OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOShQARUVINING
Qarori
TIJORAT BANKLARINING OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKIDA DEPOZITGA OʻTKAZILADIGAN MAJBURIY REZERVLARI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 9-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2004]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2018-yil 31-martdagi 12/7-sonli “Tijorat banklarining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida depozitga oʻtkaziladigan majburiy rezervlari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirishlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2004-2, 25.04.2018-y.) asosan 2018-yil 1-iyundan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, 12-son, 247-modda) va “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlari (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, 5-6-son, 54-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tijorat banklarining investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga yoʻnaltiriladigan uzoq muddatli kreditlari ulushini koʻpaytirishni ragʻbatlantirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2009-yil 28-iyuldagi PQ-1166-sonli qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 30-31-son, 343-modda) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Tijorat banklarining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida depozitga oʻtkaziladigan majburiy rezervlari toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining “Tijorat banklari tomonidan Markaziy bankda majburiy zaxiralarni deponentlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning yangi tahririni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 2004-yil 31-dekabrdagi 28/5-sonli qarori (roʻyxat raqami 1444, 2005-yil 18-yanvar), (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 3-4-son, 27-modda);
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining “Tijorat banklari tomonidan Markaziy bankda majburiy zaxiralar fondiga deponentlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida”gi 2005-yil 20-avgustdagi 18/3-sonli qarori (roʻyxat raqami 1444-2, 2005-yil 17-sentabr), (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 37-38-son, 289-modda).
3. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab bir oy oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2009-yil 15-avgust,
23/8-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2009-yil 15-avgustdagi 23/8-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Tijorat banklarining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida depozitga oʻtkaziladigan majburiy rezervlari toʻgʻrisidagi
NIZOM
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, 12-son, 247-modda) va “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil 5-6-son, 54-modda) qonunlariga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tijorat banklarining investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga yoʻnaltiriladigan uzoq muddatli kreditlari ulushini koʻpaytirishni ragʻbatlantirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2009-yil 28-iyuldagi PQ-1166-sonli qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-yil, 30-31-son, 343-modda) muvofiq tijorat banklari (keyingi oʻrinlarda — banklar) tomonidan majburiy rezervlarni hisoblash va Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy bankida (keyingi oʻrinlarda — Markaziy bank) depozitga oʻtkazish tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizom talablari Oʻzbekiston Respublikasi hududida faoliyat koʻrsatayotgan barcha banklarga tatbiq etiladi.
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
majburiy rezervlar — banklar tomonidan Markaziy bankdagi hisobvaraqqa majburiy tartibda milliy va xorijiy valyutada depozitga oʻtkazilgan pul mablagʻlari;
rezerv shakllantiriladigan majburiyatlar — banklarning ushbu Nizomning 1-ilovasida roʻyxati keltirilgan, majburiy rezervlar hisob-kitobiga kiritilgan milliy va (yoki) xorijiy valyutalardagi majburiyatlari;
majburiy rezervlar normativi — Markaziy bank tomonidan bankning rezerv shakllantiriladigan majburiyatlariga nisbatan foiz hisobida oʻrnatiladigan majburiy rezervlarning eng kam miqdori;
hisob-kitob davri — birinchi kuni seshanbadan boshlanib, oxirgi kuni dushanbada tugaydigan oʻn toʻrt kalendar kunidan iborat boʻlgan majburiy rezervlarni hisoblash davri;
saqlash davri — birinchi kuni payshanbadan boshlanib, oxirgi kuni chorshanbada tugaydigan oʻn toʻrt kalendar kunidan iborat boʻlgan majburiy rezervlarni saqlash davri.
2. Majburiy rezervlar normativi Markaziy bank Boshqaruvi qarori bilan oʻrnatiladi va rezerv shakllantiriladigan majburiyatlarning turi va muddatiga bogʻliq boʻladi.
