O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
“MADANIY MEROS OBYEKTLARINI MUHOFAZA QILISh VA ULARDAN FOYDALANISh TO‘G‘RISIDA”GI O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNIGA O‘ZGARTIShLAR KIRITISh HAQIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2009-yil 2-aprelda qabul qilingan
Senat tomonidan 2009-yil 28-avgustda ma’qullangan
Senat tomonidan 2009-yil 28-avgustda ma’qullangan
1-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2001-yil 30-avgustda qabul qilingan “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi 269-II-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-yil, № 9-10, 180-modda; 2004-yil, № 5, 90-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 9, 309-modda) quyidagi o‘zgartishlar kiritilsin:
1) 3-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
ansambllar — tarixan tarkib topgan hududda aniq ko‘zga tashlanadigan, atrof manzarasi bilan umumiyligi yoki aloqadorligi tarixiy, arxeologik, me’moriy, estetik yoki ijtimoiy-madaniy qimmatga ega bo‘lgan, ijtimoiy, ma’muriy, diniy, ilmiy, o‘quv-ta’lim, istehkom, saroy, turarjoy, savdo, ishlab chiqarish va boshqa ahamiyatga molik hamda rassomlik, haykaltaroshlik, amaliy bezak san’ati, me’morchilik asarlari bilan bog‘liqlikda alohida yoki o‘zaro birgalikda turgan yodgorliklar, imoratlar va inshootlar guruhlari, shuningdek tarixiy tarhlarning hamda manzilgohlar imoratlarining qoldiqlari, landshaft arxitekturasi va bog‘-rog‘ san’ati asarlari (bog‘lar, istirohat bog‘lari, xiyobonlar, sayilgohlar);
diqqatga sazovor joylar — inson va tabiat ijodining mushtarak mahsuli, shuningdek tarixiy, arxeologik, shaharsozlik, estetik, etnologik yoki antropologik qimmatga ega bo‘lgan hududlar, shu jumladan xalq hunarmandchiligi maskanlari, tarixiy manzilgohlar yoki shaharsozlik tarhi markazlari va tarixiy (shu jumladan harbiy) voqealar, yodgorliklar, atoqli tarixiy shaxslarning hayoti bilan bog‘liq bo‘lgan imoratlar, xotira joylari, tabiiy landshaftlar, shuningdek ko‘hna shaharlar, shahristonlar, manzilgohlar, qarorgohlar imoratlarining madaniy qatlamlari, qoldiqlari, marosimlar bajo etiladigan joylar;
yodgorliklar — tarixiy, ilmiy, badiiy yoki o‘zgacha madaniy qimmatga ega bo‘lgan ayrim imoratlar, binolar va inshootlar, ular bilan bog‘liq bo‘lgan rassomlik, haykaltaroshlik, amaliy bezak san’ati asarlari hamda shu imoratlar, binolar va inshootlarning tarixan tarkib topgan hududlari, shuningdek memorial uylar, kvartiralar, qabristonlar, maqbaralar va ayrim qabrlar, monumental san’at asarlari, fan va texnika (shu jumladan harbiy texnika) obyektlari, antropologiya, etnografiya, numizmatika, epigrafika, kartografiya, fotografiya materiallari, kinofilmlar, audio-, video yozuvlar hamda boshqa jismlardagi yozuvlar, adabiyot va san’at asarlari, arxiv, qo‘lyozma va chizma hujjatlar, qadimgi qo‘lyozma kitoblar, harf terish usulida chiqarilgan dastlabki kitoblar, nodir va noyob nashrlar, notalar, muqaddas buyumlar va memorial xususiyatga ega bo‘lgan ashyolar, tosh haykallar, qoyaga o‘yib solingan tasvirlar, arxeologiya yodgorliklari;
madaniy meros obyektlari — moddiy va nomoddiy madaniy meros obyektlari;
moddiy madaniy meros obyektlari — tarixiy, ilmiy, badiiy yoki o‘zgacha madaniy qimmatga ega bo‘lgan ansambllar, diqqatga sazovor joylar va yodgorliklar;
nomoddiy madaniy meros obyektlari — tarixiy, ilmiy, badiiy yoki o‘zgacha madaniy qimmatga ega bo‘lgan urf-odatlar, xalq ijodiyoti (so‘z, raqs, musiqa, tomosha san’ati), shuningdek ular hamda xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy san’ati bilan bog‘liq bilimlar, ko‘nikmalar, asbob-anjomlar, artefaktlar, madaniy makonlar”;
