O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
Qarori
SUDLAR TOMONIDAN AMNISTIYA AKTLARINI QO‘LLASHNING AYRIM MASALALARI TO‘G‘RISIDA
[Ko‘chirma]
Sud amaliyotini o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, jinoyat ishlarini ko‘rishda sudlar tomonidan jinoyat, jinoyat-protsessual, boshqa qonunchilikning amnistiya aktini qo‘llash shartlari va tartibiga doir normalari asosan to‘g‘ri qo‘llanilmoqda.
Shu bilan birga, amnistiya aktlarining ayrim bandlarini muayyan ishlar bo‘yicha qo‘llashda sudlar ba’zi qiyinchilikka uchrayotganligi bu masalada qo‘shimcha tushuntirish berilishini taqozo etmoqda.
Yuqoridagilarga ko‘ra, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 17-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, amnistiya akti ma’muriy huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etgan muayyan toifa shaxslarga nisbatan davlat tomonidan ko‘rsatiladigan insonparvarlik ifodasi bo‘lib, bundan ko‘zlangan maqsad mazkur shaxslarga nisbatan ma’muriy yoki jinoyat-huquqiy ta’sir choralari qo‘llamagan holda ularning axloqan tuzalishi uchun imkoniyat berish yoxud bunday choralar qo‘llanilgan shaxslar holatini yengillashtirishdir.
2. Amnistiya akti ma’muriy va jinoyat qonuni normalaridan farq qilib, amal qilish davrida sodir etilgan qilmishga nisbatan emas, balki kuchga kirgunga qadar sodir etilgan qilmishga nisbatan qo‘llaniladi.
Amnistiya akti O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilayotgan (tortilgan) shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Jinoyat kodeksi 68, 76 va 79-moddalariga muvofiq, amnistiya akti qo‘llanilishi natijasida quyidagi huquqiy oqibatlar kelib chiqishi mumkin:
shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi;
mahkum asosiy va ijro etilmagan qo‘shimcha jazodan ozod etilishi;
mahkumga tayinlangan asosiy va ijro etilmagan qo‘shimcha jazoning qisqartirilishi (kamaytirilishi);
mahkum jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etilishi;
mahkumga tayinlangan jazoning o‘talmagan qismi yengilrog‘i bilan almashtirilishi;
jinoyat sodir etgan shaxsdan sudlanganlik muddatidan ilgari olib tashlanishi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 27-dekabrdagi 29-sonli qarori tahririda)
4. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, amnistiya akti yuridik mohiyatiga ko‘ra, nomuayyan shaxslar doirasiga qaratilgan hujjat bo‘lsa-da, biroq uni qo‘llash to‘g‘risidagi qaror har bir shaxsga nisbatan alohida qabul qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Jinoyat-protsessual qonuniga muvofiq amnistiya aktini qo‘llash masalasi, jinoyat protsessi bosqichidan qat’iy nazar, faqat sud tomonidan hal etiladi.
Sudga, jumladan, quyidagilarni ko‘rib chiqish tegishlidir:
ishni sudga qadar yuritish bosqichida — amnistiya aktiga asosan muayyan shaxsga nisbatan jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish yoki gumon qilinuvchi, ayblanuvchiga nisbatan jinoyat ishini tugatish to‘g‘risidagi prokuror iltimosnomasini;
Oldingi tahrirga qarang.
dastlabki eshituv bosqichida — taraflarning jinoyat ishi bo‘yicha ish yuritishni tugatish to‘g‘risidagi iltimosnomasini;
(5-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
sud muhokamasi bosqichida — amnistiya aktiga asosan sudlanuvchiga nisbatan jinoyat ishini tugatish yoki jazo tayinlamasdan ayblov hukmi chiqarish yoxud mahkumni jazodan ozod qilish yoinki muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etish, jazoni qisqartirish (kamaytirish) to‘g‘risidagi masalani.
hukmni ijro etish bosqichida — amnistiya aktiga asosan mahkumni jazodan ozod qilish yoki muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish yoxud jazoni qisqartirish (kamaytirish) to‘g‘risidagi prokuror iltimosnomasini.