3. Jismoniy shaxslar va boshqa banklarning depozitlari rezerv shakllantiriladigan majburiyatlar tarkibiga kiritilmaydi.
4. Majburiy rezervlar boʻyicha banklarga foizlar toʻlash haqidagi qaror Markaziy bank Boshqaruvi tomonidan respublika iqtisodiyotidagi joriy holat, bank tizimi likvidligi holati va monetar siyosatning asosiy yoʻnalishlaridan kelib chiqqan holda qabul qilinadi.
5. Bankning boshqa davlatlar hududida roʻyxatga olingan boʻlinmalarining majburiy rezervlarini hisoblash va depozitga oʻtkazish ushbu davlatlar qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
Majburiy rezervlar miqdori hisoblanayotganda tegishli balans hisobvaraqlaridagi bankning xorijiy davlatdagi filiali yoki shuʼbasiga oid mablagʻlar qoldiqlari chegirib tashlanadi.
6. Xorijiy valyutada jalb qilingan mablagʻlardan hisoblangan majburiy rezervlarni depozitga oʻtkazish, milliy valyutada yoki xorijiy valyutada (hisobot kunidagi Markaziy bank tomonidan xorijiy valyutaning soʻmga nisbatan belgilangan almashuv kursi boʻyicha) amalga oshiriladi. Xorijiy valyutada mablagʻlarni majburiy rezervlarga depozitga oʻtkazish AQSh dollari, yevro, Angliya funt sterlingi, Shveysariya franki va Yaponiya iyenasida amalga oshirilishi mumkin.
Bank, zarurat tugʻilganda, Markaziy bankning ruxsati bilan majburiy rezervlarni saqlash davrida majburiy rezervlarda saqlanayotgan milliy valyutani xorijiy valyutaga, xorijiy valyutani milliy valyutaga, almashtirish kunidagi Markaziy bank kursi boʻyicha ekvivalent summada almashtirishi mumkin.
II. Majburiy rezervlarni hisoblash va depozitga oʻtkazish tartibi
7. Har bir hisob-kitob davrining tugashi bilan banklar ushbu Nizomning 2-ilovasiga (Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga depozitga oʻtkazishi lozim boʻlgan majburiy rezervlari miqdori hisob-kitobi) muvofiq shaklda Nizomning 3-ilovasidagi uslubiy koʻrsatmalar asosida Markaziy bankka depozitga oʻtkazilishi lozim boʻlgan majburiy rezervlar miqdorini hisoblashni amalga oshiradilar.
Markaziy bankka depozitga oʻtkazilishi lozim boʻlgan majburiy rezervlar miqdori majburiy rezervlar normativini rezerv shakllantiriladigan majburiyatlarning hisob-kitob davridagi oʻrtacha miqdoriga koʻpaytirish orqali hisoblanadi.
Rezerv shakllantiriladigan milliy yoki xorijiy valyutadagi majburiyatlarning oʻrtacha miqdori hisob-kitob davrining har bir kuni uchun rezerv shakllantiriladigan majburiyatlar hisobvaraqlarining tegishli valyutadagi qoldiqlarini jamlash va ushbu summani hisob-kitob davridagi kalendar kunlari soniga boʻlish orqali aniqlanadi.
Bayram va dam olish kunlari uchun ushbu bayram va dam olish kunlaridan oldingi oxirgi ish kunining rezerv shakllantiriladigan majburiyatlar hisobvaraqlarining balans qoldiqlari olinadi.
8. Majburiy rezervlar hisob-kitobini Markaziy bankka taqdim qilish va qoʻshimcha ravishda majburiy rezervlar hisobvaragʻiga depozitga oʻtkazish lozim boʻlgan summalarni oʻtkazish banklar tomonidan hisob-kitob davri tugagan kundan keyingi uch ish kuni mobaynida amalga oshiriladi va ushbu oʻtkazilgan summadagi rezerv mablagʻlari saqlash davrida saqlanadi.
9. Majburiy rezervlarga ortiqcha mablagʻlar oʻtkazilganligi holati yuzaga kelganda, majburiy rezervlar hisobi taqdim etilgandan keyin, hisob-kitob taqdim etilgan kunni hisobga olmaganda, ikki ish kuni mobaynida ortiqcha mablagʻ Markaziy bank tomonidan bankka qaytariladi.