2) 4-moddadagi “Madaniy meros”, “madaniy meros” degan so‘zlar tegishincha “Moddiy madaniy meros”, “moddiy madaniy meros” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
3) 6-moddaning:
to‘rtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastrini va Nomoddiy madaniy meros obyektlarining ro‘yxatini yuritish tartibini belgilaydi”;
oltinchi xatboshisidagi “madaniy meros obyektlarining” degan so‘zlar “moddiy madaniy meros obyektlarining” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
ruscha matni yettinchi xatboshisidagi “opredelyayet” degan so‘z “ustanavlivayet” degan so‘z bilan almashtirilsin;
4) 7-moddaning:
uchinchi va to‘rtinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, asrash, targ‘ib qilish va ulardan foydalanish davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda qatnashadi;
moddiy madaniy meros obyektlarini ilmiy va ilmiy-texnik tadqiq etish, konservatsiyalash, ta’mirlash hamda hozirgi zamonda foydalanishga moslashtirish bo‘yicha davlat dasturlarini amalga oshiradi”;
yettinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastrini va Nomoddiy madaniy meros obyektlarining ro‘yxatini yuritadi”;
5) 10-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Madaniy meros obyektlarini davlat tomonidan muhofaza qilish:
tarixiy-madaniy qimmatga ega bo‘lgan obyektlarni davlat hisobiga olish, hamda Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastrini va Nomoddiy madaniy meros obyektlarining ro‘yxatini yuritish;
madaniy meros obyektlarining ilmiy va ilmiy-texnik tadqiq etilishini rivojlantirish;
madaniy meros obyektlarini tarixiy-madaniy ekspertizadan o‘tkazish;
moddiy madaniy meros obyektlari muhofaza tegralarining loyihalarini ishlab chiqish;
moddiy madaniy meros obyektlari joylashgan yerlarda yer qazish, yer tuzish, qurilish, melioratsiya, xo‘jalik ishlari va boshqa ishlarni, moddiy madaniy meros obyektlarini asrash bo‘yicha ishlarni o‘tkazish, shuningdek moddiy madaniy meros obyektlarida ilmiy va ilmiy-texnik tadqiqotlar o‘tkazish uchun ruxsatnomalar berish;
alohida tartibga solinishi lozim bo‘lgan va moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish bilan bog‘liq shaharsozlik faoliyati obyektlarining chegaralarini belgilash;
moddiy madaniy meros obyektlarida muhofaza belgilarini o‘rnatish;
madaniy meros obyektlari holatining monitoringini amalga oshirish.
Madaniy meros obyektlarini davlat tomonidan muhofaza qilish qonun hujjatlariga muvofiq boshqa chora-tadbirlar orqali ham ta’minlanishi mumkin”;
6) 11 va 12-moddalar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“11-modda. Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastri va Nomoddiy madaniy meros obyektlarining ro‘yxati
Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastri Davlat kadastrlari yagona tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi hamda u moddiy madaniy meros obyektlarining geografik joylashuvi, huquqiy maqomi, miqdor, sifat tavsiflari va bahosi to‘g‘risidagi yangilanib turiladigan ma’lumotlar va hujjatlar tizimidan iborat bo‘ladi.
Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastrini yuritishga quyidagilar kiradi:
moddiy madaniy meros obyektlariga doir mulk huquqi va boshqa huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
moddiy madaniy meros obyektlarining miqdor va sifat tavsiflarini hisobga olish;
moddiy madaniy meros obyektlarini sifat va qiymat jihatidan baholash;
kadastr axborotini tizimga solish, saqlash va yangilab borish;
moddiy madaniy meros obyektlarining holati haqida hisobotlar tuzish;
Davlat kadastrlari yagona tizimiga kiritish uchun tegishli axborot taqdim etish;
foydalanuvchilarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda kadastr axboroti bilan ta’minlash.
