Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
Qarori
Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti toʻgʻrisida
Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazoning toʻgʻri tayinlanishi odil sudlovni amalga oshirishning muhim kafolatidir.
Keyingi tahrirga qarang.
Adolatli jazo tayinlanishi undan koʻzlangan maqsadlarga — mahkumni axloqan tuzatish, mahkum va boshqa shaxslar tomonidan yangi jinoyatlar sodir etilishining oldini olishga erishish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Sud amaliyoti tahlili sudlar tomonidan jazo tayinlashda qonun normalari asosan toʻgʻri qoʻllanilayotganligini koʻrsatadi. Shu bilan birga, sud-huquq islohotlarining muhim tarkibiy qismi boʻlgan jinoiy jazolarning liberallashtirilishi mohiyatini sudlar har doim ham chuqur tushunishmayotganligi oqibatida ayrim jinoyat ishlari boʻyicha jazo turi va meʼyorini belgilashda xatoga yoʻl qoʻyilmoqda.
Jazo tayinlash masalalarini tartibga soluvchi qonun normalari toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 17-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi sudlarga quyidagi tushuntirishlarni berishga qaror qiladi:
Jazo tayinlashning umumiy asoslarini qoʻllash boʻyicha
1. Sudlarning eʼtibori jinoyat uchun jazo tayinlashda qonuniylik, insonparvarlik, odillik va javobgarlikning muqarrarligi prinsiplariga qatʼiy amal qilishga qaratilsin.
2. Sudlarga tushuntirilsinki, Jinoyat kodeksining 10-moddasida nazarda tutilgan javobgarlikning muqarrarligi prinsipi jazo qoʻllanilishi shartligini anglatmaydi.
Shu tufayli sudlar, ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan yoki uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatni birinchi marta sodir etgan, chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va jinoyatning ochilishiga faol yordam bergan, yetkazilgan ziyonni qoplagan shaxslarni JK 65, 66, 70, 71-moddalariga muvofiq javobgarlikdan va jazodan ozod qilish masalasini muhokama qilishlari lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Jinoyat kodeksining 8, 54-moddalari mazmuniga koʻra, jazo adolatli boʻlishi — har bir holatda individual tayinlanishi, jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasiga, aybdorning shaxsiga, shuningdek jazoni yengillashtiruvchi va ogʻirlashtiruvchi holatlarga muvofiq boʻlishi kerak.
Jinoyatning ijtimoiy xavflilik xususiyati tajovuz obyekti (inson hayoti va sogʻligʻi, mulk, jamoat xavfsizligi va h.k.), ayb shakli, jinoiy qilmishning qonunda qaysi toifaga (JK 15-moddasi) kiritilganligi bilan belgilanadi.
Jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi qilmish sodir etilishi holatlari (jinoiy niyatning amalga oshirilganligi darajasi va bosqichlari jinoyatni sodir etish usuli, zarar miqdori yoki kelib chiqqan oqibatlar ogʻirligi, ishtirokchilikda sodir etilgan jinoyatda sudlanuvchining roli) bilan belgilanadi.
4. Qonun tayinlanadigan jazo turi va meʼyorini aybdorning shaxsini tavsiflovchi obyektiv va ijtimoiy omillar bilan bogʻliq qilib qoʻyganligi tufayli sudlar jinoyat ishlarini koʻrib chiqish paytida mazkur holatlarni aniqlashlari shart.
Obyektiv omillarga, xususan, aybdorning yoshi, jinsi, homiladorlik holati, ijtimoiy omillarga — sudlanganligi, oiladagi, jamiyatdagi xulq-atvori, mashgʻuloti, davlat yoki ijtimoiy mavqeyi va h.k. lar kiradi.
5. Sudlar ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan, shuningdek uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan va jamiyatdan ajratmagan holda axloqan tuzatilishi mumkin boʻlgan shaxslarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolar tayinlash uchun qonunda mavjud barcha imkoniyatlardan toʻliq foydalanishlari kerak.
Qonun normasi sanksiyasida alternativ jazolar mavjud boʻlganda hukmda ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq jazoni qoʻllash zarurligi toʻgʻrisidagi masala muhokama etilishi shart.
6. Jinoyat-protsessual kodeksi 467-moddasining birinchi qismi talabiga koʻra hukmda jazoni yengillashtiruvchi va ogʻirlashtiruvchi holatlar koʻrsatilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Qonun (JK 55-moddasi) jazoni yengillashtiruvchi holatlar doirasini cheklamaydi. Shu sababli jazo tayinlash paytida ushbu moddada koʻrsatilmagan boshqa holatlar ham jazoni yengillashtiruvchi holat sifatida hisobga olinishi mumkin (masalan, ijtimoiy xavfliligi katta boʻlmagan jinoyatning birinchi marta sodir etilishi, sudlanuvchining yosh bolasi borligi, jinoyatning birovga rahmdillik koʻrsatilishi sababli sodir etilishi, aybdor tomonidan bevosita jinoyat sodir etilganidan soʻng jabrlanuvchiga tibbiy yoki boshqa tarzda yordam koʻrsatilishi va h.k.). Bunday holatning jazoni yengillashtiruvchi deb topilganligi haqidagi xulosa hukmda asoslantirilishi kerak.
Aybni boʻyniga olib kelish koʻrinishidagi jazoni yengillashtiruvchi holat bor yoki yoʻqligi toʻgʻrisidagi masalani hal etishda sudlar tergov organlariga berilgan ariza yoki jinoyat toʻgʻrisida tergov organi mansabdor shaxsiga qilingan xabar (har qanday shaklda) ixtiyoriy boʻlgan-boʻlmaganligini va bu holat shaxs jinoyat sodir etishdagi oʻz ishtirokini u gumon qilinuvchi (ayblanuvchi) sifatida ushlangan yoki gumon qilinuvchi (ayblanuvchi) tariqasida jinoyat ishida ishtirok etishga jalb qilish toʻgʻrisidagi qaror unga eʼlon qilingandan soʻng tasdiqlaganligi bilan bogʻliq yoki bogʻliq emasligini tekshirib koʻrishlari lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Agar jinoyat sodir etilganligi fakti boʻyicha qoʻzgʻatilgan ish boʻyicha uni sodir etgan shaxs aniqlangan boʻlmasa, shaxsning oʻz qilmishi toʻgʻrisida ixtiyoriy ravishda bergan arizasi yoki xabari aybni boʻyniga olish deb baholanishi kerak. Shuningdek, jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxsning oʻzi sodir etgan boshqa, tergov organlariga maʼlum boʻlmagan jinoyatlar toʻgʻrisidagi arizasi ham aybni boʻyniga olish deb qaralishi lozim.