10. Majburiy rezervlar hisob-kitobi tijorat banklari tomonidan Markaziy bankka elektron pochta orqali yoʻllanishi shart. Hisob-kitob bankning rahbari va bosh buxgalteri (yoki ularning vazifalarini bajaruvchi shaxslar) tomonidan elektron raqamli imzo bilan imzolanishi lozim.
11. Banklar tomonidan majburiy rezervlarga depozitlar ularning 10309 — “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankdagi majburiy zaxira hisobvaragʻi”dan Markaziy bankda 21312 — “Rezident banklarning majburiy zaxira hisobvaragʻi”ga memorial order bilan quyidagi buxgalteriya oʻtkazmasi orqali oʻtkaziladi:
| | Dt 10309 | — | “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankidagi majburiy zaxira hisobvaragʻi” |
| | Kt 21312 | — | “Rezident banklarning majburiy zaxira hisobvaragʻi”. |
12. Banklarning 10309 — “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankidagi majburiy zaxira hisobvaragʻi” balans hisobvaragʻi qoldigʻi Markaziy bankdagi 21312 — “Rezident banklarning majburiy zaxira hisobvaragʻi”dagi mablagʻlar qoldigʻiga teng boʻlishi lozim.
III. Banklar tomonidan rezerv talablari bajarilishi ustidan Markaziy bank nazorati
13. Banklar tomonidan rezerv talablari bajarilishining toʻgʻriligi ular tomonidan taqdim etiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida depozitga oʻtkazilishi lozim boʻlgan majburiy rezervlar miqdori hisob-kitobi va bankning balans hisoboti asosida tekshiriladi. Mazkur hujjatlardagi maʼlumotlarning toʻgʻriligi va haqqoniyligi Markaziy bank tomonidan banklar faoliyatini tekshirish vaqtida koʻrib chiqiladi.
14. Bank tomonidan ushbu Nizomning 8-bandida belgilangan majburiy rezerv talablari bajarilmagan taqdirda Markaziy bank “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonunning 29-moddasiga muvofiq oʻtkazib berilmagan mablagʻ summasini hamda oʻtkazib berilmagan summadan qayta moliyalash stavkasining ikki baravari miqdorida jarima soʻzsiz tartibda undirib olinadi.
IV. Yakuniy qoida
15. Markaziy bank tomonidan bank faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziya qaytarib olingan taqdirda Markaziy bank 3 kunlik muddatda tugatish komissiyasining soʻrovnomasiga asosan bank majburiyatlari boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun avval depozitga oʻtkazilgan mablagʻlarni tugatish komissiyasi hisobvaragʻiga qaytaradi.