(5-bandning to‘rtinchi va beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 27-dekabrdagi 29-sonli qarori tahririda)
6. Amnistiya aktini qo‘llash har doim jinoyat sodir etgan shaxsning huquqiy holati bilan bog‘liq bo‘lishi tufayli, sudlar har bir holda u qonunga ko‘ra sudlangan yoki sudlanmagan hisoblanishini aniqlashlari shart.
Jinoyat kodeksi 77-moddasiga muvofiq, agar ayblov hukmi chiqarilgan va unda shaxsga nisbatan jazo tayinlangan bo‘lsa, shaxs sudlangan hisoblanadi. Biroq qonunga ko‘ra, shaxsga nisbatan jazo tayinlangan hollarda ham, agar sud JK 69-71-moddalariga asosan, shuningdek amnistiya aktini qo‘llagan holda hukmda uni ushbu jazoni o‘tashdan ozod qilish to‘g‘risida qaror qilgan bo‘lsa, shaxs sudlanmagan hisoblanadi.
Shaxsga nisbatan amnistiya aktiga asosan jazo tayinlanmasdan ayblov hukmi chiqarilgan holda ham u sudlanmagan hisoblanadi.
7. Qonunga ko‘ra, sudlanganlik holati tugallangan yoki olib tashlangan paytdan boshlab u bilan bog‘liq bo‘lgan barcha huquqiy oqibatlar barham topadi. Shuning uchun ham amnistiya aktini qo‘llash chog‘ida qonunda belgilangan tartibda tugallangan yoki olib tashlangan sudlanganlik inobatga olinishi mumkin emas.
Biroq shuni nazarda tutish lozimki, jinoyat qonuni o‘zgarishi natijasida jinoyat hisoblanmay qolgan (JK 13-moddasi ikkinchi qismi) qilmish uchun sudlangan shaxs ushbu sudlanganlik uchun belgilangan tugallanish yoki olib tashlanish muddatlari o‘tgan-o‘tmaganligidan qat’i nazar, sudlanmagan hisoblanadi.
8. Agar amnistiya aktida yoki uni qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi Nizomda boshqacha holat nazarda tutilgan bo‘lmasa, amnistiya akti muqaddam amnistiya aktiga muvofiq jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi rad etilgan yoki amnistiya aktiga asosan jinoiy javobgarlikdan yoxud jazodan ozod etilgan va amnistiya akti qo‘llanilgandan so‘ng qasddan yangi jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Jinoyat kodeksi Umumiy qismi normalariga muvofiq, amnistiya akti shaxs muqaddam amnistiya aktiga asosan jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod etilgan-etilmaganligidan qat’i nazar, quyidagi hollarda qo‘llanilishi mumkin, agar:
jinoyat qonuni o‘zgarishi natijasida shaxs muqaddam jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod etilgan qilmish jinoyat deb hisoblanmay qolgan bo‘lsa;
amnistiya akti qo‘llanilgan paytdan boshlab shaxs amnistiya aktiga asosan jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod etilgan jinoyat uchun qonunda belgilangan jinoiy javobgarlikka tortish muddatlariga teng vaqt o‘tgan bo‘lsa (agar amnistiya aktida boshqacha holat nazarda tutilgan bo‘lmasa);
shaxs muqaddam boshqa davlat (shu jumladan, sobiq SSSR)ning amnistiya aktiga asosan jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod etilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida va amnistiya aktida boshqa holat nazarda tutilmagan bo‘lsa.
Jinoyat-protsessual kodeksi 23-moddasining uchinchi qismiga muvofiq, agar tekshirish natijalari bo‘yicha shaxsga nisbatan o‘tmishda amnistiya akti qo‘llanilganligi to‘g‘risida ma’lumot to‘plash imkoni bo‘lmasa, amnistiya akti qo‘llanilishi shart.
9. Davomli va uzoqqa cho‘zilgan jinoyatlarga xos xususiyat jinoiy harakat (harakatsizlik)ning uzoq vaqt mobaynida sodir etilishi bo‘lib, bunday jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan amnistiya aktini qo‘llashda jinoyat boshlangan va tugallangan vaqt aniqlanishi zarur.
Davomli jinoyatning boshlanishi deb umumiy qasd bilan qamrab olingan bir necha bir-biriga aynan o‘xshash harakatlardan birinchisi sodir etilgan payt, tugashi deb oxirgi jinoiy harakat sodir etilgan payt hisoblanishi kerak.
