O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAKILLARINING O‘QISHINI TASHKIL ETISH UCHUN YAPONIYA HUKUMATINING GRANTLARIDAN SAMARALI FOYDALANISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Yaponiya Hukumatining O‘zbekiston Respublikasi vakillarining Yaponiyada o‘qishini tashkil etish uchun berilayotgan 244 mln. Yaponiya yenasi grantlaridan samarali foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Yaponiya Hukumatining O‘zbekiston Respublikasi vakillarining Yaponiya yetakchi universitetlari magistraturasida o‘qishini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
O‘qish uchun nomzodlarni tanlab olish Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligi (JISA), Yaponiya Xalqaro hamkorlik markazi (JISE), O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi tomonidan amalga oshirilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Bosh vazirning o‘rinbosari R.S. Qosimovga O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Ayirboshlash notalari va Grant Bitimini imzolash vakolati berilsin.
3. Quyidagilarga:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligiga — loyihani amalga oshirish uchun beg‘araz yordam mablag‘larini olish va ularga xizmat ko‘rsatish uchun Yaponiya tomoni bilan kelishgan holda barcha tartib-qoidalarni rasmiylashtirish;
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga — yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan beg‘araz yordam mablag‘lariga hisob-kitob xizmati ko‘rsatish yuklansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ko‘rsatib o‘tilgan beg‘araz yordamga hisob-kitob xizmati ko‘rsatilganligi uchun Yaponiya tomoniga vositachilik haqini vazirlikning Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining buyurtmanomalari bo‘yicha ushbu loyihani amalga oshirishda qatnashadigan xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari konsullik yig‘imlari va boshqa yig‘imlar undirilmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi buyurtmanomalari bo‘yicha loyihani amalga oshirishda qatnashadigan xorijiy mutaxassislarga ko‘p martalik vizalar berilishi va uzaytirilishini, shuningdek ular yashash joylarida davlat bojlari undirilmasdan vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazilishini va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish muddati uzaytirilishini ta’minlasin.
7. O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi ushbu loyiha bo‘yicha JISE tomonidan tayyorlangan videoroliklar va audiomateriallar belgilangan tartibda televideniye va radioda joylashtirilishini ta’minlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
Yaponiyada JISA loyihasi doirasida o‘qigan o‘zbekistonlik mutaxassislarning ma’lumoti to‘g‘risidagi hujjatlar nostrifikatsiya qilinishiga va ularning ishga joylashtirilishiga ko‘maklashsin;
ularning mehnat faoliyati ustidan doimiy monitoring olib borsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 16-iyul,
201-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2009-y., 29-son, 336-modda)