Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOSHKENT SHAHRIDA NAGOYA UNIVERSITETINING VAKOLATXONASI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH TOʻGʻRISIDA
Ilgʻor xalqaro taʼlim standartlari darajasida yuqori malakali kadrlar tayyorlashni yanada rivojlantirish va takomillashtirish, yoshlarning salohiyatini roʻyobga chiqarish va undan samarali foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratish, oliy taʼlim sohasida Oʻzbekiston Respublikasi bilan Yaponiya oʻrtasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Nagoya universiteti (Yaponiya)ning texnik hamkorlik boʻyicha xorijiy davlatning hukumat tashkiloti vakolatxonasi sifatida Toshkent shahrida Nagoya universiteti vakolatxonasini (keyingi oʻrinlarda Vakolatxona deb yuritiladi) ochish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Yaponiya Hukumatining davlat grantlari asosida Oʻzbekiston Respublikasining oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari bitiruvchilarini, oliy oʻquv yurtlari talabalari va bitiruvchilarini Yaponiya oliy oʻquv yurtlarida oʻqish uchun tanlash, yoʻllash va oʻqishni tashkil etish Vakolatxonaning asosiy vazifasi hisoblanadi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
Vakolatxona va uning chet ellik xodimlari belgilangan tartibda akkreditatsiyadan oʻtkazilishini taʼminlasin;
Vakolatxona buyurtmanomalari boʻyicha Vakolatxonaning chet ellik xodimlariga, ularning oila aʼzolariga, shuningdek ushbu qarorning maqsad va vazifalarini amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston Respublikasiga kelayotgan delegatsiya aʼzolariga belgilangan tartibda kirish vizalari rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi Vakolatxona uchun Toshkent shahar, Amir Temur koʻchasi, 107B-uyda joylashgan Xalqaro biznes-markazda shartnoma asosida joy ajratilishini taʼminlasin.
5. Vakolatxona faoliyatini moliyalashtirish Nagoya universiteti mablagʻlari hisobiga amalga oshirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 15-dekabr,
313-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 50-51-son, 541-modda)