Uzoqqa cho‘zilgan jinoyat jinoiy harakat (harakatsizlik) boshlangan paytdan boshlanib, aybdorning jinoyatni tugatishga qaratilgan harakati yoki jinoyat sodir etilishiga to‘sqinlik qilgan voqea boshlangan paytda tugaydi.
Davomli va uzoqqa cho‘zilgan jinoyatlar sodir etgan shaxslarga nisbatan amnistiya akti, faqat bu jinoyatlar amnistiya akti kuchga kirgunga qadar tamomlangan bo‘lsa, qo‘llaniladi.
Oldingi tahrirga qarang.
12. Agar shaxsning harakatlari bir xil huquqiy oqibat tug‘diruvchi, ya’ni shaxsni faqat jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod etishni yoxud jazo qo‘llanilishi istisno etilishini nazarda tutuvchi bir necha amnistiya akti ta’siri doirasiga tushsa, sud shaxs sodir etgan oxirgi jinoyatdan keyin kuchga kirgan amnistiya aktini qo‘llashi kerak. Biroq, agar amnistiya aktlarida faqat jazo muddatlari kamaytirilishi nazarda tutilgan bo‘lsa, barcha amnistiya aktlari xronologik ketma-ketlikda qo‘llanilishi lozim.
(12-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2010-yil 14-maydagi 6-sonli qarori tahririda)
Shaxsning harakatlari turlicha huquqiy oqibat tug‘diruvchi, ya’ni ayrimlari shaxsni jinoiy javobgarlikdan, boshqalari esa jazodan ozod etishni yoki jazo muddatlari kamaytirilishini nazarda tutuvchi bir necha amnistiya akti ta’siri doirasiga tushgan hollarda shaxsning ahvolini ko‘proq yaxshilaydigan amnistiya akti qo‘llanilishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
13. Ishni sudga qadar yuritish bosqichida amnistiya aktini qo‘llash uchun asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda surishtiruvchi, tergovchi amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish yoki jinoyat ishini tugatish to‘g‘risida sudga iltimosnoma kiritish to‘g‘risida JPK 587-moddasiga muvofiq prokurorga taqdimnoma bilan murojaat qiladi.
Qonun bunday taqdimnomaga amnistiya aktini qo‘llash masalasi qo‘yilayotgan shaxs arizasi ham ilova qilinishini talab etishi tufayli, surishtiruvchi, tergovchi dastlab unga ariza berish huquqi va kelib chiqishi mumkin bo‘lgan protsessual oqibatlarni tushuntirishi shart bo‘lib, bu haqda bayonnoma tuziladi.
14. Prokuror surishtiruvchi, tergovchining taqdimnomasiga rozi bo‘lgan taqdirda, amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish yoki jinoyat ishini tugatish to‘g‘risida sudga iltimosnoma kiritadi va u sud tomonidan JPK 63-bobida nazarda tutilgan tartib va qoidalarga binoan ko‘rib chiqiladi.
Iltimosnoma kiritish uchun asoslar bo‘lmagan taqdirda, prokuror tergovga qadar o‘tkazilgan materiallarni yoki jinoyat ishini umumiy asoslarda yuritish uchun surishtiruvchiga, tergovchiga qaytarish to‘g‘risida asoslantirilgan qaror chiqaradi.
Agar amnistiya aktini qo‘llash uchun asoslar mavjud emasligi sud majlisi davomida aniqlansa, tergovga qadar o‘tkazilgan materiallar yoki jinoyat ishi sud ajrimi bilan prokurorga yuboriladi.
(13 va 14-bandlar O‘zbekicton Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2010-yil 14-maydagi 6-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
15. Agar shaxs ishni sudga qadar yuritish bosqichida qandaydir sababga ko‘ra ariza berishdan (JPK 588-moddasi) bosh tortsa va bunday ariza bilan ish sudga ayblov dalolatnomasi yoki ayblov xulosasi bilan kelib tushgandan so‘ng murojaat etsa, amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini tugatish masalasi sud tomonidan JPK 84-moddasining ikkinchi qismi, 40510 yoki 421-moddalariga muvofiq hal etiladi. Mazkur masala amnistiya akti ish ayblov dalolatnomasi yoki ayblov xulosasi bilan sudga kelib tushgandan keyin qabul qilingan hollarda ham shu tariqa hal etiladi.