Tijorat banklarining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida depozitga oʻtkaziladigan majburiy rezervlari toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
1-ILOVA
Tijorat banklarining Markaziy bankda rezerv shakllantiradigan majburiyatlari
ROʻYXATI
| Balans hisob-varagʻi raqami | Rezerv shakllantiriladigan majburiyatlar nomlari |
| 20203 | Respublika qaramogʻidagi budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari mablagʻlari boʻyicha talab qilib olinguncha saqlanadigan depozitlari |
| 20204 | Mahalliy budjet qaramogʻidagi budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari mablagʻlari boʻyicha talab qilib olinguncha saqlanadigan depozitlari |
| 20205 | Budjetdan tashqari fondlarning talab qilib olinguncha saqlanadigan depozitlari |
| 20207 | Respublika yoʻl jamgʻarmasining talab qilib olinguncha saqlanadigan depozitlari |
| 20208 | Xususiy korxonalar, xoʻjalik shirkatlari va jamiyatlarning talab qilib olinguncha saqlanadigan depozitlari |
| 20210 | Davlat korxona, tashkilot va muassasalarining talab qilib olinguncha saqlanadigan depozitlari |
| 20212 | Nodavlat notijorat tashkilotlarining talab qilib olinguncha saqlanadigan depozitlari |
| 20214 | Chet el kapitali ishtirokidagi korxonalarning talab qilib olinguncha saqlanadigan depozitlari |
| 20216 | Bank boʻlmagan moliyaviy muassasalarning talab qilib olinguncha saqlanadigan depozitlari |
| 20218 | Yakka tartibdagi tadbirkorlarning talab qilib olinguncha saqlanadigan depozitlari |
| 20296 | Boshqa mijozlarning talab qilib olinguncha saqlanadigan depozitlari |
| 20403 | Respublika qaramogʻidagi budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari mablagʻlari boʻyicha jamgʻarma depozitlari |
| 20404 | Mahalliy budjet qaramogʻidagi budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari mablagʻlari boʻyicha jamgʻarma depozitlari |
| 20405 | Budjetdan tashqari fondlarning jamgʻarma depozitlari |
| 20408 | Xususiy korxonalar, xoʻjalik shirkatlari va jamiyatlarning jamgʻarma depozitlari |
| 20410 | Davlat korxona, tashkilot va muassasalarining jamgʻarma depozitlari |
| 20412 | Nodavlat notijorat tashkilotlarining jamgʻarma depozitlari |
| 20414 | Chet el kapitali ishtirokidagi korxonalarning jamgʻarma depozitlari |
| 20416 | Bank boʻlmagan moliyaviy muassasalarning jamgʻarma depozitlari |
| 20418 | Yakka tartibdagi tadbirkorlarning jamgʻarma depozitlari |
| 20496 | Boshqa mijozlarning jamgʻarma depozitlari |
| 20603 | Respublika qaramogʻidagi budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari mablagʻlari boʻyicha muddatli depozitlari |
| 20604 | Mahalliy budjet qaramogʻidagi budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari mablagʻlari boʻyicha muddatli depozitlari |
| 20605 | Budjetdan tashqari fondlarning muddatli depozitlari |
| 20608 | Xususiy korxonalar, xoʻjalik shirkatlari va jamiyatlarning muddatli depozitlari |
| 20610 | Davlat korxona, tashkilot va muassasalarining muddatli depozitlari |
| 20612 | Nodavlat notijorat tashkilotlarining muddatli depozitlari |
| 20614 | Chet el kapitali ishtirokidagi korxonalarning muddatli depozitlari |
| 20616 | Bank boʻlmagan moliyaviy muassasalarning muddatli depozitlari |
| 20618 | Yakka tartibdagi tadbirkorlarning muddatli depozitlari |
| 20696 | Boshqa mijozlarning muddatli depozitlari |
| 21202 | Boshqaruv (menedjer) cheklari |
| 22604 | Mijozlarning boshqa depozitlari — jamgʻarma — maqsadli |
| 22606 | Mijozlarning import bilan bogʻliq tratta va\yoki trast hujjatlari bilan kafolatlangan akkreditivlar boʻyicha depozitlari |
| 22608 | Mijozlarning qimmatli qogʻozlar bilan boʻladigan operatsiyalar boʻyicha mablagʻlari |
| 22610 | Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi |
| 22612 | Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi orqali amalga oshiriladigan oʻtkazmalar |
| 22620 | Korporativ plastik kartochkalar boʻyicha majburiyatlar |
| 22622 | Yuridik shaxslarning oʻz vakolatxonalari va filiallari taʼminoti uchun ajratgan mablagʻlari |
| 22624 | Savdo korxonalarining maqsadli mablagʻlari |
| 22626 | Korxona va tashkilotlarning maqsadli mablagʻlari |
| 22696 | Boshqa depozit majburiyatlari |
| 23404 | Respublika qaramogʻidagi budjet muassasalarining mablagʻlari |
| 23424 | Kapital qoʻyilmalarni mahalliy budjetlardan moliyalashtirish |
| 23426 | Mahalliy budjet mablagʻlari — tuman/shahar |
| 23430 | Mahalliy budjet mablagʻlari — viloyat |
| 23432 | Mahalliy budjet mablagʻlari — Qoraqalpogʻiston Respublikasi |
| 29801 | Mijozlar bilan hisob-kitoblar |
| 29842 | Harakatsiz depozit majburiyatlari |
| 29846 | Talab qilib olinmagan boshqa kredit qoldiqlari |
| 29896 | Boshqa majburiyatlar |
Keyingi tahrirga qarang.