Ikki yoki undan ortiq jinoyat sodir etilib, ulardan ayrimlari boʻyicha shaxs aybini boʻyniga olib kelgan boʻlsa, bu holat jazoni yengillashtiruvchi sifatida faqat boʻyinga olish toʻgʻrisida ariza berilgan jinoyatlar uchun jazo tayinlash paytida hisobga olinishi kerak.
8. Jazoni ogʻirlashtiruvchi holatlar doirasi (JK 56-moddasi) qatʼiy belgilangan boʻlib, u sud tomonidan kengaytirilishi mumkin emas. Biroq, muayyan jinoyatning xususiyatlaridan kelib chiqib, sabablarini hukmda asoslantirgan holda sud ulardan birortasini ham jazoni ogʻirlashtiruvchi holat deb topmasligi mumkin.
Jinoyat kodeksi 56-moddasi birinchi qismida koʻrsatilgan holatlar, agar ular jinoyat tarkibining belgisi sifatida nazarda tutilgan boʻlsa, jazoni ogʻirlashtiruvchi holat deb sanalishi mumkin emas.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Takroran va retsidiv jinoyat sodir etilishi qonunda belgilangan asoslar va doirada ogʻirroq jazo tayinlanishiga olib kelishini inobatga olib, har bir ish boʻyicha JK 77—80-moddalariga muvofiq tugallangan yoki olib tashlangan sudlanganlik holati mavjudligi haqidagi materiallar tekshirib chiqilishi va shunga asoslanib, retsidiv jinoyat bor-yoʻqligi toʻgʻrisidagi masala hal etilishi kerak.
Jinoyat kodeksi 34-moddasi mazmuniga koʻra, retsidiv jinoyat mavjudligi haqidagi masalani hal etishda shaxs sudlanayotgan yoki muqaddam sudlangan qasddan sodir etilgan jinoyat tamom boʻlgan yoki tamom boʻlmagan jinoyat ekanligi, shuningdek ushbu jinoyatlardan qay birida boʻlsin shaxs bajaruvchi yoki ishtirokchi boʻlganligi ahamiyatga ega emas.
Shaxsni oʻta xavfli retsidivist deb topish haqidagi masalani hal etishda shuni nazarda tutish lozimki, JK 34-moddasining oltinchi qismiga koʻra, oʻn sakkiz yoshgacha sodir qilingan jinoyat uchun sudlanganlik shaxsni oʻta xavfli retsidivist deb topishda hisobga olinmaydi. Shundan kelib chiqib, agar shaxs muqaddam bir nechta jinoyat uchun sudlangan boʻlib, ulardan ayrimlarini voyaga yetmagan yoshda sodir etgan boʻlsa, faqat voyaga yetgan davrda sodir etilgan jinoyatlar uchun sudlanganlik eʼtiborga olinishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Qasddan takroran yoki ilgari sodir etilgan jinoyat uchun sudlangandan soʻng qasddan yangi jinoyat sodir etilishi, agar birinchi jinoyat uchun jinoiy javobgarlikka tortish muddati oʻtib ketgan, sudlanganlik belgilangan tartibda tugallangan yoki olib tashlangan yoxud shaxs muqaddam sodir etgan jinoiy xatti-harakat uchun qonunda javobgarlik bekor qilingan boʻlsa, shuningdek JK 65, 66, 661, 68, 69, 70, 71, 76-moddalariga binoan shaxs ilgari sodir etgan jinoyati uchun jinoiy javobgarlikdan va jazodan ozod etilgan boʻlsa, jazoni ogʻirlashtiruvchi holat sifatida eʼtirof etilishi mumkin emas.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Shuni nazarda tutish lozimki, ishtirokchilikda sodir etilgan jinoyat ishlari boʻyicha sud ishdagi muayyan holatlarni, har bir ishtirokchining shaxsi haqidagi maʼlumotlar va jinoyatni sodir etishdagi ishtiroki darajasini eʼtiborga olib, jazoni individuallashtirishi hamda birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxsga qonun sanksiyasi doirasida yengilroq jazo tayinlash masalasini muhokama qilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Voyaga yetmaganlarga nisbatan jazo tayinlashda sudlar JK 81—90-moddalarida belgilangan xususiyatlarni inobatga olishlari shart.
Keyingi tahrirga qarang.
Voyaga yetmaganlarga jazo tayinlash paytida JK 54-moddasida nazarda tutilgan holatlardan tashqari, har bir muayyan holda, shuningdek uning rivojlanish darajasi, turmush sharoiti va tarbiyasi, sogʻligʻi, jumladan, ruhiy rivojlanish darajasi, jinoyatni sodir etish motivlari, katta yoshdagi shaxslarning uning xulq-atvoriga salbiy taʼsiri haqidagi maʼlumotlar, shaxsiga taʼsir qiluvchi boshqa holatlar aniqlanishi va baholanishi lozim.
Oʻn sakkiz yoshga toʻlgunga qadar jinoyat sodir etgan shaxs ish sudda koʻrilayotgan vaqtda voyaga yetgan boʻlsa ham, unga nisbatan tayinlanayotgan jazo muddati yoki miqdori JK 82—85-moddalarida belgilangan maksimal muddat va miqdorlardan oshishi mumkin emas.
Keyingi tahrirga qarang.
Voyaga yetmay turib jinoyat sodir etgan shaxsga jinoyatlar majmui yoki bir necha hukm yuzasidan uzil-kesil jazo tayinlashda uning miqdori:
jarima, axloq tuzatish ishlari, qamoq tariqasidagi jazolar — JK 82—84-moddalarida nazarda tutilgan muddat va miqdorlardan;
Keyingi tahrirga qarang.
ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo — JK 86-moddasining ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan muddatlardan ortiq boʻlishi mumkin emas.
Shaxs tomonidan bir necha jinoyat sodir etilib, ulardan ayrimlari voyaga yetmagan, qolganlari voyaga yetgan davrda sodir etilgan boʻlsa, sud jinoyatlar majmui boʻyicha jazo tayinlayotganida avval JK 82—86-moddalari talablariga rioya etgan holda oʻn sakkiz yoshgacha sodir etilgan jinoyatlar uchun, keyin esa, voyaga yetgandan soʻng sodir etilgan jinoyatlar uchun jazo tayinlab, soʻngra JK 59-moddasiga asosan uzil-kesil jazo tayinlaydi.
