Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oldingi tahrirga qarang.
SAMARQAND VA BUXORO ShAHARLARIDAGI “AFROSIYOB” VA “BUXORO” MEHMONXONALARINI Germaniyaning “Inpro Xotels” va “Shtaynberger Rezervatsion Servis” firmalari BOShQARUVIGA BERISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
(Qarorning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 16-martdagi 131-son qarori tahririda)
Samarqand va Buxoro shaharlariga xorijiy turistlarni keng jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, Buyuk Ipak Yoʻli tarixiy yoʻnalishini yanada targʻib qilish hamda “Afrosiyob” va “Buxoro” mehmonxonalarida xalqaro standartlarga muvofiq servis xizmati koʻrsatilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
1. Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasining Samarqand shahridagi “Afrosiyob” va Buxoro shahridagi “Buxoro” mehmonxonalarini Germaniyaning “Inpro Xotels” va “Shtaynberger Rezervatsion Servis” firmalari boshqaruviga berish yuzasidan u bilan bitim tuzish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 16-martdagi 131-sonli qarori tahririda)
2. Boshqaruv toʻgʻrisidagi bitimning quyidagi asosiy shartlari maʼlumot uchun qabul qilinsin:
a) “Inpro Xotels” va “Shtaynberger Rezervatsion Servis” firmalari tomonidan mehmonxonalarni bronlashning xalqaro tizimlariga kiritish va ularning yiliga kamida 50—55 foiz toʻldirilishini taʼminlash toʻgʻrisida kafolat berilishi;
b) “Inpro Xotels” firmasi har yili “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasiga har bir mehmonxona uchun dastlabki besh yilda kamida 500 ming AQSh dollari, keyingi yillarda esa sof foydaning 50 foizini, biroq har bir mehmonxona uchun kamida 500 ming AQSh dollari toʻlaydi.
(2-bandning “a” va “b” kichik bandlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 16-martdagi 131-sonli qarori tahririda)
3. “Afrosiyob” va “Buxoro” mehmonxonalari boshqaruvga berilgan vaqtdan boshlab besh yil muddatga:
mehmonxonalardan foydalanish uchun keltiriladigan moddiy resurslar va asbob-uskunalar boʻyicha bojxona toʻlovlaridan (bojxonada rasmiylashtirish uchun yigʻimlar bundan mustasno);
foyda soligʻi, mol-mulk va yer soligʻi toʻlashdan;
“Inpro Xotels” firmasiga tegishli olib chiqib ketiladigan foyda soligʻi toʻlashdan ozod qilinsin va boʻshab qoladigan mablagʻlar “Inpro Xotels” firmasi bilan tuziladigan bitim shartlariga koʻra mehmonxonalarni xalqaro standartlar darajasigacha yetkazishga yoʻnaltirilsin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 16-martdagi 131-sonli qarori tahririda)
4. “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasiga “Afrosiyob” va “Buxoro” mehmonxonalaridan foydalanish va ularni boshqarish bilan bogʻliq mehnat faoliyatini amalga oshiradigan xorijiy xodimlarning mahalliy xarajatlariga (yashash, xizmatlar koʻrsatish va respublika hududida transportning barcha turlarida yurish) milliy valyutada haq toʻlashga ruxsat etilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasining buyurtmanomasiga koʻra mehmonxonalardan foydalanishga jalb qilingan “Inpro Xotels” firmasi xodimlariga davlat boji undirmasdan tegishli ravishda koʻp martalik vizalar berilishini va ularning muddati uzaytirilishini, shuningdek, vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazish va vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazish muddati uzaytirilishini taʼminlasinlar.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 16-martdagi 131-sonli karori tahririda)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 26-noyabrdagi 511-son qaroriga 3-ilovaning “Afrosiyob” va “Buxoro” mehmonxonalariga tegishli qismi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari H. S. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 17-noyabr,
449-son