(15-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Agar ayblanuvchi, sudlanuvchi (u vafot etgan holda — yaqin qarindoshlaridan biri) e’tiroz bildirsa, jinoyat ishini amnistiya aktiga muvofiq tugatishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bunday holda jinoyat ishini yuritish umumiy tartibda olib boriladi va yetarli asoslar mavjud bo‘lganda, sud aybdorni jazodan ozod qilishni nazarda tutuvchi yoki jazo tayinlamagan holda ayblov hukmi (JPK 463-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlari) yoxud oqlov hukmi chiqaradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Jazodan ozod qilishni, muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilishni, jazoni yengilroq jazo bilan almashtirish yoki qisqartirish (kamaytirish)ni nazarda tutuvchi amnistiya aktini qo‘llash uchun sudlanuvchi(mahkum)ning roziligi talab etilmaydi.
(15-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 27-dekabrdagi 29-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Shuni nazarda tutish lozimki, ishni sudga qadar yuritish bosqichida, birinchi instansiya sudida dastlabki eshituv yoki muhokama chog‘ida (sud maslahatxonaga kirgunga qadar) amnistiya aktini qo‘llash masalasini hal etish uchun gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi o‘z aybini bo‘yniga olgan-olmaganligi ahamiyat kasb etmaydi.
(15-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
16. Qonunga ko‘ra amnistiya aktini qo‘llash uchun jabrlanuvchining roziligi talab etilmaydi. Surishtiruvchi, tergovchi taqdimnomasi, prokurorning iltimosnomasi, sudning amnistiya aktini qo‘llash to‘g‘risidagi qaroridan norozi bo‘lgan jabrlanuvchi ular ustidan umumiy asoslarda shikoyat berishi mumkin.
(16-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2010-yil 14-maydagi 6-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
17. Amnistiya akti qo‘llanilishiga e’tiroz bildirgan shaxs tomonidan ayblov hukmi chiqarilgandan so‘ng jinoyat ishini amnistiya aktiga muvofiq tugatish to‘g‘risida ariza berilishi, agar hukmni bekor qilish uchun boshqa asoslar bo‘lmasa, uning apellyatsiya, kassatsiya, taftish tartibida bekor qilinishiga olib kelmaydi.
Birinchi instansiya sudida amnistiya aktiga asosan jinoyat ishi tugatilishiga rozilik bergan shaxsning ishni ayb mazmuni bo‘yicha ko‘rib chiqishni talab etgan shikoyati ham sud qarorining bekor qilinishiga, agar buning uchun boshqa asoslar bo‘lmasa, sabab bo‘lmaydi.
(17-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
18. Shuni nazarda tutish lozimki, o‘ziga nisbatan amnistiya aktini qo‘llash to‘g‘risidagi masala qo‘yilgan shaxs, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining unga nisbatan amnistiya aktini qo‘llash chog‘ida ishtiroki masalasi sud tomonidan JPK 410-moddasi, 590-moddasining to‘rtinchi va beshinchi qismlariga muvofiq hal etiladi.
(18-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
19. Agar birinchi instansiya sudi sudlanuvchining e’tirozi bo‘lmagan holda shaxsni javobgarlikdan ozod qilishni nazarda tutuvchi amnistiya aktiga xilof ravishda ayblov hukmi chiqargan bo‘lsa, garchi unda mahkumni jazodan ozod qilish nazarda tutilgan yoki jazo tayinlanmagan bo‘lsa-da, bekor qilinib, ish JPK 84-moddasi birinchi qismining 2-bandiga asosan tugatilishi shart.
(19-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
20. Jinoyat ishining amnistiya aktiga asosan tugatilishi jinoyat natijasida yetkazilgan mulkiy ziyonni qoplash to‘g‘risidagi masalaning jinoyat protsessida hal etilishi imkoniyatini istisno etadi.
Jinoyat ishida fuqaroviy da’vo mavjud bo‘lganda sud amnistiya akti asosida jinoyat ishini tugatish to‘g‘risidagi ajrimda da’vo ko‘rilmasdan qoldirilganligini ko‘rsatadi. Ayni paytda, JPK 276-moddasi beshinchi qismiga muvofiq, manfaatdor shaxslarga bunday da’voni fuqarolik sudida ishlarni yuritish tartibida taqdim etish huquqi tushuntiriladi.