13. Ishlarni apellyatsiya, kassatsiya va nazorat tartibida koʻrishda, sudlar tomonidan hukm chiqarish paytida jazo tayinlashning umumiy asoslariga rioya qilinganligi, tayinlangan jazo jinoyatning ogʻirligi va mahkumning shaxsiga mutanosibligi sinchiklab tekshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Sudning sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi, yetkazilgan zarar miqdori, ayblanuvchining shaxsi, jazoni yengillashtiruvchi va ogʻirlashtiruvchi holatlar, ayblov hajmi, ayb shakli, ishtirokchilikning turi va shakli haqidagi xulosalari notoʻgʻri deb topilgan va shu munosabat bilan hukmga oʻzgartirishlar kiritilgan taqdirda, apellyatsiya, kassatsiya va nazorat instansiyasi sudi oʻz qarorini asoslantirgan holda mahkumga nisbatan tayinlangan jazoni yengillashtirish masalasini muhokama qilishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Apellyatsiya, kassatsiya va nazorat instansiyasi sudlarining eʼtibori oʻta xavfli retsidivistlar, uyushgan guruh tashkilotchilari va faol ishtirokchilariga nisbatan jazoni asossiz ravishda kamaytirish yoki boshqa yengilroq jazo bilan almashtirish hollariga yoʻl qoʻyilmasligi lozimligiga qaratilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Jarima tariqasidagi jazoni qoʻllash boʻyicha
15. Sudlarga jarima tariqasidagi jazo turini nafaqat ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan va uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlar, balki ogʻir jinoyatlar sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarga nisbatan ham, agar bu jazo qonun sanksiyasida nazarda tutilgan boʻlsa, kengroq qoʻllash tavsiya etilsin.
16. Sudlar shuni nazarda tutishlari kerakki, jarima tariqasidagi jazo tayinlanganda hukmning qaror qismida jarima miqdori bilan bir qatorda uning jinoyat sodir etilgan vaqtdagi eng kam oylik ish haqi miqdoridan kelib chiqib hisoblangan, pul birligida ifodalangan jami summasi ham koʻrsatilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Jarima tariqasidagi jazoni tayinlash va miqdorini belgilashda sud, odatda, uning amalda toʻlana olinishi imkoniyatidan kelib chiqishi lozim. Bunda, chunonchi, sudlanuvchining moddiy ahvoli, shuningdek qaramogʻida voyaga yetmaganlar farzandlari, keksa ota-onasi borligi va h.k.lar inobatga olinishi lozim.
17. Qonunga muvofiq jazo tariqasida tayinlangan jarimani mahkum hukm qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab uch oy, voyaga yetmagan mahkum esa — olti oy mobaynida ixtiyoriy ravishda toʻlashi lozim. Biroq sud, mahkumning moddiy ahvolini inobatga olib, JPK 533-moddasi ikkinchi qismiga asosan hukmning ushbu qismi ijrosini olti oygacha kechiktirishi yoki boʻlib-boʻlib toʻlash masalasini hal qilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Bunday holda jarimani toʻlash uchun Jinoyat kodeksi 44-moddasining uchinchi qismida va 82-moddasining ikkinchi qismida belgilangan muddatlarning oʻtishi kechiktirish (boʻlib-boʻlib toʻlash) muddati tugagandan soʻng boshlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Axloq tuzatish ishlari tariqasidagi jazoni qoʻllash boʻyicha
18. Axloq tuzatish ishlari mehnatga layoqatli shaxsga nisbatan u sodir etgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini hisobga olgan holda uni jamiyatdan ajratish zarurati boʻlmaganda olti oydan uch yilgacha (voyaga yetmaganlarga nisbatan — bir oydan bir yilgacha) boʻlgan muddatga tayinlanadi.
Axloq tuzatish ishlari, shuningdek JK 44-moddasining uchinchi qismi va 82-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollarda ilgari tayinlangan jarima jazosini almashtirish tartibida ham qoʻllanilishi mumkin. Bunday holda axloq tuzatish ishlarining minimal muddati toʻlanmagan jarima summasidan kelib chiqib, olti oydan (voyaga yetmaganlarga nisbatan — bir oydan) kamroq boʻlishi mumkin, biroq uch yildan (voyaga yetmaganlarga nisbatan — bir yildan) oshmasligi lozim.
19. Qonunga koʻra, axloq tuzatish ishlari quyidagilarga qoʻllanilmaydi:
nafaqa yoshiga toʻlganlar (60 yoshdan oshgan erkaklar, 55 yoshdan oshgan ayollar)ga;
16 yoshga toʻlmagan shaxslarga;
mehnatga layoqatsiz (belgilangan tartibda birinchi, ikkinchi, uchinchi guruh nogironi deb topilgan) shaxslarga;
homilador va bolani parvarishlash bilan bogʻliq taʼtilda boʻlgan yoki band boʻlgan ayollarga (bola uch yoshga toʻlgunga qadar);
yangi tugʻilgan chaqaloqni bevosita tugʻuruqxonadan farzandlikka olgan yoki unga nisbatan vasiy boʻlib, bolani parvarishlash bilan bogʻliq taʼtilda boʻlgan shaxslarga (bola uch yoshga toʻlgunga qadar);
harbiy xizmatchilarga.
Keyingi tahrirga qarang.
20. Axloq tuzatish ishlari, odatda, ish joyida oʻtash sharti bilan tayinlanishi lozim. Shu bilan birga, shaxs oʻz kasb yoki xizmat vazifasini bajarish bilan bogʻliq holda jinoyat sodir etib, uning oldingi ish joyida qoldirilishi jazoning tarbiyaviy ahamiyati pasayishiga olib kelishi mumkin boʻlsa, axloq tuzatish ishlarini ushbu jazo ijrosini amalga oshiruvchi organ tomonidan belgilangan joyda oʻtash tayinlanishi mumkin.
Axloq tuzatish ishlari muddatlari hamda aybdorning ish haqidan chegirma miqdori haqidagi masalani hal qilish uchun sudlar sudlanuvchining, ayniqsa voyaga yetmaganlarining moddiy ahvolini aniqlashlari lozim.
Jinoyat kodeksining bir necha moddasi boʻyicha axloq tuzatish ishlari tayinlanayotganda, jazo muddati va ish haqidan chegirma miqdori har bir modda boʻyicha alohida, soʻngra esa, ularning majmui boʻyicha belgilanadi. Bunda jazoning uzil-kesil muddati va chegirma miqdori JK 46-moddasida belgilangan chegaradan oshishi mumkin emas.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
21. Qonun mazmuniga koʻra, (JK 46-moddasining toʻrtinchi qismi) tayinlangan jazo muddatining jami boʻlib oʻndan bir qismidan koʻprogʻini oʻtashdan boʻyin tovlangan taqdirda, sud axloq tuzatish ishining oʻtalmagan muddatini shu muddatga ozodlikdan mahrum etish tariqasidagi jazo turi bilan almashtirishi mumkin. Bunda Jinoyat kodeksining aybdor sudlangan moddasi sanksiyasi axloq tuzatish ishlari almashtirilishi natijasida kelib chiqqan muddatdan kam ozodlikdan mahrum qilish jazosini koʻzda tutishining yoki umuman ozodlikdan mahrum qilish jazosini koʻzda tutmasligining ahamiyati yoʻq.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Voyaga yetmagan shaxs tayinlangan axloq tuzatish ishlari muddatining oʻndan bir qismidan koʻprogʻini oʻtashdan boʻyin tovlasa, sud ushbu jazoning oʻtalmagan qismini axloq tuzatish ishlarining har uch kunini qamoqning bir kuniga hisoblagan holda qamoq jazosi bilan almashtiradi, ammo bunda qamoq muddati uch oydan oshmasligi kerak (JK 83-moddasining ikkinchi qismi).
