Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
GERMANIYA “KfV” TARAQQIYOT BANKI MABLAGʻLARINI JALB ETGAN HOLDA MOLIYA SEKTORINI QOʻLLAB-QUVVATLASH DASTURINI AMALGA OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni kreditlash uchun tijorat banklarining resurs bazasini kengaytirish, shuningdek Germaniya “KfV” taraqqiyot bankining kredit liniyasidan oʻz vaqtida va samarali foydalanish maqsadida:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Germaniya Federativ Respublikasi Hukumati oʻrtasida moliyaviy hamkorlik haqidagi Bitimga muvofiq moliya sektorini qoʻllab-quvvatlash Dasturini amalga oshirish maqsadida Germaniya “KfV” taraqqiyot banki tomonidan Oʻzbekiston Respublikasiga quyidagilarni berish toʻgʻrisida ahdlashuvga erishildi:
0,75% yillik foizli stavka bilan 10 yil imtiyozli davrni ham hisobga olgan holda 40 yil muddatga jami 17,3 mln. yevro miqdorida kredit liniyasi. Bunda 12,3 mln. yevro miqdoridagi mablagʻlar kichik biznes loyihalarini moliyalashtirishga, 5 mln. yevro esa ipotekani kreditlashga yoʻnaltiriladi;
mazkur dasturni amalga oshirishda texnik yordam koʻrsatish uchun 1,5 mln. yevro miqdorida grant.
2. Belgilansinki:
mahalliy xom ashyo va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, xizmat koʻrsatish, jumladan savdo sohalaridagi 100 dan 200 kishigacha band boʻlgan mikrofirmalar, kichik va boshqa korxonalar tomonidan qoʻshimcha ish joylarini yaratish, shuningdek kasanachilikni tashkil etish mazkur dastur doirasidagi kreditlashning ustuvor yoʻnalishlari hisoblanadi;
kredit liniyalari mablagʻlari Germaniya “KfV” taraqqiyot banki bilan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi hamda tijorat banklari oʻrtasida mablagʻlarni Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasidagi kreditlar uchun — UZIBOR (12 oy)ga teng foiz stavkasi va xorijiy valyutadagi kreditlar uchun — 7% yillik foizli stavka bilan 3 yil imtiyozli davrni hisobga olgan holda 12 yil muddatga berish toʻgʻrisida imzolangan shartnomalar asosida Germaniya “KfV” taraqqiyot banki tomonidan tanlab olingan respublikaning tijorat banklariga taqdim etiladi;
tijorat banklaridan tushumlar bilan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi tomonidan olinadigan, Germaniya “KfV” taraqqiyot bankiga toʻlanadigan mablagʻlar oʻrtasidagi tafovut summasi ham ushbu Qarorda belgilangan loyihalarni, shuningdek mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha boshqa loyihalarni kreditlashga yoʻnaltiriladi;
Germaniya “KfV” taraqqiyot banki tomonidan foizlar tarzida olingan daromadlar Oʻzbekiston Respublikasi bilan Germaniya Federativ Respublikasi oʻrtasida daromad va mulk soliqlariga nisbatan ikki yoqlama soliqqa tortilishni bartaraf etish toʻgʻrisida 1999-yil 7-sentabrdagi Bitimga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi hududida soliqqa tortilmaydi.
3. Belgilansinki, tijorat banklari Germaniya “KfV” taraqqiyot banki kredit liniyasi mablagʻlaridan quyidagi kredit turlarini beradi:
bitta qarz oluvchiga ekvivalenti 10 ming yevrodan oshmaydigan miqdorda Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasida yoki xorijiy valyutadagi mikrokreditlar. Bunda xususiy tadbirkorlarga va yuridik shaxs boʻlmagan dehqon xoʻjaliklariga Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasidagi mikrokreditlar naqd pulda beriladi;
bitta qarz oluvchiga 4 yildan 6 yilgacha muddatga, bir yildan ikki yilgacha imtiyozli davrni hisobga olgan holda, ekvivalenti 200 ming yevrodan oshmaydigan miqdorda aylanma mablagʻlarini toʻldirish hamda asosiy vositalarni xarid qilish uchun kichik korxonalar va 100 dan 200 kishigacha band boʻlgan korxonalarga Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasida yoki xorijiy valyutada naqd pulsiz shaklda beriladigan kreditlar;
uy-joy qurish, rekonstruksiya qilish va uy-joy sotib olish uchun bitta qarz oluvchiga ekvivalenti 20 ming yevrodan oshmaydigan miqdorda, shu jumladan naqd pul shaklida ekvivalenti 5 ming yevrogacha — uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun, 1 yil imtiyozli davrni hisobga olgan holda 12 yil muddatga beriladigan Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasidagi ipoteka kreditlari.
Naqd pulda berilgan mikrokreditlar va ipoteka kreditlari qarzdorlar tomonidan naqd pul shaklida qaytariladi.
4. Quyidagilar kichik biznes loyihalarini naqd pul shaklida mikrokreditlashning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
ishlab chiqarishni rivojlantirish va kengaytirish, shuningdek issiq-xona xoʻjaligini tashkil etish uchun urugʻliklar xarid qilish, qoramol, parranda, yem-xashak va omuxta yem, veterinariya preparatlari sotib olish;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini, shu jumladan meva-sabzavot hamda goʻsht-sut mahsulotlarini tayyorlash va birlamchi ishlov berish;
mehnat qurollari, xom ashyo, yarim tayyor mahsulotlar, furnitura (yordamchi materiallar) sotib olish;
hunarmandchilikni rivojlantirish, kasanachilik mehnatini tashkil etish;
servis xizmatlari va aholiga maishiy xizmat koʻrsatishni, asosan qishloq joylarda rivojlantirish;
Germaniya “KfV” taraqqiyot banki bilan kelishilgan holda isteʼmol tovarlarini ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirish bilan bogʻliq tadbirkorlik faoliyatining boshqa turlari.
5. Belgilansinki, Germaniya “KfV” taraqqiyot banki kredit liniyasi doirasida ekvivalenti 200 ming yevrogacha xarid qilinadigan tovarlar, ishlar va xizmatlar kichik korxonalar hamda 100 dan 200 kishigacha band boʻlgan korxonalar tomonidan mustaqil ravishda bir necha yetkazib beruvchi takliflarini toʻgʻridan-toʻgʻri soʻrab olish yoʻli bilan amalga oshirilishi mumkin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziriga Germaniya “KfV” taraqqiyot banki bilan Ssuda berish va moliyaviy qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi shartnomani imzolash vakolati berilsin.
7. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 11-mart,
PQ-1070-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-y., 3-son, 102-modda)