Tijorat banklarining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida depozitga oʻtkaziladigan majburiy rezervlari toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga depozitga oʻtkazishi lozim boʻlgan majburiy rezervlari miqdori
HISOB-KITOBI
|
__________ banki boʻyicha 20__ y. “____” ______ dan “____” ________ gacha boʻlgan davr uchun | ||||||
| | | | | |
ming soʻmda | |
| № | Rezerv shakllantiriladigan majburiyatlar | Balans hisobvaraqlari | Rezerv shakllantiriladigan majburiyatlarning oʻrtacha miqdori | Majburiy rezervlar normativi, foizlarda | Depozitga oʻtkaziladigan mablagʻlar miqdori | |
| milliy valyutada | xorijiy valyutada | |||||
| | A | B | V | G | D | E |
| 1. | Talab qilib olinguncha saqlanadigan depozitlar | 20200 minus 20202, 20206 | | | | |
| 2. | Jamgʻarma depozitlar | 20400 minus 20402, 20406 | | | | |
| 3. | Muddatli depozitlar | 20600 minus 20602, 20606, jadvalning 4 va 5-qatori | | | | |
| 4. | Yuridik shaxslarning muddati 1 yildan 3 yilgacha boʻlgan depozitlari | 20600 (minus 20602, 20606) hisobvaraqning tegishli qismi | | | | |
| 5. | Yuridik shaxslarning muddati 3 yildan ortiq boʻlgan depozitlari | 20600 (minus 20602, 20606) hisobvaraqning tegishli qismi | | | | |
| 6. | Boshqarish (menedjerlik) cheklari | 21202 | | | | |
| 7. | Mijozlarning boshqa depozitlari | 22600 minus 22602, 22614, 22618, 22628 | | | | |
| 8. | Respublikaga boʻysunuvchi budjet tashkilotlarining mablagʻlari | 23404 | | | | |
| 9. | Mahalliy budjetdan moliyalashtirish | 23424 | | | | |
| 10. | Mahalliy budjet mablagʻlari — tuman/shahar | 23426 | | | | |
| 11. | Mahalliy budjet mablagʻl�ri — viloyat | 23430 | | | | |
| 12. | Mahalliy budjet mablagʻlari — Qoraqalpogʻiston Respublikasi | 23432 | | | | |
| 13. | Mijozlar bilan hisob-kitoblar | 29801 | | | | |
| 14. | Depozit majburiyatlari — harakatsiz | 29842 | | | | |
| 15. | Boshqa kreditlar — talab qilinmagan qoldiqlar | 29846 | | | | |
| 16. | Boshqa majburiyatlar | 29896 | | | | |
| 17. | Rezerv shakllantiriladigan majburiyatlarga taalluqli satrlar jami | | | | | |
| 18. | Naqd pul zaxirasi | 10102 | | | | |
| 19. | Boshqa aktivlar (Oʻzbekiston Respublikasi Valyuta birjasiga konvertatsiya uchun yoʻnaltirilgan mijozlarning mablagʻlari) | 19997 | | | | |
| 20. | Saqlash davrida majburiy rezervlarda saqlanishi lozim boʻlgan jami mablagʻlar | | | | | |
| 21. | Hisobot sanasida majburiy rezervlarda saqlanayotgan mablagʻlar | 10309 | | | | |
| 22. | Majburiy rezervlar hisobvaragʻiga qoʻshimcha ravishda depozitga oʻtkazish yoki Markaziy bank tomonidan qaytarilishi lozim boʻlgan mablagʻlar | | | | | |
Bank rahbari: |
| | | | | |
| Bosh buxgalter: | | | | | | |
Keyingi tahrirga qarang.