Keyingi tahrirga qarang.
22. Axloq tuzatish ishlarini ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoga almashtirish masalasini hal qilishda, sud, axloq tuzatish ishi ijrosini amalga oshiruvchi organ tomonidan ushbu jazo ijrosini taʼminlash boʻyicha choralar koʻrilganligi, mahkum qonun talabiga muvofiq jazoni oʻtashdan bosh tortganlik uchun javobgarlik toʻgʻrisida ogohlantirilganligi haqidagi maʼlumotlarga ega boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Agar taqdim etilgan hujjatlarda bunday maʼlumotlar mavjud boʻlmasa, sudya tegishli tekshirish oʻtkazish uchun hujjatlarni ushbu jazo ijrosini amalga oshiruvchi organga yuborish haqida ajrim chiqaradi.
23. Jinoyat-protsessual kodeksining 541, 542-moddalariga muvofiq axloq tuzatish ishining oʻtalmagan qismini ozodlikdan mahrum qilish yoki qamoq jazosi bilan almashtirish haqidagi ishlar sud majlisida, odatda, mahkum ishtirokida koʻrilishi lozim. Bu masala mahkum yashirinib yurganligi yoki sudga kelishdan boʻyin tovlayotganligi toʻgʻrisida ishonchli maʼlumotlar ishda mavjud boʻlgan holdagina uning ishtirokisiz hal etilishi mumkin.
Agar axloq tuzatish ishining oʻtalmagan qismini ozodlikdan mahrum qilish yoki qamoq jazosi bilan almashtirish haqidagi materialni koʻrish vaqtida JPK 533-moddasida koʻrsatilgan holatlar aniqlansa, sud hukmning ijrosini kechiktirish masalasini muhokama qilishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
Qamoq tariqasidagi jazoni qoʻllash boʻyicha
24. Qamoq jazosi mahkumni jamiyatdan ajratmagan holda axloqan tuzatish imkoniyati boʻlmagan hollarda bir oydan olti oygacha (voyaga yetmaganlarga nisbatan — bir oydan uch oygacha) boʻlgan muddatga tayinlanishi mumkin.
Qamoq JK 44-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan hollarda ilgari tayinlangan jarima jazosini almashtirish tartibida ham tayinlanishi mumkin. Bunday holda qamoqning minimal muddati bir oydan kam boʻlishi mumkin, biroq olti oydan oshmasligi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
25. Sudlar shuni nazarda tutishlari kerakki, ehtiyot chorasi sifatida shaxsning qamoqda saqlanishi oʻz-oʻzidan qamoq jazosini tayinlash uchun asos boʻla olmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni qoʻllash boʻyicha
26. Ozodlikdan mahrum qilish jazo tariqasida, odatda, ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etgan shaxslarga, alohida hollarda esa, sudlanuvchining shaxsini inobatga olgan holda — ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan va uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlarni sodir qilgan shaxslarga nisbatan, agar bunday shaxslarni jamiyatdan ajratmagan holda axloqan tuzatishning imkoni boʻlmasa, qoʻllaniladi. Ushbu jazo turini qoʻllash sabablari hukmda asoslantirilishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
27. Ozodlikdan mahrum qilish jazosi olti oydan yigirma yilgacha (voyaga yetmaganlarga nisbatan — olti oydan oʻn yilgacha) boʻlgan muddatga tayinlanadi.
Ozodlikdan mahrum qilish jazosi JK 60-moddasida nazarda tutilgan hollarda yigirma besh yilgacha, voyaga yetmaganlarga nisbatan esa, JK 86-moddasiga koʻra, — oʻn besh yilgacha muddatga tayinlanishi mumkin.
Ozodlikdan mahrum qilish jazosi JK 46-moddasining toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan hollarda axloq tuzatish ishlari jazosini almashtirish tartibida ham tayinlanishi mumkin. Bunday holda ozodlikdan mahrum qilish jazosi olti oydan kamroq muddatga ham tayinlanishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
28. JK 50-moddasining toʻrtinchi qismiga muvofiq, ayollarga, shuningdek 60 yoshdan oshgan erkaklarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo muddati Jinoyat kodeksi Maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan ozodlikdan mahrum qilish jazosi maksimal muddatining toʻrtdan uch qismidan ortiq boʻlishi mumkin emas. Jinoyatlar yoki hukmlar majmui boʻyicha jazo tayinlanayotgan hollar ham bundan mustasno emas.
Keyingi tahrirga qarang.
29. Sudlar qisqa muddatga (bir yilgacha) ozodlikdan mahrum qilish jazosini qoʻllashda ishning barcha holatlaridan, aybdorning shaxsidan kelib chiqishlari va ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo qoʻllanilishi imkoniyati yoʻqligi sabablarini hukmda asoslantirishlari lozim.
30. Bir necha jinoyatlar uchun jazo tayinlashda jazo muddati Jinoyat kodeksining har bir moddasi boʻyicha alohida koʻrsatiladi. Ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni oʻtash koloniyasining turi jinoyatlar majmui boʻyicha jazo tayinlangandan soʻng belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Shartli hukm qoʻllash boʻyicha
31. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, JK 72-moddasining birinchi qismiga muvofiq shartli hukm faqat axloq tuzatish ishlari, xizmat boʻyicha cheklash, intizomiy qismga joʻnatish yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazolar tayinlangan holda qoʻllanilishi mumkin.
Agar sud bir yoki bir necha jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan shartli hukm qoʻllash lozimligi haqida xulosaga kelsa, bunday qaror har bir jinoyat uchun alohida emas, balki jinoyatlar majmui boʻyicha uzil-kesil jazo tayinlash paytida qabul qilinadi.
Shartli hukm faqat JK 72-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan bir yoki bir necha jazo turi tayinlangan shaxslarga nisbatan qoʻllanilishi mumkin. Agar tayinlangan jazo turidan biri qonunning ushbu normasida koʻrsatilmagan boʻlsa, sud JK 72-moddasi birinchi qismida qayd etilgan jinoyatlarga nisbatan shartli hukm qoʻllab, boshqa turdagi jazoni (masalan, muayyan huquqdan mahrum qilish, jarima) real ijro etish toʻgʻrisida qaror qiladi.
