Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Qarori
ELCHIXONA UCHUN IJARAGA OLINGAN YER UCHASTKASINI KOREYA RESPUBLIKASI MULKI QILIB SOTISH TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksiga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasidagi diplomatiya vakolatxonalari va xalqaro tashkilotlarning ish sharoitlarini yaxshilashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 1995-yil 14-noyabrdagi PF-1287-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Davlat mulki qoʻmitasi va Toshkent shahar hokimligining Toshkent shahri, Mirobod tumani, Afrosiyob koʻchasi, 7-uy manzilidagi Koreya Respublikasi Elchixonasi va Qarorgohi uchun ijaraga olingan 5 065,0 kv.m. maydonli yer uchastkasini 1 861 400,0 AQSH dollariga Koreya Respublikasi mulki qilib sotish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi:
Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq Koreya Respublikasi Elchixonasi bilan koʻrsatib oʻtilgan yer uchastkasining oldi-sotdi shartnomasini tuzsin;
shartnoma majburiyatlarining bajarilishi yakunlariga koʻra koʻrsatib oʻtilgan yer uchastkasiga Koreya Respublikasi mulki huquqini tasdiqlovchi Davlat dalolatnomasini belgilangan tartibda bersin;
yer uchastkasini Koreya Respublikasiga sotishdan olingan 1 861 400,0 AQSH dollari miqdoridagi mablagʻni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 22-avgustdagi 362-son qarori bilan belgilangan tartibga muvofiq taqsimlasin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 29-sentabr,
217-son