Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
MAHSULOTNI TAQSIMLASH TOʻGʻRISIDAGI BITIMNI AMALGA OSHIRISH DOIRASIDA OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING JANUBI-GʻARBIY HISOR MINTAQASIDAGI ODAMTOSH, GUMBULOQ VA JARQUDUQ-YANGI QIZILCHA GAZ KONDENSATI KONLARINI KOMPLEKS OʻZLASHTIRISHNI JADALLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining Janubi-Gʻarbiy Hisor va Ustyurt mintaqasi hududlarida geologiya-qidiruv ishlarini oʻtkazish, uglevodorod konlarini ochish va qazib chiqarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2007-yil 16-yanvardagi PQ-567-son, “LUKOYL Oversiz Xolding Ltd” kompaniyasi bilan Mahsulotni taqsimlash toʻgʻrisidagi bitimlarni amalga oshirib borishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2009-yil 23-martdagi PQ-1078-son qarorlarini bajarish yuzasidan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining Janubi-Gʻarbiy Hisor mintaqasidagi Odamtosh, Gumbuloq va Jarquduq — Yangi Qizilcha gaz kondensati konlarini oʻzlashtirish obyektlari qurilishini va ularni foydalanishga topshirishni jadallashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Istisno tariqasida, “LUKOYL Oʻzbekiston Opereyting Kompani” masʼuliyati cheklangan jamiyatga:
Odamtosh, Gumbuloq va Jarquduq — Yangi Qizilcha gaz kondensati konlarini oʻzlashtirish obyektlari qurilishi uchun ish loyihasi asosida bir bosqichli tartibda loyiha hujjatlarini ishlab chiqishga;
Odamtosh, Gumbuloq va Jarquduq — Yangi Qizilcha gaz kondensati konlarini oʻzlashtirish obyektlarini bir vaqtda qurgan holda normativ muddat doirasida shunday obyektlarni loyihalashtirishga ruxsat berilsin.
2. Mahsulotni taqsimlash toʻgʻrisidagi bitimni amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston Respublikasining Janubi-Gʻarbiy Hisor mintaqasidagi Odamtosh, Gumbuloq va Jarquduq — Yangi Qizilcha gaz kondensati konlarini oʻzlashtirish obyektlari qurilishining loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi loyiha hujjatlari belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazilishini va qurilish-montaj ishlari sifatiga rioya qilinishi ustidan arxitektura-qurilish nazorati olib borilishini taʼminlasin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.R. Shaismatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 6-noyabr,
292-son
Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 6-noyabrdagi 292-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Mahsulotni taqsimlash toʻgʻrisidagi bitimni amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston Respublikasining Janubi-Gʻarbiy Hisor mintaqasidagi Odamtosh, Gumbuloq va Jarquduq-Yangi Qizilcha gaz kondensati konlarini oʻzlashtirish obyektlari qurilishining loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining Janubi-Gʻarbiy Hisor va Ustyurt mintaqasi hududlaridagi konlarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi bilan “Soyuzneftgaz Vostok Limited” kompaniyasi oʻrtasida Mahsulotni taqsimlash toʻgʻrisidagi bitimni (keyingi oʻrinlarda Bitim deb yuritiladi) amalga oshirish doirasida amalga oshiriladigan Oʻzbekiston Respublikasining Janubi-Gʻarbiy Hisor mintaqasidagi Odamtosh, Gumbuloq va Jarquduq — Yangi Qizilcha konlarini oʻzlashtirish obyektlari qurilishining loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizom Bitimni amalga oshirish doirasida oʻzlashtiriladigan boshqa konlarga tatbiq etilmaydi.