32. Qonunga koʻra, shartli hukm qilishda qoʻshimcha jazolar ham qoʻllanilishi mumkinligini va ular real tarzda ijroga qaratilishini nazarda tutib, bu haqda hukmning qaror qismida alohida koʻrsatish lozim.
33. Shartli hukm asoslantirilgan boʻlishi va mahkumni axloqan tuzatish maqsadiga xizmat qilishi lozim. Shu sababli sud, shartli hukm qilingan mahkumga JK 72-moddasi uchinchi qismida nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarishni yuklashi mumkin.
34. Shartli hukm qoʻllanilganda, bir yildan uch yilgacha boʻlgan sinov muddati belgilanadi va bu muddat hukm chiqarilgan kundan boshlab hisoblanadi.
Qonun sinov muddati davomiyliligini tayinlangan jazo miqdori bilan bogʻlamaydi. Bu masala sud tomonidan har safar sodir etilgan jinoyatning xususiyati va sudlanuvchining shaxsidan kelib chiqib hal etiladi.
Agar shartli hukm apellyatsiya, kassatsiya yoki nazorat instansiyasi sudi tomonidan qoʻllanilgan boʻlsa, bunday holda ham sinov muddati hukm eʼlon qilingan kundan boshlab hisoblanadi (JK 72-moddasi ikkinchi qismi).
Keyingi tahrirga qarang.
Shartli hukm qilishda belgilangan sinov muddatini qisqartirish masalasi JPK 541-moddasining uchinchi qismiga muvofiq mahkumning yashash joyidagi jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudi sudyasi tomonidan hal qilinadi.
35. JK 72-moddasining oltinchi qismiga muvofiq, agar shartli hukm qilingan shaxs sinov muddati davomida sud tomonidan unga yuklatilgan majburiyatlarini bajarmasa yoxud jamoat tartibi yoki mehnat intizomini buzganligi uchun unga maʼmuriy yoki intizomiy taʼsir chorasi qoʻllanilgan boʻlsa, sud bunday shaxsning xulqi ustidan nazorat olib boruvchi organ taqdimnomasiga binoan jazoning shartliligini bekor qilib, hukmda belgilangan jazoni ijro etish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqli.
Shu bilan birga, sodir etilgan huquqbuzarlikning xususiyati va muayyan holatlarini, mahkumning shaxsi va sinov muddati davomidagi xulq-atvoriga doir maʼlumotlarni hisobga olib, sud shartli hukmni aslicha qoldirish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
36. Qonun boʻyicha (JK 72-moddasining sakkizinchi qismi) shartli hukm qilingan shaxs tomonidan sinov muddati davomida yangi jinoyat sodir etilsa, sud unga JK 60-moddasida nazarda tutilgan qoidalar boʻyicha jazo tayinlaydi. Bunda sud, uzil-kesil jazo tayinlashdan oldin, shartli hukm qilingan shaxsning xulqi ustidan nazorat olib boruvchi organ taqdimnomasi bor-yoʻqligidan qatʼiy nazar, birinchi hukmning shartliligini bekor qiladi.
Bunday holda, bir necha hukm yuzasidan jazo tayinlash paytida sud, JK 72-moddasining yettinchi qismida nazarda tutilgan shartlarga rioya etgan holda yana shartli hukm qoʻllashi mumkin.
Ayni paytda, shuni nazarda tutish kerakki, JK 72-moddasida shartli hukmni bekor qilish uchun asos boʻladigan holatlar doirasi qatʼiy belgilangan. Shu sababli, agar shartli hukm qilingan shaxsning oʻsha ish boʻyicha hukm chiqarilgunga qadar sodir etilgan boshqa jinoyatda ham aybdorligi aniqlansa, ushbu holat jazoning shartliligini bekor qilish uchun asos boʻla olmaydi. Bunday holda JK 59-moddasi qoidalari qoʻllanilmaydi (chunki shartli hukm yuridik tabiatiga koʻra jinoiy jazodan ozod qilishning bir turi hisoblanadi) va birinchi hamda ikkinchi ish boʻyicha chiqarilgan har qaysi hukm alohida ijro qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Qonunda nazarda tutilganidan ham yengilroq jazo tayinlash boʻyicha
37. JK 57-moddasiga muvofiq, sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi holatlar aniqlangan taqdirda, Jinoyat kodeksi Maxsus qismi moddasi sanksiyasida nazarda tutilgan eng kam jazodan ham kamroq yoki shu moddada nazarda tutilmagan boshqa yengilroq jazo tayinlanishi mumkin.
Bunda, qonunga muvofiq, sudlar, nafaqat shaxs jinoyat sodir etish vaqtida koʻzlagan motiv va maqsad, ayb shakli va darajasini, balki, aybdorning shaxsi, jinoyat ishtirokchilari orasidagi roli, jinoyat sodir etilish paytidagi yoki sodir etilganidan keyingi xulq-atvori, jinoyatni sodir etish sabablari va bunga olib kelgan shart-sharoitni ham eʼtiborga olishlari lozim.
Jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi alohida holatlar roʻyxati qonunda koʻrsatilmaganligini nazarda tutib, sud qabul qilgan qarorini hukmda asoslantirgan holda jazoni yengillashtiruvchi ayrim holatni ham, ularning majmuini ham bunday holat sifatida tan olishi mumkin (masalan moddiy zararning toʻliq qoplanganligi, sudlanuvchi yoki ota-onasining ogʻir kasalligi, ularning mehnatga layoqatsizligi, aybdor ota-onasining yoki bolasining boshqa boquvchisi yoʻqligi, sudlanuvchining keksa yoshda ekanligi, uning bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatni ochishda faol ishtirok etganligi, jabrlanuvchining jinoyat sodir etilishiga turtki bergan huquqqa xilof xulq-atvori, jabrlanuvchining sudlanuvchi bilan yarashganligi va h.k.).
38. Jinoyat kodeksining 57-moddasida belgilangan qoidaga koʻra, ushbu kodeks Maxsus qismi moddasi sanksiyasida nazarda tutilmagan har qanday yengilroq asosiy jazo turi, jumladan, jarima, muayyan huquqdan mahrum qilish, axloq tuzatish ishlari, xizmat boʻyicha cheklash, intizomiy qismga joʻnatish kabi jazolar JK 44—49-moddalariga rioya qilingan holda tayinlanishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
39. Sudlarga tushuntirilsinki:
qonun sanksiyasida nazarda tutilganidan ham yengilroq jazo tayinlash paytida hukmning qaror qismida faqat Jinoyat kodeksining tegishli moddasi (qismi, bandi) boʻyicha JK 57-moddasi qoʻllanilib tayinlangan uzil-kesil jazo chorasi koʻrsatilishi lozim boʻlib, yengilroq jazo qoʻllash sabablari hukmning tavsif qismida koʻrsatilishi kerak;
shaxs jinoyat qonunining turli moddalarida (moddasi qismlarida) koʻzda tutilgan bir necha jinoyat sodir etganlik uchun sudlanayotgan boʻlsa, JK 57-moddasi jinoyatlar jami boʻyicha tayinlangan jazodan keyin emas, balki alohida jinoyatlar uchun jazo tayinlash paytida qoʻllaniladi;
qonun sanksiyasida nazarda tutilganidan ham yengilroq asosiy jazoning tayinlanishi aybdorning harakatlari kvalifikatsiya qilinayotgan qonun sanksiyasida nazarda tutilgan qoʻshimcha jazolarni tayinlash imkoniyatini istisno qilmaydi.