(20-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2010-yil 14-maydagi 6-sonli qarori tahririda)
21. Jinoyat kodeksining 76-moddasi, JPK 463-moddasi ikkinchi va uchinchi qismlari birinchi bandlariga asosan sud:
Oldingi tahrirga qarang.
agar amnistiya akti yoki uni qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi Nizomda ushbu hukm bo‘yicha tayinlangan jazodan ozod qilishni nazarda tutsa — shaxsni jazodan ozod qilib;
(21-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2007-yil 3-apreldagi 2-sonli qarori tahririda)
agar amnistiya akti jazo tayinlanishini istisno etsa — jazo tayinlamasdan, ayblov hukmi chiqaradi.
Agar amnistiya aktida yoki uni qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi Nizomda shaxs qaysi jazo turidan (asosiy yoki qo‘shimcha) ozod qilinishi aniq ko‘rsatilmagan bo‘lsa, sud uni ham asosiy, ham qo‘shimcha jazodan ozod qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Agar amnistiya aktida boshqacha holat nazarda tutilgan bo‘lmasa, shaxsga nisbatan takroran amnistiya akti qo‘llanilgan paytda ham shunday qoidaga amal qilish lozim.
(21-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2010-yil 14-maydagi 6-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
22. Amnistiya akti qo‘llanilishi mumkinligi to‘g‘risidagi sud xulosasi jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish yoki jinoyat ishini tugatish to‘g‘risida ajrimning, shuningdek hukmning tavsif qismida, uni qo‘llash to‘g‘risidagi qarori - qaror qismida bayon etiladi.
(22-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2010-yil 14-maydagi 6-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
23. Birinchi, apellyatsiya, kassatsiya, taftish instansiyasi sudi tomonidan amnistiya aktining jazo muddatini qisqartirishni nazarda tutuvchi bandini qo‘llash chog‘ida jazoning amnistiya akti chiqqan kunga qadar amalda o‘talgan muddati chegirib tashlangandan so‘ng qolgan qismi qisqartiriladi.
(23-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Shartli hukm qilinganda amnistiya aktiga asosan jazo muddati qisqartirilib, so‘ngra JK 72-moddasi qo‘llaniladi.
Bir necha amnistiya akti qo‘llanilgan hollarda ilgarigi amnistiya akti qo‘llanilgandan keyin qolgan va keyingi amnistiya akti chiqqan kunga qadar o‘talmagan jazo muddati qisqartiriladi.
24. Amnistiya akti tatbiq etilmaydigan shaxslar doirasi amnistiya aktida belgilanadi va u qat’iy bo‘lib, kengaytirilgan holda sharhlanishi mumkin emas.
Shaxsni jazoni o‘tash tartibini muttasil buzuvchi deb topish masalasini hal etishda sudlar Jinoyat-ijroiya kodeksining ushbu masalani alohida jazo turlari bo‘yicha tartibga soluvchi normalariga rioya etishlari kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, JK 77-moddasi, JIK 5-moddasiga muvofiq qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan shaxs jazo o‘tovchi hisoblanmaydi. Shuning uchun ham uning hukm qonuniy kuchga kirgunga qadar namoyon etgan xulq-atvori uni jazoni o‘tash tartibini muttasil buzuvchi deb topish masalasi hal etilayotgan paytda inobatga olinishi mumkin emas. Ushbu qoida sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bo‘yicha ozodlikdan mahrum etish tariqasidagi jazoni o‘tayotgan vaqtda yangi jinoyat sodir etganligi uchun ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan shaxsga nisbatan tatbiq etilmaydi.
(24-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining 2018-yil 19-maydagi 16-sonli qarori tahririda)
25. Amnistiya aktini mahkumning shaxsini belgilovchi ma’lumotlarni aniqlamay turib qo‘llash mumkin bo‘lmaganligi tufayli, sudlar tegishli organlardan zarur ma’lumotlarni (uning sudlanganligi, unga nisbatan intizomiy chora, amnistiya akti qo‘llanilganligi haqida) talab qilib olishlari shart.