Tijorat banklarining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida depozitga oʻtkaziladigan majburiy rezervlari toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA
3-ILOVA
“Majburiy rezervlarga depozitga oʻtkaziladigan mablagʻlar hisob-kitobi” jadvalini (ushbu Nizomga 2-ilova) toʻldirish boʻyicha uslubiy koʻrsatmalar
Umumiy koʻrsatmalar:
Hisob-kitob elektron pochta orqali berilishi lozim.
Jadval kataklari boʻsh qoldirilmasligi kerak. Agar axborot boʻlmasa nol koʻrsatilsin.
Hisob-kitobda umumiy summa butunligicha ming soʻmda koʻrsatilishi lozim. 500 soʻm va undan kam boʻlgan summa hisobga olinmaydi (chiqarib tashlanadi), 500 soʻmdan ortiq boʻlgan summa minggacha yaxlitlanadi.
Hisob-kitob tuzishda ham musbat, ham manfiy summalar uchrashi mumkin.
Hisob-kitobni tuzishda har kunlik balans hisoboti asosida hisoblanadigan oʻrtacha ikki haftalik balans maʼlumotlari aks ettirilishi lozim.
(V) Ustun — Milliy valyutadagi rezerv shakllantiriladigan majburiyatlarning oʻrtacha ikki haftalik qoldigʻi. Bu ustunda milliy valyutadagi koʻrsatib oʻtilgan majburiyatlarning oʻrtacha ikki haftalik qoldigʻi koʻrsatilishi lozim.
(G) Ustun — Xorijiy valyutadagi rezerv shakllantiriladigan majburiyatlarning oʻrtacha ikki haftalik qoldigʻi. Bu ustunda xorijiy valyutadagi koʻrsatib oʻtilgan majburiyatlarning oʻrtacha ikki haftalik koʻrsatilishi lozim.
(D) Ustun — Majburiy rezervlar normativi. Bu ustunda milliy va xorijiy valyutadagi majburiyatlar uchun Markaziy bank tomonidan belgilangan majburiy rezerv normativi foizlarda koʻrsatilishi lozim.
(E) Ustun — Depozitga oʻtkaziladigan mablagʻlar summasi. Quyidagi formula boʻyicha hisoblanadi:
(E) Ustun = (V) Ustun + (G) Ustun / 100 x (D) Ustun
1-Satr. Talab qilib olinguncha saqlanadigan depozitlar. Bu satrda 20202 va 20206 hisobvaraqlari qoldiqlari olib tashlangan holda 20200 balans hisobvaragʻining qoldigʻi koʻrsatiladi.
2-Satr. Jamgʻarma depozitlar. Bu satrda 20402 va 20406 hisobvaraqlari qoldiqlari olib tashlangan holda 20400 balans hisobvaragʻining qoldigʻi koʻrsatiladi.
3-Satr. Muddatli depozitlar. Bu satrda 20602 va 20606 hisobvaraqlari qoldiqlari hamda jadvalning 4 va 5-satrlari olib tashlangan holda 20600 balans hisobvaragʻining qoldigʻi koʻrsatiladi.
4-Satr. Yuridik shaxslarning muddati 1 yildan 3 yilgacha boʻlgan depozitlari. Bu satrda 20602 va 20606 hisobvaraqlari qoldiqlari olib tashlangan holda 20600 balans hisobvaragʻi qoldigʻidagi yuridik shaxslarning muddati 1 yildan 3 yilgacha boʻlgan depozitlari summasi koʻrsatiladi
5-Satr. Yuridik shaxslarning muddati 3 yildan ortiq boʻlgan depozitlari. Bu satrda 20602 va 20606 hisobvaraqlari qoldiqlari olib tashlangan holda 20600 balans hisobvaragʻi qoldigʻidagi yuridik shaxslarning muddati 3 yildan ortiq boʻlgan depozitlari summasi koʻrsatiladi
6-Satr. Boshqarish (menedjerlik) cheklari. Bu satrda 21202 hisobvaragʻi boʻyicha balans qoldigʻi koʻrsatiladi.