Qoʻshimcha jazolarni qoʻllash boʻyicha
40. Qoʻshimcha jazo choralarining yangi jinoyatlar sodir etilishi oldini olishda katta ahamiyatga ega ekanligidan kelib chiqib, sudlarga hukm chiqarish paytida asosiy jazo bilan birga tegishli qoʻshimcha jazo qoʻllash masalasini ham muhokama qilish tavsiya qilinsin.
41. Jinoyat kodeksining 43-moddasiga muvofiq, mahkumlarga nisbatan muayyan huquqdan mahrum qilish hamda harbiy yoki maxsus unvondan mahrum qilish kabi qoʻshimcha jazolar qoʻllanilishi mumkin.
Muayyan huquqdan mahrum qilish tariqasidagi qoʻshimcha jazo shaxs aybdor deb topilgan Jinoyat kodeksi Maxsus qismi moddasi sanksiyasi doirasida tayinlanadi. Agar muayyan huquqdan mahrum qilish tariqasidagi jazo Jinoyat kodeksi Maxsus qismi moddasi sanksiyasida nazarda tutilmagan boʻlsa, u JK 45-moddasida belgilangan asoslar va doirada, qabul qilingan qaror hukmda asoslantirilgan holda qoʻllanilishi mumkin.
Harbiy yoki maxsus unvondan mahrum qilish tariqasidagi qoʻshimcha jazo JK 52-moddasida koʻrsatilgan hollardagina qoʻllanilishi mumkin.
42. Agar jinoiy qilmish kvalifikatsiya qilinayotgan qonunda qoʻshimcha jazo majburiy tarzda tayinlanishi belgilangan boʻlsa, uni faqat JK 57-moddasida nazarda tutilgan hollar mavjud boʻlganda qoʻllamaslik mumkin boʻlib, bunday qaror ushbu moddaga havola qilingan holda hukmda asoslantirilishi lozim.
43. Qonun boʻyicha tayinlanishi majburiy boʻlgan qoʻshimcha jazoni qoʻllamaslik (JK 57-moddasi qoʻllanilgan hollar bundan mustasno), hukmda muayyan huquqdan mahrum qilish tariqasidagi qoʻshimcha jazo muddatini koʻrsatmaslik, tayinlangan jazoga ilgarigi hukm boʻyicha tayinlangan qoʻshimcha jazoning oʻtalmagan qismini qoʻshmaslik, qoʻshimcha jazoni faqat jinoyatlar jami boʻyicha tayinlash kabi hollar jinoyat qonuni notoʻgʻri qoʻllanilgan deb baholanishiga va JPK 484-moddasi toʻrtinchi bandi hamda 488-moddasi talabiga koʻra hukmning bekor boʻlishiga asos boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
44. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, qonunda nazarda tutilganidan ham yengilroq asosiy jazo belgilanishi yoki Jinoyat kodeksi Maxsus qismi moddasida koʻrsatilmagan boshqa yengilroq asosiy jazo turiga oʻtilishi aybdorga nisbatan qoʻshimcha jazo tayinlash imkoniyatini istisno etmaydi.
45. Jinoyat kodeksining 45-moddasiga muvofiq, aybdor oʻzi egallagan lavozim yoki xizmat faoliyati bilan bevosita bogʻliq holda jinoyat sodir etgan har bir holda, sud, jinoyatning xususiyatidan kelib chiqib, mahkumni u yoki bu mansabni egallash yoki muayyan faoliyat bilan shugʻullanish huquqidan mahrum qilish masalasini muhokama qilishi shart. Bunday jazoni tayinlash paytida hukmning qaror qismida sudlanuvchi shugʻullanishi mumkin boʻlmagan mansab xarakteri yoki faoliyat turi aniq koʻrsatilishi kerak.
Hukm chiqarilayotgan paytda mahkum jinoyat sodir etilishi bilan bogʻliq boʻlgan mansabni egallamasligi yoki faoliyat turi bilan shugʻullanmasligi holati qoʻshimcha jazo qoʻllash uchun toʻsiq boʻlmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
46. Bir necha jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topilgan shaxsga nisbatan qoʻshimcha jazo turi va miqdori asosiy jazo singari har bir harakat uchun alohida, soʻngra esa jinoyatlar majmui boʻyicha uzil-kesil tayinlanishi lozim. Agar qoʻshimcha jazo jinoyatlar majmuiga kiruvchi birorta ham jinoyat uchun tayinlanmagan boʻlsa, u jinoyatlar majmui boʻyicha qoʻllanilishi mumkin emas.
Agar jinoyatlar majmuiga kiruvchi ikki va undan koʻp jinoyat uchun aynan bir turdagi qoʻshimcha jazo tayinlangan boʻlsa, uning uzil-kesil miqdori koʻproq qoʻshimcha jazo muddatini koʻzda tutuvchi modda sanksiyasi doirasida ularni toʻla yoki qisman qoʻshish orqali, jinoyat qonuni moddasida muddat belgilanmagan yoki qoʻshimcha jazo JK 45-moddasi asosida qoʻllanilgan boʻlsa, ushbu jazo turi uchun belgilangan maksimal muddat doirasida belgilanadi.
47. Agar, sud muayyan huquqdan mahrum qilish tariqasidagi qoʻshimcha jazoni tayinlash chogʻida mansab nomi yoki faoliyat turini hukmda aniq koʻrsatmagan boʻlsa, apellyatsiya, kassatsiya, nazorat instansiyasi sudi mahkumning ahvolini ogʻirlashtirmagan holda hukmga tegishli aniqlik kiritishga haqli.
Keyingi tahrirga qarang.
Bunday aniqliklar hukm chiqargan sud tomonidan ham JPK 541-moddasida koʻzda tutilgan tartibda kiritilishi mumkin.
Agar hukm uni chiqargan sud faoliyat koʻrsatuvchi hududdan tashqarida ijro qilinayotgan boʻlsa, ushbu masala hukm ijro qilinayotgan joydagi sud tomonidan hal qilinadi.