Nomoddiy madaniy meros obyektlarining ro‘yxati nomoddiy madaniy meros obyektlari to‘g‘risidagi yangilanib turiladigan ma’lumotlar ko‘rsatilgan hisobga olish hujjatidan iborat bo‘ladi.
Nomoddiy madaniy meros obyektlarining ro‘yxatini yuritishga quyidagilar kiradi:
nomoddiy madaniy meros obyektini identifikatsiya qilish;
tegishli nomoddiy madaniy meros obyektlarining tarmoqlari, yo‘nalishlari, janrlari va uslublarini tasniflash;
nomoddiy madaniy meros obyektlarini doimiy ravishda tiklovchi shaxslarni, guruhlarni ko‘rsatish;
ma’lumotlarni tizimga solish, saqlash va yangilab borish;
nomoddiy madaniy meros obyektlarining sifat holatini aniqlash va uning natijalari bo‘yicha hisobotlar tuzish.
Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastrini va Nomoddiy madaniy meros obyektlarining ro‘yxatini yuritish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
12-modda. Madaniy meros obyektini Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastriga yoki Nomoddiy madaniy meros obyektlarining ro‘yxatiga kiritish
Tarixiy-madaniy qimmatga ega bo‘lgan obyektlarni Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastriga yoki Nomoddiy madaniy meros obyektlarining ro‘yxatiga kiritish O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslarning takliflari asosida amalga oshiriladi.
Tarixiy-madaniy qimmatga ega bo‘lgan obyektlarni Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastriga yoki Nomoddiy madaniy meros obyektlarining ro‘yxatiga kiritish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida tarixiy-madaniy ekspertiza xulosasi olingan kundan e’tiboran mazkur obyektlar aniqlangan madaniy meros obyektlari jumlasiga kiritiladi.
Arxeologiya yodgorliklari topilgan paytidan e’tiboran aniqlangan moddiy madaniy meros obyektlari jumlasiga kiritiladi.
Tarixiy, ilmiy, badiiy yoki o‘zgacha madaniy qimmatga ega bo‘lgan yangi aniqlangan moddiy madaniy meros obyektlari Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastriga kiritilishi to‘g‘risidagi masala hal qilingungacha ushbu Qonun talablariga muvofiq muhofaza qilinishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi aniqlangan moddiy madaniy meros obyektining mulkdorini mazkur obyekt Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastriga kiritilganligi to‘g‘risida qaror qabul qilingan paytdan e’tiboran o‘ttiz kun ichida xabardor qilishi shart”;
7) 13 va 14-moddalardagi “Madaniy meros”, “madaniy meros” degan so‘zlar tegishincha “Moddiy madaniy meros”, “moddiy madaniy meros” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
8) 15-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“15-modda. Madaniy meros obyektlarining tarixiy-madaniy ekspertizasi
Madaniy meros obyektlarining tarixiy-madaniy ekspertizasi:
madaniy meros obyekti Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastriga yoki Nomoddiy madaniy meros obyektlarining ro‘yxatiga kiritilishini asoslash;
moddiy madaniy meros obyektining toifasini belgilash;
moddiy madaniy meros obyektining toifasi o‘zgartirilishini asoslash;
moddiy madaniy meros obyektini Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastridan chiqarish;
moddiy madaniy meros obyektlari muhofaza tegralari loyihalarining shaharsozlik va loyihalash hujjatlariga, shuningdek mo‘ljallanayotgan yer qazish, yer tuzish, qurilish, melioratsiya, xo‘jalik ishlari va boshqa ishlarning moddiy madaniy meros obyektlarini asrash talablariga muvofiqligini aniqlash maqsadida o‘tkaziladi.