7-Satr. Mijozlarning boshqa depozitlari. Bu satrda 22602, 22614 va 22618 va 22628 hisobvaraqlari qoldiqlari olib tashlangan holda 22600 balans hisobvaragʻining qoldigʻi koʻrsatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
8-Satr. Respublika qaramogʻidagi budjet muassasalarining mablagʻlari. Bu satrda 23404 balans hisobvaragʻining qoldigʻi koʻrsatiladi.
9-Satr. Kapital qoʻyilmalarni mahalliy budjetdan moliyalashtirish. Bu satrda 23424 balans hisobvaragʻining qoldigʻi koʻrsatiladi.
10-Satr. Mahalliy budjet mablagʻlari — tuman/shahar. Bu satrda 23426 balans hisobvaragʻining qoldigʻi koʻrsatiladi.
11-Satr. Mahalliy budjet mablagʻlari — viloyat. Bu satrda 23430 balans hisobvaragʻining qoldigʻi koʻrsatiladi.
12-Satr. Mahalliy budjet mablagʻlari — Qoraqalpogʻiston Respublikasi. Bu satrda 23432 balans hisobvaragʻining qoldigʻi koʻrsatiladi.
13-Satr. Mijozlar bilan hisob-kitoblar. Bu satrda 29801 balans hisobvaragʻining qoldigʻi koʻrsatiladi.
14-Satr. Harakatsiz depozit majburiyatlari — Bu satrda 29842 balans hisobvaragʻining qoldigʻi koʻrsatiladi.
15-Satr. Talab qilib olinmagan boshqa kredit qoldiqlari. Bu satrda 29846 balans hisobvaragʻining qoldigʻi koʻrsatiladi.
16-Satr. Boshqa majburiyatlar. Bu satrda 29896 balans hisobvaragʻining qoldigʻi koʻrsatiladi.
17-Satr. Rezerv shakllantiriladigan majburiyatlarga taalluqli satrlarning jami. Bu satrda 1 — 16 satrlarning (E) ustunidagi mablagʻlarning jami koʻrsatiladi.
18-Satr. Naqd pul zaxirasi. Bu satrda 10102 balans hisobvaragʻining oʻrtacha ikki haftalik qoldigʻi koʻrsatiladi.
19-Satr. Oʻzbekiston Respublikasi Valyuta birjasiga konvertatsiya uchun yoʻnaltirilgan mijozlarning mablagʻlari. Ushbu satrning (V) ustunida hisob-kitob davrida 19997 balans hisobvaragʻi orqali Oʻzbekiston Respublikasi Valyuta birjasiga konvertatsiya uchun yoʻnaltirilgan mablagʻlar summasi, (E) ustunida (V) ustuni koʻrsatkichining majburiy rezerv normativi koʻrsatkichiga koʻpaytmasidan hosil boʻlgan summa koʻrsatiladi.
20-satr. Saqlash davrida majburiy rezervlarda saqlanishi lozim boʻlgan jami mablagʻlar. Bu satr quyidagi formula orqali hisoblanadi.
20-Satr = 17-Satr (E) ustuni minus 18-Satr (V) ustuni va 19-Satr (E) ustuni
21-Satr. Hisobot davrining oxirgi sanasida majburiy rezervlarda saqlanayotgan mablagʻlar. Bu satrda 10309 balans hisobvaragʻidagi qoldiq koʻrsatiladi.
22-Satr. Majburiy rezervlar hisobvaragʻiga qoʻshimcha ravishda depozitga oʻtkazish yoki Markaziy bank tomonidan qaytarilishi lozim boʻlgan mablagʻlar.
Bu satr quyidagi formula orqali hisoblanadi.
22-Satr = 20-Satr (E) ustuni minus 21-Satr (E) ustuni
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 37-son, 412-modda; 2014-y., 52-son, 634-modda)