2. Ushbu Nizom maqsadlarida quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
buyurtmachi — “LUKOYL Oʻzbekiston Opereyting Kompani” masʼuliyati cheklangan jamiyat;
obyektni loyihalashtirish topshirigʻi — Odamtosh, Gumbuloq va Jarquduq — Yangi Qizilcha gaz kondensati konlarini oʻzlashtirish obyektlari qurilishining ish loyihasini ishlab chiqishga qoʻyiladigan asosiy birlamchi talablarni oʻz ichiga olgan hujjat;
mahalliy loyihalar — tashqi infratuzilma obyektlari qurilishi uchun bajariladigan toʻliq hajmdagi ish loyihalari;
ish loyihasi — cheklangan qiymatli va ish hujjatlari bilan birga asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlar bilan tasdiqlanadigan qismdan iborat boʻlgan loyiha hujjatlari;
ish hujjatlari — ayrim binolar va inshootlarga ish chizmalari turkumi, qurilishni amalga oshirish uchun yetarli hajmdagi ish turlari;
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi;
boshqaruvchi qoʻmita — Bitimga muvofiq yuqori boshqaruv organi;
ish loyihasining tasdiqlanadigan qismi — prinsipial yechimlarni taʼminlash, qurilishning dastlabki (boshlangʻich) qiymatini aniqlash va qarorning tasdiqlanadigan qismi qabul qilinishi asosida ish hujjatlarini ishlab chiqish uchun yetarli hajmdagi loyiha hujjatlari toʻplami.
3. Buyurtmachi loyiha hujjatlarini ishlab chiqishga va asosiy texnologik asbob-uskunalarni yetkazib berishga tanlov doirasida loyihalovchi tashkilotga qurilish pudratchisini tanlash boʻyicha tanlov savdolari oʻtkazish uchun zarur boʻlgan tanlov hujjatlarining texnik qismini ishlab chiqishni buyurtma qilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Ish loyihasi buyurtmachi tomonidan ishlab chiqilgan, ushbu Nizomning II boʻlimiga muvofiq kelishilgan va tasdiqlangan obyektni loyihalashtirishga topshiriq asosida ishlab chiqiladi.
II. Loyihalashtirishga topshiriqni kelishish va tasdiqlash
5. Buyurtmachi tomonidan ishlab chiqilgan obyektni loyihalashtirish topshirigʻi “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, Vakolatli organ va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasida kelishilishi kerak.
Obyektni loyihalashtirishga topshiriqni kelishish bir vaqtning oʻzida ushbu bandda koʻrsatilgan kelishuvchi organga taqdim etilgan paytdan boshlab ikki hafta muddatda amalga oshiriladi.
6. Ushbu Nizomning 5-bandida koʻrsatilgan kelishuv mavjud boʻlgan taqdirda, obyektni loyihalashtirish topshirigʻi Bitimda belgilangan tartibda Boshqaruvchi qoʻmita tomonidan tasdiqlanadi.
III. Ish loyihasini ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash
7. Oʻzbekiston Respublikasining Janubi-Gʻarbiy Hisor mintaqasidagi Odamtosh, Gumbuloq va Jarquduq — Yangi Qizilcha gaz kondensati konlarini oʻzlashtirish obyektlari qurishga ish loyihasi quyidagi bosqichlarda ishlab chiqiladi:
ish loyihasining tasdiqlanadigan qismi;
ish hujjatlari.
8. Mahalliy loyihalarni ham oʻz ichiga oladigan ish loyihasining tasdiqlanadigan qismi ishlab chiqilishi tugallangandan keyin buyurtmachi davlat ekspertizasi organlariga tasdiqlanadigan qismni belgilangan tartibda taqdim etadi. Davlat ekspertizasining ijobiy xulosasi mavjud boʻlgan taqdirda ish loyihasining tasdiqlanadigan qismi Boshqaruvchi qoʻmita tomonidan tasdiqlanadi.
9. Ish loyihasining tasdiqlangan tasdiqlanadigan qismi ish hujjatlarini ishlab chiqish, qurilish pudratchisini tanlash, shuningdek asosiy texnologik asbob-uskunalarga buyurtmanomalarni joylashtirish uchun asos hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Buyurtmachi tugallangan ish hujjatlari (shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasida ekspertizadan oʻtgan aniqlashtirilgan yigʻma smeta hisob-kitobi), shuningdek qurilish pudratchisini tanlash boʻyicha tanlov savdolari natijalari boʻyicha aniqlashtirilgan qurilish qiymati asosida Boshqaruvchi qoʻmitaning tasdiqlashi uchun ish loyihasini taqdim etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Ish loyihasi Bitimda belgilangan tartibda Boshqaruvchi qoʻmita tomonidan tasdiqlanadi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 46-son, 497-modda; 2012-y., 23-24-son, 262-modda)