Norasmiy tarjima
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Toshkent shahrida “Oʻzbekiston” anjumanlar saroyi binosini qurish toʻgʻrisida
Jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan va haqli ravishda “Sharq darvozasi” deb tan olingan Markaziy Osiyodagi eng katta ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ilmiy va madaniy markaz boʻlmish Toshkent shahrining oʻsib borayotgan xalqaro obroʻ-eʼtiborini inobatga olib, shuningdek, YUNESKO qaroriga binoan 2009-yilda shaharning 2200-yillik yubileyi nishonlanishi munosabati bilan hamda yirik xalqaro anjumanlarni oʻtkazish uchun munosib shart-sharoitlarni yaratish maqsadida:
1. Toshkent shahar hokimligi va jamoat tashkilotlarining Oʻzbekiston Respublikasi poytaxtida “Oʻzbekiston” anjumanlar saroyi binosini qurish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Toshkent shahar hokimligi buyurtmasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi hamda shaharning loyiha institutlari tomonidan seysmik chidamlilik va xavfsizlik boʻyicha barcha talablarni hisobga olgan holda “Oʻzbekiston” anjumanlar saroyi binosini loyihalashtirish ishlari olib borilayotganligi, shahar markazida mazkur obyektni qurish uchun 2,7 gektar yer maydoni ajratib berilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining 2008-yilning 1-iyuligacha dastlabki texnik-iqtisodiy hisob-kitoblar ishlab chiqilishini, loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanishini “Oʻzbekiston” anjumanlar saroyi — obyektni 2009-yilning 15-iyuligacha topshirilishini nazarda tutgan holda 2008-yilning 1-oktabrigacha yakunlashni taʼminlash boʻyicha bayonoti qabul qilinsin.
3. “Oʻzbekiston” anjumanlar saroyi binosini qurish boʻyicha loyihaning ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi muddatlarini jadallashtirish maqsadida, loyihalashtirishning normativ muddatlari doirasida, loyiha-smeta hujjatlari tasdiqlangunga qadar tayyorgarlik hamda qurilish ishlarini amalga oshirishga ruxsat berilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Toshkent shahar hokimligining:
“Oʻzbekiston” anjumanlar saroyi binosini qurish boʻyicha buyurtmachi etib — Toshkent shahar hokimligi;
bosh loyihalashtiruvchi etib — “Tashgiprogor” OAJ;
“Oʻzbekiston” anjumanlar saroyi binosini qurish boʻyicha bosh pudratchi etib “Neftgazmontaj” MChJ qoʻshma korxonasi belgilanishi toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi belgilangan tartibda loyiha-smeta hujjatlarining davlat ekspertizasi oʻtkazilishini va loyiha hamda qurilish-montaj ishlari sifati, shuningdek, xavfsizlik talablari, davlat standartlari, qurilish norma va qoidalariga, barcha bosqichlarda ishlarni bajarish texnologiyalariga rioya etilishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatilishini taʼminlasin.
6. Respublika budjeti va Toshkent shahri budjeti mablagʻlari, jumladan, 2008-yilda daromadlarning prognozdan ortiqcha tushumlari, shuningdek, jalb etiladigan homiylik mablagʻlari mazkur loyihani moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.
Toshkent shahar hokimligi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Bosh nazorat-taftish boshqarmasi “Oʻzbekiston” anjumanlar saroyi binosini qurishga ajratiladigan mablagʻlarning maqsadli hamda asosli sarf qilinishi ustidan doimiy nazoratni taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi Toshkent shahridagi “Oʻzbekiston” anjumanlar saroyi binosini qurish loyihasini belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturiga kiritsin.
8. “Neftgazmontaj” MChJ qoʻshma korxonasi mazkur loyihani amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha tuzilgan import shartnomalariga muvofiq olib keladigan qurilish materiallari va uskunalari bojxona toʻlovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) toʻlashdan ozod etilsin.
9. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 5-iyun,
PQ-885-son