48. Sudlarga muayyan faoliyat bilan shugʻullanish huquqidan mahrum qilish tariqasidagi qoʻshimcha jazoni, tegishli asoslar mavjud boʻlgan hamda jazoni yengillashtiruvchi va ogʻirlashtiruvchi holatlarni hisobga olgan holda, ushbu faoliyat kasb yoki tirikchilik manbai boʻlgan shaxslarga nisbatan (masalan tadbirkorlik faoliyati, transport vositalarini boshqarish va sh.k.) qoʻllashning qanchalik maqsadga muvofiqligi masalasini muhokama qilish tavsiya etilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Bir necha jinoyat va bir necha hukm yuzasidan jazo tayinlashga oid qonunlarni qoʻllash boʻyicha
49. Sudlar shuni nazarda tutishlar lozimki, JK 59-moddasida belgilangan jinoyatlar majmui boʻyicha jazo tayinlash qoidalari quyidagi hollarda qoʻllaniladi:
qilmish Jinoyat kodeksining turli moddalari boʻyicha kvalifikatsiya qilinganda;
qilmish Jinoyat kodeksi muayyan moddasining bir necha qismlari bilan kvalifikatsiya qilinganda, basharti ushbu qismlar turli jinoyatlar uchun javobgarlikni nazarda tutsa (masalan, JK 228, 248, 273-moddalari);
Keyingi tahrirga qarang.
shaxs bir necha aynan oʻxshash qilmishni sodir etgan boʻlib, ulardan ayrimlari tugallangan jinoyat, boshqalari esa — jinoyatga tayyorgarlik, suiqasd tariqasida kvalifikatsiya qilinganda yoki ayrimlari mustaqil, boshqalari esa ishtirokchilikda sodir etilganda;
ish boʻyicha hukm chiqarilgandan keyin mahkumning birinchi ish boʻyicha chiqarilgan hukmgacha yana boshqa jinoyatda aybdorligi aniqlanganda.
Shaxs Jinoyat kodeksi Maxsus qismi aynan bir moddasining turli qismlarida nazarda tutilgan oʻxshash qilmishni sodir etganlikda aybdor deb topilganda jazo shu moddaning ogʻirroq jazo belgilangan qismi boʻyicha tayinlanadi (JK 33-moddasi).
50. Jinoyat kodeksi 59-moddasi va Jinoyat-protsessual kodeksi 468-moddasida belgilangan sudning har bir jinoyat uchun alohida jazo tayinlab, soʻngra jinoyatlar majmui boʻyicha uzil-kesil jazo belgilashi shartligi toʻgʻrisidagi talablar ham asosiy, ham qoʻshimcha jazo tayinlashga taalluqlidir.
51. Ikki yoki undan ortiq jinoyatlar majmui boʻyicha asosiy jazo belgilashda, sud, alohida jinoyatlar uchun tayinlangan jazolarning yengilrogʻini ogʻirrogʻi bilan qoplash yoki ularni toʻla yoki qisman qoʻshish qoidasi boʻyicha uzil-kesil jazo tayinlaydi.
Bunda:
agar jinoyatlar majmuini faqat ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan va uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlar tashkil etsa, sud jazo tayinlashning umumiy asoslariga rioya etgan holda yengilroq jazoni ogʻirrogʻi bilan qoplash yoki jazolarni toʻla yoki qisman qoʻshish qoidasidan birini tanlashga haqli;
agar jinoyatlar majmuini tashkil etuvchi jinoyatlardan loaqal bittasi ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyat boʻlsa, sud Jinoyat kodeksi Umumiy qismida muayyan jazo turi uchun belgilangan doirada jazolarni toʻla yoki qisman qoʻshish qoidasiga amal qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Jazoni toʻla yoki qisman qoʻshish qoidasi alohida jinoyatlar uchun har xil turdagi jazolar tayinlanganda ham qoʻllaniladi. Bunda sudlar Jinoyat kodeksi 61-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan jazolarni qoʻshib hisoblash qoidalariga amal qilishlari lozim.
Ayni paytda sudlar shuni nazarda tutishlar kerakki, JK 61-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq jarima va muayyan huquqdan mahrum qilish tariqasidagi jazolar boshqa turdagi jazolar bilan qoʻshib hisoblanmaydi va alohida ijro qilinadi.
52. Ikki yoki undan ortiq jinoyatlar majmui boʻyicha qoʻshimcha jazo belgilashda, agar alohida jinoyatlar uchun tayinlangan jazo bir turga mansub boʻlsa, sud ushbu qoʻshimcha jazo turi uchun belgilangan maksimal muddat doirasida ularning yengilrogʻini ogʻirrogʻi bilan qoplash yoki ularni toʻla yoki qisman qoʻshish qoidasi boʻyicha uzil-kesil jazo tayinlaydi.
Agar jinoyatlar yoki hukmlar majmuiga kiruvchi jinoyatlar uchun tayinlangan qoʻshimcha jazo turlicha boʻlsa, ular alohida ijro etiladi.
Sudlar shuni eʼtiborga olishlari lozimki, qoʻshimcha jazolarni qoplash qoidasini qoʻllash imkoniyati qonunda jinoyatning ogʻirligi bilan cheklanmagan.
53. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, jinoyatlar majmui uchun JK 59-moddasining oltinchi qismi boʻyicha jazo tayinlanganda, uzil-kesil jazo birinchi hukm boʻyicha tayinlangan jazodan kam boʻlishi mumkin emas, chunki bunday hollarda, sud, birinchi hukm boʻyicha tayinlangan jazoning oʻtalmagan qismidan emas, balki uning toʻliq miqdoridan kelib chiqishi zarur.
JK 59-moddasining oltinchi qismiga muvofiq tayinlangan uzil-kesil jazo muddatini belgilashda birinchi hukm boʻyicha oʻtalgan jazo hisobga olinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
54. Jinoyat kodeksining 60-moddasida nazarda tutilgan bir necha hukmlar boʻyicha jazo tayinlash qoidalari birinchi hukm eʼlon qilinganidan soʻng, lekin oʻsha hukm boʻyicha tayinlangan asosiy va qoʻshimcha jazolar toʻliq oʻtalganga qadar mahkum tomonidan yangi jinoyatni sodir etilgan hollarda qoʻllaniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
55. Sudlar shuni hisobga olishlari kerakki, hukmlar majmui boʻyicha belgilangan jazo yangi jinoyat uchun belgilangan jazo muddatidan ham ilgarigi hukm boʻyicha belgilangan jazoning oʻtalmagan qismidan ham koʻproq boʻlishi kerak.
Bunda ozodlikdan mahrum etish tariqasidagi uzil-kesil jazo muddati yigirma besh yildan, voyaga yetmaganlar, oltmish yoshdan oshgan erkaklar hamda ayollarga nisbatan esa, oʻn besh yildan ortiq boʻlishi mumkin emas.
