O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OT SPORTINI YaNADA RIVOJLANTIRISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Respublikada ot sportini rivojlantirish va uning moddiy bazasini mustahkamlash, sportning milliy turlari va xalq o‘yinlarini ommaviylashtirish, shaxsning har tomonlama va uyg‘un kamol topishida jismoniy tarbiya va sportning rolini oshirish, sog‘lom avlodni tarbiyalash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi, Toshkent shahar hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Ot sporti federatsiyasining “Toshkent-Otchopari” respublika davlat ot sporti kompleksini Toshkent shahar hokimligi ixtiyoriga berish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Toshkent shahar hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi bilan birgalikda 2001-yil 1-noyabrgacha bo‘lgan muddatda “Toshkent-Otchopari” respublika davlat ot sporti kompleksini ochiq aksiyadorlik jamiyatiga aylantirsin.
“Toshkent-Otchopari” ochiq aksiyadorlik jamiyati aksiyalari paketlarini joylashtirishning quyidagi tartibi belgilansin:
davlat mulki — 51 foiz;
erkin sotishga, shu jumladan xorijiy investorga sotishga — 49 foiz.
3. Belgilansinki, “Toshkent-Otchopari” ochiq aksiyadorlik jamiyati aksiyalarini sotishdan tushgan mablag‘lar qurilishni tugallashga va jamiyat balansidagi binolar va inshootlarni rekonstruksiya qilishga maqsadli yo‘naltirilgan holda istisno tariqasida jamiyat ixtiyorida qoldiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ko‘rsatib o‘tilgan mablag‘lardan maqsadli foydalanilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda “Toshkent-Otchopari” ochiq aksiyadorlik jamiyatining ta’sis yig‘ilishi o‘tkazilishini, belgilangan tartibda uning rahbar organlari shakllantirilishi va ustavi tasdiqlanishini ta’minlasin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning o‘rinbosari H.S. Karomatov va Toshkent shahar hokimi K.N. To‘laganov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 17-avgust,
345-son