bilan birgalikda paxta yig‘im-terim texnikasining o‘z vaqtida ta’mirlanishini ta’minlasin va 1997-yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumiga tayyorgarlik bilan bog‘liq boshqa barcha masalalarini hal etsin.
12. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
qishloq ijtimoiy infrastrukturasi obyektlarini ishga tushirish bo‘yicha topshiriqlar bajarilishi yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlarni belgilasinlar, bunda qishloq umumiy ta’lim maktablari qurish va ularni o‘quv mavsumiga tayyorlashga, qishloqda suv ta’minotini rivojlantirishga, qishloq davolash punktlari tashkil etishga doir ishlarning ahvoliga alohida e’tibor bersinlar;
shaharlar, tumanlar, korxonalar, sog‘liqni saqlash, xalq ta’limi, madaniyat muassasalarini, bug‘ qozonlari va muhandislik inshootlarini 1997/98 yilning kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni shu yil 1-oktabrgacha tugallasinlar. Obyektlarni qish sharoitida ishlashga tayyorlash bo‘yicha tadbirlar barbod bo‘lishida aybdor bo‘lgan shaxslarga nisbatan ta’sir ko‘rsatishning qattiq choralarini ko‘rsinlar.
13. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar, jamoat tashkilotlari bilan birgalikda 1997-yilning uchinchi choragi mobaynida tibbiy-ijtimoiy yordamning davlat standartlarini ishlab chiqsin va ko‘rib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
14. Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy kompleksi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Davlat mulki qo‘mitasi, Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi bilan birgalikda ikki hafta muddatda kichik va xususiy tadbirkorlik tuzilmalari boshqaruv kadrlarini, ma’murlari va tashkilotchilarini tayyorlash va o‘qitish bo‘yicha maxsus bo‘limni ishlab chiqsinlar hamda Kadrlar tayyorlash milliy dasturiga kiritsinlar.
15. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari — tegishli komplekslar rahbarlari, Vazirlar Mahkamasining Axborot-tahlil boshqarmasi zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 1-avgust,
386-son