Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Qarori
“SALOMATLIK-2” VA “AYOLLAR VA BOLALAR SOGʻLIGʻINI MUSTAHKAMLASH” LOYIHALARINI AMALGA OSHIRISH UCHUN JAHON BANKINING XALQARO TARAQQIYOT UYUSHMASI TOMONIDAN AJRATILADIGAN MABLAGʻLARDAN OQILONA FOYDALANISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Jahon bankining “Salomatlik-2” va “Ayollar va bolalar sogʻligʻini mustahkamlash” loyihalarini moliyalashtirish uchun ajratiladigan mablagʻlaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot uyushmasi tomonidan moliyalashtiriladigan “Salomatlik-2” va “Ayollar va bolalar sogʻligʻini mustahkamlash” loyihalari doirasida oʻtkazilgan xalqaro tender natijalari boʻyicha:
“OʻzDEUavto” aksiyadorlik jamiyati gʻolib deb eʼtirof etilganligi;
tender gʻolibi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining “Oʻzmedeksport” respublika tashqi iqtisodiy korxonasi oʻrtasida Jahon bankining tegishli tartib-qoidalariga rioya qilgan holda umumiy summasi 465 689,0 AQSH dollariga teng boʻlgan 71 ta “Damas” Ambulance” avtomobili yetkazib berishga xorijiy valyutada kontrakt tuzilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Jeneral Motors — Oʻzbekiston” qoʻshma korxonasiga (“OʻzDEUavto” aksiyadorlik jamiyatining huquqiy vorisi) umumiy summasi 465 689,0 AQSH dollariga teng boʻlgan 71 ta “Damas” Ambulance” avtomobilini yuklab joʻnatilgan mahsulot uchun Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot uyushmasi xorijiy hisob raqamlaridan dollarda haq toʻlashni nazarda tutadigan kontrakt boʻyicha “Oʻzmedeksport” respublika tashqi iqtisodiy korxonasiga yetkazib berishga ruxsat berilsin.
Ushbu kontrakt boʻyicha tushadigan valyuta tushumi tovarlar eksportidan xorijiy valyutadagi tushumga tenglashtiriladi va belgilangan tartibda sotilishi shart.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Q.S.Sanaqulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 21-may,
103-son