Keyingi tahrirga qarang.
56. Hukmlar majmui boʻyicha jazo tayinlash haqidagi masala hal qilinayotganda oldingi hukm boʻyicha tayinlangan asosiy va qoʻshimcha jazoning qancha qismi shaxs tomonidan real oʻtalmaganligi aniqlanishi lozim.
Jazo quyidagi hollarda oʻtalmagan hisoblanadi:
jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etilganda — jazoning mahkum oʻtamay qolgan qismi;
oldingi hukm boʻyicha tayinlangan shartli hukmning butun muddati;
JPK 533-moddasi tartibida ijrosi kechiktirilgan jazo muddati.
Ilgarigi hukm boʻyicha tayinlanib, oʻtalmay qolgan qoʻshimcha jazo hukmlar majmui boʻyicha tayinlangan asosiy jazoga faqat qoʻshimcha jazo sifatida qoʻshilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
57. Sud birinchi hukm boʻyicha shartli tayinlangan jazoni oxirgi hukm boʻyicha tayinlangan jazoga qoʻshishda, shaxs ehtiyot chorasi yoki ushlab turish sifatida qamoqda boʻlgan vaqtni hukmlar majmui boʻyicha tayinlangan uzil-kesil jazoga qoʻshib hisoblashi kerak.
Agar yangi jinoyat shaxs tomonidan birinchi hukm boʻyicha tayinlagan jazo JK 74-moddasiga asosan yoki afv etish, yoxud amnistiya akti asosida yengilrogʻi bilan almashtirilganidan soʻng sodir etilgan boʻlsa, ikkinchi hukm boʻyicha tayinlangan jazoga almashtirilgan yengilroq jazoning oʻtalmagan qismi qoʻshiladi.
Yangi jinoyat ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni oʻtayotgan shaxs tomonidan sodir etilganda, jazoning oʻtalmagan qismi deb yangi jinoyat uchun qamoqda saqlab turish sifatida ehtiyot chorasi tanlanganidan soʻng qolgan muddatni hisoblash lozim. Agar bunday ehtiyot chorasi tanlanmagan boʻlsa, jazoning oʻtalmagan qismi muddati oxirgi hukm chiqarilgan vaqtdan boshlab hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
58. Agar ish boʻyicha mahkum boshqa jinoyatlarda ham aybdor ekanligi aniqlanib, ulardan ayrimlari birinchi hukm chiqarilgunga, boshqalari esa, hukm chiqarilgandan soʻng sodir etilgan boʻlsa, ikkinchi hukm boʻyicha jazo avval birinchi hukm chiqarilgunga qadar sodir etilgan jinoyatlar majmui boʻyicha, keyin JK 59-moddasi oltinchi qismi qoidasiga koʻra, soʻngra birinchi hukm chiqarilganidan keyin sodir etilgan jinoyatlar majmui boʻyicha va oxirida bir necha hukm yuzasidan (JK 60-moddasi) uzil-kesil tayinlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Shaxs davomli yoki uzoqqa choʻzilgan, yaʼni birinchi ish boʻyicha hukm chiqarilguncha qadar boshlanib, hukm chiqarilgandan soʻng ham davom etgan jinoyat uchun sudlanayotgan boʻlsa, sud ikkinchi hukm boʻyicha jazo tayinlashda JK 60-moddasini qoʻllashi lozim.
JK 59-moddasining oltinchi qismi va 60-moddasi qoidalariga muvofiq tayinlangan uzil-kesil jazo muddati oxirgi ish boʻyicha sudgacha ehtiyot chorasi sifatida qamoqda saqlash yoki ushlab turish vaqti hisobga olingan holda oxirgi hukm chiqarilgan kundan boshlab hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
59. Qonunga koʻra, agar mahkumning ahvoli yomonlashmasa va himoyaga boʻlgan huquqi buzilmasa, sud jinoiy qilmishni jinoyat qonunining bitta moddasidan yengilroq jinoyatlar uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi bir necha moddasiga qayta kvalifikatsiya qilishga haqli.
Bunda jinoyatlar majmui boʻyicha tayinlangan jazo jinoiy qilmish ayblanuvchi sifatida ishga jalb qilish haqidagi qarorda va ayblov xulosasida kvalifikatsiya qilingan Jinoyat kodeksi moddasi sanksiyasida nazarda tutilgan maksimal jazodan ogʻirroq boʻlishi mumkin emas.
Ishni apellyatsiya, kassatsiya va nazorat instansiyalarida koʻrishda ham ushbu qoidani eʼtiborda tutish lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
60. Sudlarga tushuntirilsinki, har bir qilmish uchun alohida jazo tayinlamasdan turib jinoyatlar majmui boʻyicha jazo belgilanishi yoki alohida jinoyatlar uchun jazo tayinlanib, jinoyatlar majmui boʻyicha uzil-kesil jazo tayinlanmasligi yoxud tayinlangan jazoga ilgarigi hukm boʻyicha tayinlangan va sudga maʼlum boʻlgan jazoning oʻtalmagan qismi qoʻshilmasligi jinoyat qonuni normalarining notoʻgʻri qoʻllanilishi sifatida baholanib, hukmning bekor qilinishiga olib keladi.
Keyingi tahrirga qarang.
61. Oʻzbekiston Respublikasi harbiy sudi, jinoyat ishlari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi, viloyatlar hamda Toshkent shahar sudi:
Keyingi tahrirga qarang.
ishlarni barcha sud instansiyalarida koʻrishda jinoyat uchun jazo tayinlash haqidagi qonun normalarining toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlasinlar;
jazo tayinlash amaliyotini doimiy ravishda oʻrganib borish va umumlashtirish, qonunni qoʻllashda yoʻl qoʻyilgan xatolarni tahlil qilgan holda, kamchiliklarni bartaraf qilish yuzasidan tegishli choralar koʻrsinlar.
62. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining quyidagi qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:
1996-yil 19-iyuldagi “Jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti toʻgʻrisida”gi 16-sonli;
1999-yil 14-maydagi “Jinoiy jazo choralarini qoʻllash boʻyicha sud amaliyotida yuzaga kelgan ayrim masalalar haqida”gi 11-sonli;
2000-yil 22-dekabrdagi “Jinoyat uchun jazo choralarini tayinlash borasida sud amaliyotida vujudga kelgan ayrim masalalar toʻgʻrisida”gi 31-sonli;
2002-yil 14-iyundagi “Jinoiy jazolarning liberallashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 10-sonli qarorning 5, 20, 26-bandlari;
2003-yil 19-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi tomonidan qabul qilingan ayrim qarorlarga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 20-sonli qarorning 2, 6-bandlari.
2006-yil 3-fevral,
1-son