Madaniy meros obyektlarining tarixiy-madaniy ekspertizasi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan tashkil etiladi va amalga oshiriladi”;
9) 16-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Tarixiy-madaniy ekspertiza obyektlari quyidagilardir:
xo‘jalik jihatidan o‘zlashtirilishi lozim bo‘lgan yer uchastkalari, agar ularda moddiy madaniy meros obyektlari joylashgan bo‘lsa;
madaniy meros obyektlari Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastriga yoki Nomoddiy madaniy meros obyektlarining ro‘yxatiga kiritilishini asoslovchi materiallar;
moddiy madaniy meros obyektlari Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastridan chiqarilishini asoslovchi materiallar;
moddiy madaniy meros obyektining toifasi belgilanishini yoki o‘zgartirilishini asoslovchi materiallar;
ushbu Qonunda belgilangan hollarda shaharsozlik va loyiha hujjatlari;
moddiy madaniy meros obyektlariga bevosita yoki bilvosita ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan yer qazish, yer tuzish, qurilish, melioratsiya, xo‘jalik ishlari va boshqa ishlarni asoslovchi hujjatlar”;
10) 17-moddaning nomi va birinchi qismidagi “Madaniy meros” degan so‘zlar “Moddiy madaniy meros” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
11) 18-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, mahalliy davlat hokimiyati organlari Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastriga yoki Nomoddiy madaniy meros obyektlarining ro‘yxatiga kiritilgan madaniy meros obyektlari holatini nazorat qilib turishi hamda moddiy madaniy meros obyektlarining asralishi yuzasidan joriy va istiqbol dasturlarini ishlab chiqish maqsadida besh yilda bir marta moddiy madaniy meros obyektlarining holatini ko‘rikdan o‘tkazishi va ularni qayd etib qo‘yishi shart”;
12) 19-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“19-modda. Madaniy meros obyektlarini Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga yoki Insoniyat nomoddiy madaniy merosining reprezentativ ro‘yxatiga kiritish
Tarix, san’at, fan, estetika, etnologiya yoki antropologiya nuqtai nazaridan har tomonlama beqiyos qimmatga ega bo‘lgan madaniy meros obyektlari Umumjahon madaniy va tabiiy merosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiya hamda Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyada belgilangan tartibda tegishincha Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga yoki Insoniyat nomoddiy madaniy merosining reprezentativ ro‘yxatiga kiritish yo‘li bilan jahon madaniy merosi obyektlari jumlasiga kiritilishi mumkin.
Madaniy meros obyektlari tarixiy-madaniy ekspertizasining xulosasi asosida madaniy meros obyektlarini Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga yoki Insoniyat nomoddiy madaniy merosining reprezentativ ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risidagi takliflar hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YUNESKO) huzuridagi Umumjahon merosi qo‘mitasi va Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mita talablariga muvofiq rasmiylashtirilgan hujjatlar yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasiga yuboriladi”;
13) 20-moddaning matni kuyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Moddiy madaniy meros obyektlarini asrash chora-tadbirlari ularni konservatsiyalash, tuzatish, ta’mirlash, hozirgi zamonda foydalanishga moslashtirishni, shuningdek ular bilan bog‘liq ilmiy va ilmiy-texnik tadqiqotlar, loyihalash hamda ishlab chiqarish ishlarini o‘z ichiga oladi.
Moddiy madaniy meros obyektini konservatsiyalash — moddiy madaniy meros obyektini mavjud ko‘rinishida asrash va uning holati yomonlashuvining oldini olish maqsadida amalga oshiriladigan ilmiy va ilmiy-texnik tadqiqotlar, loyihalash hamda ishlab chiqarish ishlari majmui.
Moddiy madaniy meros obyektini tuzatish — moddiy madaniy meros obyektining muhofaza mazmunini tashkil etuvchi o‘ziga xos xususiyatlarini o‘zgartirmagan holda obyektni foydalanish holatida saqlab turish maqsadida amalga oshiriladigan ilmiy va ilmiy-texnik tadqiqotlar, loyihalash hamda ishlab chiqarish ishlari majmui.
Moddiy madaniy meros obyektini ta’mirlash — moddiy madaniy meros obyektining tarixiy va estetik qimmatini aniqlash hamda saqlab qolish va uning but saqlanishini ta’minlash maqsadida amalga oshiriladigan ilmiy va ilmiy-texnik tadqiqotlar, loyihalash hamda ishlab chiqarish ishlari majmui.
