Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING “OʻZBEKISTON IFTIXORI” FAXRIY UNVONINI TAʼSIS ETISh TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvoni taʼsis etilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi 1996-yil 26-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy unvonlari toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, № 5-6, 64-modda; 1997-yil, № 2, 64-modda; 1998-yil, № 5-6, 114-modda) 1-moddasi “Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi” degan soʻzlardan soʻng quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston iftixori”.
3. Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 26-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy unvonlari toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining faxriy unvonlari toʻgʻrisidagi Nizom “Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoni toʻgʻrisidagi matndan soʻng quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvoni jahon chempionatlarida, Olimpiya oʻyinlarida va shularga teng jahon sport anjumanlarida gʻoliblik — chempionlik unvoniga erishgan hamda oʻz yutuqlari bilan Vatan obroʻsini, shoni va shuhratini ulugʻlashga koʻmaklashgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga beriladi”.
4. Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 26-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy unvonlari toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining faxriy unvonlarining koʻkrak nishonlari tavsifi “Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvonining koʻkrak nishoni tavsifi matnidan soʻng quyidagi mazmundagi matn bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston iftixori”
Koʻkrak nishoni 0.25 mikron qalinlikda tilla qoplangan 925 probali kumushdan tayyorlanib, diametri 36 millimetrli doira shaklida boʻladi. Nishonning qalinligi 2.2 millimetr.
Nishonning hoshiyalangan tekis yuz tomoni oq emal bilan qoplangan boʻlib, stadion tasviri va yashil rangli futbol maydoni aks ettirilgan, uning pastki qismida olimpiya ramzi — beshta oʻzaro bogʻliq halqalar joylashgan. Stadiondan yuqorida kumush rangdagi ikkita qoʻl tasvirlangan boʻlib, ular Oʻzbekiston Respublikasi relyef Gerbini koʻtarib turibdi. Nishonning yuqori qismida, gerb yuqorisida “O`ZBEKISTON IFTIXORI” degan yozuv joylashgan. Pastki qismida yashil shaffof emal bilan qoplangan dafna shoxlari joylashgan boʻlib, ularning oʻrtasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi ranglaridagi lenta bilan oʻralgan.
Nishonning orqa tomonida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan. Gerbning pastki qismida 1 millimetr balandlikdagi botiq shriftda nishon raqami qoʻyilgan.
Tasvir va yozuv qabariq.
Koʻkrak nishoni ichki qismiga Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi ranglaridagi shoyi lenta sirilgan qadagʻichga halqa va ilmoqcha yordamida ulanadi”.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 28-avgust,
665-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 9-son, 164-modda; 2000-y., 5-6-son, 153-modda)