Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PROKURATURASI ORGANLARI TOʻGʻRISIDA
“Oʻzbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududida qonunlar aniq va bir xil ijro etilishi ustidan oliy nazoratni taʼminlash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini, jumhuriyat suverenitetini himoya qilish maqsadida:
1. Ittifoq qaramogʻidagi Oʻzbekiston SSR prokuraturasi Oʻzbekiston Respublikasi prokuraturasiga aylantirilsin.
2. Respublika hududida ish koʻrayotgan Oʻrta Osiyo transport prokuraturasi, uning organlari negizida viloyat prokuraturasi huquqiga ega boʻlgan Oʻzbekiston Transport prokuraturasi tashkil etilib, u Oʻzbekiston Respublikasi prokuraturasiga boʻysundirilsin.
3. Prokuratura Oʻzbekiston Respublikasining Moliya vazirligi, Iqtisodiyot komiteti bilan birgalikda bir hafta muddat ichida respublika prokuraturasi organlarining tuzilishiga, ularni moliyaviy va moddiy-texnikaviy jihatdan taʼminlashga oid takliflarni ishlab chiqsin xamda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
“Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasi bir oy muddat ichida tayyorlansin va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi koʻrib chiqishi uchun taqdim etilsin.
4. Belgilansinki, Mudofaa ishlari vazirligida, uning joylardagi boshqarmalari va boʻlimlarida xamda jumhuriyat hududida joylashgan ichki qoʻshinlarda qonunlarning ijrosi ustidan prokuror nazoratini amalga oshirish Oʻzbekiston Respublikasi prokurori zimmasiga yuklanadi.
5. Ushbu Farmon imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 8-yanvar,
PF-313-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 2-son, 97-modda)