Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
IMOM BUXORIY XALQARO MARKAZINI TASHKIL ETISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Muqaddas islom dini rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan, hadis ilmining sultoni, buyuk vatandoshimiz Imom Buxoriyning ulkan merosini ilmiy asosda chuqur oʻrganish, xalqimiz va jahon jamoatchiligi oʻrtasida keng targʻib etish, azaliy milliy qadriyatlarimizni saqlash va ulugʻlash, yosh avlodning ruhiy va maʼnaviy olamini boyitish, iymon-eʼtiqodini mustahkamlash, ularning qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻusini yanada kuchaytirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy hadis ilmi markazi hamda Imom Buxoriy respublika ilmiy-maʼrifiy markazi negizida Imom Buxoriy xalqaro markazini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼkullansin.
2. Imom Buxoriy xalqaro markazining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanishi eʼtiborga olinsin:
islom dinining, Qurʼoni karim va hadis ilmining asl mohiyatini, hadisshunoslik maktabining ilmiy-maʼnaviy asoslarini, Imom Buxoriy, Imom Termiziy singari yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk hadisshunos allomalar merosini har tomonlama teran oʻrganish, keng targʻib va tashviq qilish;
yuksak insoniy gʻoyalar va muqaddas qadriyatlarimizni oʻzida ifoda. etgan manbalarni tizimli asosda tadqiq etish, ulardan diniy taʼlim, maʼnaviy-axloqiy tarbiya ishlarida foydalanish maqsadida zarur darslik va oʻquv qoʻllanmalari, ilmiy-amaliy tavsiyalar tayyorlash yuzasidan doimiy ish olib borish;
Imom Buxoriy majmuasida mujassam topgan ruhiy-maʼnaviy muhit va betakror meros asosida diniy xodimlarning bilim va tajribasi, kasb malakasini oshirish boʻyicha oʻquv-uslubiy ishlarni amalga oshirish;
Imom Buxoriy merosi va hadis ilmini oʻrganish borasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;
yuqorida koʻrsatilgan vazifalarni bajarish maqsadida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, ilm-fan yutuqlaridan keng foydalanish boʻyicha tegishli ilmiy ishlanma va tavsiyalarni tayyorlash.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda Imom Buxoriy xalqaro markazining tashkiliy-boshqaruv tuzilmasi va nizomini tasdiqlash, uning belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlash topshirilsin.
Vazirlar Mahkamasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi, Samarqand viloyati hokimligi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita hamda mutasaddi vazirlik va idoralarning takliflari asosida Imom Buxoriy xalqaro markazi uchun yangi oʻquv va turar-joy binolari qurish, zarur moddiy-texnik baza va infratuzilmalarni barpo etish va rivojlantirish loyihalarini tasdiqlash va amalga oshirish boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilsin.
4. Imom Buxoriy xalqaro markazi faoliyatini moliyalashtirish Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi hamda xorijiy mamlakatlar va xalqaro diniy-ilmiy markazlarning mablagʻ va grantlari hisobidan amalga oshirilishi inobatga olinsin.
5. Mahalliy va xorijiy yuridik va jismoniy shaxslarning qurilish va obodonlashtirish ishlariga yoʻnaltiriladigan mablagʻlari uchun Imom Buxoriy xalqaro markazining hisob raqami ochiq ekani qayd etilsin.
Markazni tashkil etish va uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga yoʻnaltirilgan homiylik mablagʻlari foyda soligʻidan ozod qilinsin.
6. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Imom Buxoriy xalqaro markazi faoliyatini keng yoritib borish tavsiya etilsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari N.Xanov va R.Qosimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 23-may,
PQ-875-son