26. Shuni e’tiborga olish lozimki, amnistiya akti qo‘llanilishini istisno etuvchi muayyan shartlar belgilangan hollarda amnistiya aktini, agar unda boshqacha holat nazarda tutilgan bo‘lmasa, bunday shartlar (masalan, jazo o‘tash tartibini muttasil buzish, shaxsni o‘ta xavfli retsidivist deb topish) amnistiya akti kuchga kirgunga qadar yuzaga kelgandagina qo‘llamaslik mumkin.
27. Jinoyat ishining amnistiya akti asosida tugatilishi shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish bilan bog‘liq barcha huquqiy oqibatlarni istisno etishi tufayli alkogolizm, giyohvandlik yoki zaharvandlikka yo‘liqqan shaxsga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari (JK 96-moddasi) qo‘llanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Jinoyat sodir etilgandan so‘ng ruhiy kasallikka yo‘liqqan va majburiy davolanishga yuborilgan shaxsga nisbatan amnistiya aktini qo‘llash masalasi sud tomonidan shaxs tuzalgandan keyin JPK 579-moddasida belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
28. Sudlarga tushuntirilsinki JPK 590-moddasining to‘rtinchi qismi talablariga muvofiq, sudlanuvchiga nisbatan amnistiya aktini qo‘llash masalasi hal qilinayotgan paytda sud majlisida prokuror, sudlanuvchi, uning qonuniy vakili va himoyachisining (himoyachidan voz kechilgan hollar bundan mustasno) ishtiroki majburiydir.
(28-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
29. Apellyatsiya, kassatsiya, taftish instansiyasi mahkumning harakatlarini Jinoyat kodeksining boshqa moddasiga qayta kvalifikatsiya qilish kerakligi to‘g‘risida xulosaga kelganda va bu modda shaxsni jinoiy javobgarlikdan, jazodan ozod etishni yoki jazo qo‘llanilishini istisno etishni nazarda tutuvchi amnistiya akti ta’siri doirasiga tushgan hollarda, tegishli instansiya sudi birinchi instansiya sudi qilmishni to‘g‘ri kvalifikatsiya qilganda qabul qilishi shart bo‘lgan qaror chiqarishi kerak.
Kassatsiya, taftish instansiyasi sudida ayblov hukmi o‘zgartirilgan hollarda amnistiya akti qo‘llanilganligi to‘g‘risidagi qaror, muqaddam u sud tomonidan JPK 5361-moddasida nazarda tutilgan tartibda qo‘llanilganligidan qat’iy nazar, ajrimning qaror qismida ko‘rsatilishi shart.
(29-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
30. Agar sud amnistiya aktini qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan mahkumga nisbatan qo‘llagan bo‘lsa, apellyatsiya, kassatsiya, taftish instansiyasi jabrlanuvchining shikoyati yoki prokuror protesti bo‘lgan taqdirda, hukmning jazo tayinlash qismini bekor qilib, qonunga muvofiq qaror qabul qiladi.
Biroq, agar apellyatsiya, kassatsiya, taftish instansiyasi amnistiya akti qo‘llanilgan holda hukmda tayinlangan jazo amnistiya akti qo‘llanilmagan holda ham mahkum uchun yetarli deb topsa, hukmni o‘zgartirishga — undan amnistiya aktini qo‘llash haqidagi xulosa va qarorni chiqarib, amnistiya akti qo‘llanilgan holda hukmda belgilangan muddat (miqdor) doirasida jazo tayinlashga haqli.
Shuni e’tiborga olish lozimki, JPK 501, 514-moddalarida belgilangan bir yillik muddat amnistiya akti qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan mahkumga nisbatan asossiz qo‘llanilgan hollarga ham taalluqlidir. Bunday hollarda yuqori instansiya sudi hukmni o‘zgartirishga — undan amnistiya aktini qo‘llash haqidagi xulosa va qarorni chiqarib, hukmda amnistiya akti qo‘llanilgan holda tayinlangan jazoni qoldirishga haqli.
(30-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
31. Amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini qo‘zg‘atish rad qilingan yoki tugatilgan hollarda fuqaroviy da’voni ta’minlash choralari, ashyoviy dalillar taqdiri to‘g‘risidagi masalalar sud tomonidan JPK 40510-moddasining ikkinchi qismi, 211-moddasi 1 — 4, 6-bandlarida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq hal etiladi,
(31-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Toshkent sh.,
2006-yil 22-dekabr,
16-son