Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
BARIT XOM ASHYO BAZASINI KENGAYTIRISH VA BARIT KONSENTRATI ISHLAB CHIQARISHNI KOʻPAYTIRISH TOʻGʻRISIDA
Baritning mavjud konlarini foydalanishga jalb etish va uning yangi konlarini sanoat asosida oʻzlashtirishga tayyorlash hisobiga barit xom ashyo bazasini yanada kengaytirish hamda shu asosda barit konsentrati ishlab chiqarishni koʻpaytirish, respublika neft-gaz tarmogʻi uchun uning import oʻrnini bosishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining:
2010 — 2014-yillarda Orayliq, Agata, Kichik Arsagan, Qoraqiya, Gulduramning istiqbolli maydonlarida barit rudalarini tajriba-sanoat asosida qazib olgan va 2014-yildan boshlab Angren shahrida har yili 15,0 ming tonnagacha barit konsentrati ishlab chiqarishni tashkil etgan holda geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish toʻgʻrisidagi;
Olmaliq shahrida 2010-yildan boshlab Saribuloq va Qoʻshrabot konlarida qazib olinayotgan barit rudalari negizida har yili 15,0 ming tonnagacha barit konsentrati ishlab chiqarishni tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
Orayliq, Agata, Kichik Arsagan, Qoraqiya, Gulduramning istiqbolli maydonlaridagi geologiya-qidiruv ishlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tomonidan budjet mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi;
Saribuloq konida barit rudalarini qazib olish va Orayliq, Agata, Kichik Arsagan, Qoraqiya, Gulduramning istiqbolli maydonlarida tajriba-sanoat asosida qazib olish hamda barit konsentrati ishlab chiqarish “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi 2010 — 2014-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasining geologiya-qidiruv ishlari har yillik dasturlarini shakllantirishda, ajratiladigan budjet mablagʻlari doirasida, barit rudalari zaxiralarini belgilangan tartibda tasdiqlagan holda, istiqbolli maydonlarda geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirishga mablagʻlarni nazarda tutsinlar.
4. Toshkent viloyati hokimligi belgilangan tartibda:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasining tegishli korxonalariga Orayliq, Agata, Kichik Arsagan, Qoraqiya, Gulduramning istiqbolli maydonlarida geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirishga, aniqlangan barit konlarini qazib olish uchun yer uchastkalari ajratish kafolati bilan ruxsatnomalar bersin;
“Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasining iltimosnomasiga binoan, Saribuloq konida barit rudalarini qazib olish va Orayliq, Agata, Kichik Arsagan, Qoraqiya, Gulduramning istiqbolli maydonlarida barit rudalarini tajriba-sanoat asosida qazib olish, shuningdek Olmaliq va Angren shaharlarida barit konsentrati ishlab chiqarish boʻyicha ishlab chiqarishlarni joylashtirish uchun jalb etilgan yuridik shaxslarga yer uchastkalari ajratsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi taqdimnomasiga binoan Saribuloq konida barit rudalarini qazib olish, shuningdek Orayliq, Agata, Kichik Arsagan, Qoraqiya va Gulduramning istiqbolli maydonlarida barit rudalarini tajriba-sanoat asosida qazib olish uchun jalb etilgan yuridik shaxslarga yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqiga belgilangan tartibda litsenziyalar bersin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.R. Shaismatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 12-noyabr,
296-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 46-son, 500-modda)