Moddiy madaniy meros obyektini hozirgi zamonda foydalanishga moslashtirish — moddiy madaniy meros obyektining tarixiy-badiiy qimmatini va asralishini o‘zgartirmasdan uning tarixiy-madaniy qimmatga ega bo‘lgan unsurlarini ta’mirlash asosida undan hozirgi zamonda foydalanishga shart-sharoit yaratish maqsadida amalga oshiriladigan ilmiy va ilmiy-texnik tadqiqotlar, loyihalash hamda ishlab chiqarish ishlari majmui.
Nomoddiy madaniy meros obyektlarini asrash chora-tadbirlari ilmiy va ilmiy-texnik tadqiqotlar, hujjatlashtirish, targ‘ib qilish va rag‘batlantirish ishlarini o‘z ichiga oladi.
Moddiy madaniy meros obyektini asrashga doir ishlar O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan beriladigan ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi”;
14) 21-modda kuyidagi tahrirda bayon etilsin:
“21-modda. Yo‘qotilgan madaniy meros obyektini asli holiga keltirish
Yo‘qotilgan moddiy madaniy meros obyekti alohida tarixiy, ilmiy, badiiy, shaharsozlik yoki o‘zgacha ijtimoiy ahamiyatga molik bo‘lgan hollarda yo‘qotilgan moddiy madaniy meros obyekti ta’mirlash usullari orqali asli holiga keltiriladi.
Yo‘qotilgan nomoddiy madaniy meros obyekti alohida tarixiy, ilmiy, badiiy yoki o‘zgacha ijtimoiy ahamiyatga molik bo‘lgan hollarda yo‘qotilgan nomoddiy madaniy meros obyekti ilmiy va ilmiy-texnik tadqiqotlar, ta’mirlash usullari orqali asli holiga keltiriladi.
Yo‘qotilgan madaniy meros obyektini O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan asli holiga keltirish to‘g‘risidagi qarorni O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligining madaniy meros obyektlarining tarixiy-madaniy ekspertizasi xulosasi asosidagi taqdimnomasiga binoan manfaatdor organlar va tashkilotlarning fikrini hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qabul qiladi”;
15) ruscha matnining 22-moddasidagi “pamyatnikov arxeologii” degan so‘zlar “arxeologicheskix pamyatnikov” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
16) V bobning nomidagi “MADANIY MEROS” degan so‘zlar “MODDIY MADANIY MEROS” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
17) 23 — 28-moddalardagi “Madaniy meros”, “madaniy meros” degan so‘zlar tegishincha “Moddiy madaniy meros”, “moddiy madaniy meros” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
18) 29-moddaning:
birinchi qismidagi “Madaniy meros”, “madaniy meros” degan so‘zlar tegishincha “Moddiy madaniy meros”, “moddiy madaniy meros” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
ruscha matni uchinchi qismidagi “opredelyayutsya” degan so‘z “ustanavlivayutsya” degan so‘z bilan almashtirilsin;
19) 30-modda matnidagi va 32-moddaning birinchi qismidagi “madaniy meros” degan so‘zlar “moddiy madaniy meros” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
20) 33-moddaning:
uchinchi qismidagi “madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish bo‘yicha” va “madaniy meros obyektlarini saqlash uchun” degan so‘zlar tegishincha “moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish bo‘yicha” va “moddiy madaniy meros obyektlarini saqlash uchun” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
21) 34-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Madaniy meros obyektlarini davlat tomonidan muhofaza qilish bo‘yicha faoliyatni moliyalashtirish manbalari O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari va budjetdan tashqari mablag‘lardir.
Yuridik va jismoniy shaxslarning mulki bo‘lgan moddiy madaniy meros obyektlarining muhofaza qilinishi va ulardan foydalanilishi mulkdorlar va foydalanuvchilarning mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Moddiy madaniy meros obyektlarini foydalanishga berishdan, xizmatlar ko‘rsatishdan, yuridik va jismoniy shaxslarning ixtiyoriy ajratmalari hamda xayriyalaridan tushgan mablag‘lar qonun hujjatlariga muvofiq moddiy madaniy-meros obyektlarini muhofaza qilish, asrash va targ‘ib qilishga hamda moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishda band bo‘lgan xodimlarni moddiy rag‘batlantirish uchun sarflanadi”.
2-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 9-oktabr,
O‘RQ-228-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2009-y., 41-son, 440-modda)