O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI ADLIYA VAZIRLIGINING FAOLIYATINI TAKOMILLAShTIRISh TO‘G‘RISIDA
Adliya organlarining roli va mas’uliyatini oshirish, qonun chiqarish faoliyatini kuchaytirish, aholiga huquqiy xizmatni yaxshilash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida:
1. O‘zbekiston SSRning ittifoq-respublika Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasining Adliya vazirligiga aylantirilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining faoliyatini tashkil etish yuzasidan tegishli qaror qabul qilsin. Qarorda quyidagilarni tuzish ko‘zda tutilsin:
Oldingi tahrirga qarang.
(2-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 7-maydagi PF-3243-son Farmoni bilan o‘z kuchini yo‘qotgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 5-son, 69-modda)
O‘zbekiston Respublikasining Adliya vazirligi huzurida ixtisoslashtirilgan “Adolat” nashriyoti hamda “Hayot va qonun” yuridik jurnalini chiqarish.
3. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasining Adliya vazirligi:
O‘zbekiston Respublikasining huquqqa doir siyosatini o‘tkazishda respublika davlat organlarining faoliyatini muvofiqlashtiradi;
respublika organlari bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi hamda uning fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlaydi;
tegishli huquqiy masalalarni yechish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish chog‘ida Prezident manfaatlarining ifodachisi bo‘ladi;
boshqa davlatlarning sudlarida tomonlardan biri O‘zbekiston Respublikasi bo‘lgan nizolarni ko‘rib chiqish chog‘ida O‘zbekiston Respublikasidan vakillik qiladi.
O‘zbekiston Respublikasining Adliya vazirligi mana shu vazifalarni amalga oshirish uchun boshqa respublikalar hamda ajnabiy davlatlarning tegishli davlat organlari va yuridik muassasalari bilan, shuningdek xalqaro tashkilotlar bilan belgilangan tartibda muzokaralar olib borishga hamda shartnomalar va bitimlar tuzishga haqlidir.
O‘zbekiston Respublikasining Adliya vazirligi ikki oy muddat ichida huquqiy muhofaza qiluvchi boshqa organlarning ishtirokida O‘zbekiston Respublikasining huquqiy siyosatini muvofiqlashtiruvchi Kengash to‘g‘risidagi Nizomni tayyorlashi zarur.
4. O‘zbekiston Respublikasining Adliya vazirligi zimmasiga quyidagi vazifalar yuklansin:
davlat va xo‘jalik organlarining huquqiy xizmat xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazishni tashkil qilish, shuningdek fuqarolarga huquqiy yordam berish bilan bog‘liq tadbirkorlik faoliyatiga litsenziya berish;
vazirliklar, davlat komitetlari va idoralar o‘zlarining huquq doirasida qabul qiladigan hamma uchun majburiy tusdagi me’yoriy hujjatlarni huquqiy jihatdan ekspertiza qilish hamda ro‘yxatdan o‘tkazish;
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining ixtiyoriga o‘tkazilgan masalalarga doir qonun hujjatlarini o‘zgartirish va ularga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida takliflar ishlab chiqib, ularni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Rayosatiga taqdim etish;
Buxoro viloyat sudining doimiy sessiyasiga, respublika hududida alohida tartib bilan ishlaydigan obyektlarga xizmat ko‘rsatuvchi davlat notarial idorasi va huquqiy maslahat berish xonalariga tashkiliy rahbarlikni amalga oshirish.
5. O‘zbekiston Respublikasining vazirliklari, davlat komitetlari va idoralari zimmasiga o‘zlarining huquq doirasida me’yoriy hujjatlarni chiqarish chog‘ida fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan yagona huquqiy siyosatni o‘tkazish majburiyati yuklansin.
6. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining ijroiya komitetlari uch oy muddat ichida sudlarni, notarial idoralarni, ZAGS organlarini va advokatlarning huquqiy maslahat berish xonalarini binolar, inshootlar, transport vositalari hamda tashkiliy texnika bilan ta’minlashga yordam bersinlar.
7. Adliya vazirligiga qonun chiqarish tashabbusi huquqini berish masalasini muhokama qilish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashiga taklif kiritilsin.
Ushbu Farmon imzolangan paytdan boshlab kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 8-yanvar,
PF-314-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 2-son, 98-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-y., 5-son, 69-modda)