Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING SOLIQ KODEKSIGA OʻZGARTISh VA QOʻShIMChALAR KIRITISh TOʻGʻRISIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2008-yil 20-noyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2008-yil 4-dekabrda maʼqullangan
Senat tomonidan 2008-yil 4-dekabrda maʼqullangan
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 7-yanvardagi OʻRQ-601-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 25-dekabrda qabul qilingan OʻRQ-136-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, 12-songa 1-ilova) quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 17-moddaning ikkinchi qismi “shuningdek fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari” degan soʻzlardan keyin “va qonun hujjatlariga muvofiq boshqa tashkilotlar” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
2) 21-moddaning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Moliyaviy ijara mol-mulkni (moliyaviy ijara obyektini) egalik qilish va foydalanishga oʻn ikki oydan ortiq muddatga shartnoma boʻyicha topshirishda vujudga keladigan ijara munosabatlaridir. Bunda moliyaviy ijara shartnomasi quyidagi talablardan biriga javob berishi kerak”;
3) 22-modda:
quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“birgalikda ishlab chiqarilgan mahsulot — birgalikdagi faoliyat natijasi boʻlgan tovarlar (ishlar, xizmatlar)”;
toʻrtinchi—oʻttiz yettinchi xatboshilari tegishincha beshinchi—oʻttiz sakkizinchi xatboshilar deb hisoblansin;
yettinchi xatboshisi “sof foydaning” degan soʻzlardan keyin “va (yoki) oʻtgan yillardagi taqsimlanmagan foydaning” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
4) 35-moddaning uchinchi qismidagi “Soliq solinadigan” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
5) 44-modda:
uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Yuridik shaxs — soliq toʻlovchi qayta tashkil etilayotganda yoki tugatilayotganda, har bir qayta tashkil etilayotgan yoki tugatilayotgan soliq toʻlovchiga soliq davri boshlanganidan eʼtiboran qayta tashkil etish yoki tugatish tugallangan kunga qadar boʻlgan davr yuzasidan tegishincha topshirish dalolatnomasi, taqsimlash balansi yoxud tugatish balansi asosida alohida-alohida soliq hisoboti tuziladi. Mazkur hisobot topshirish dalolatnomasi, taqsimlash balansi yoki tugatish balansi tasdiqlangan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida taqdim etiladi. Ushbu qismning qoidalari oʻzgartirish, shuningdek boshqa yuridik shaxsni qoʻshib olish orqali qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi”;
quyidagi mazmundagi toʻrtinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Tadbirkorlik subyekti — yuridik shaxs ixtiyoriy tugatilgan taqdirda, unga soliq davri boshlanganidan to yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organ tugatish tartib-taomili boshlanganligi haqida xabardor qilingan sanagacha boʻlgan muddat uchun alohida soliq hisoboti tuziladi”;
toʻrtinchi qismi beshinchi qism deb hisoblansin;
6) 47-moddaning:
birinchi qismi “davlat soliq xizmati organlarida” degan soʻzlardan keyin “va soliq toʻlovchida” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
ikkinchi qismi chiqarib tashlansin;
7) 88-modda:
ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisidagi “tekshiruvning maqsadlari” degan soʻzlar “soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami, tekshiruvning maqsadlari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
toʻrtinchi qismining ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“tugatuvchining yoki yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organning yuridik shaxs tugatilishi toʻgʻrisidagi yozma bildirishi”;
8) 92-modda:
birinchi qismining uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“oʻz xizmat guvohnomasini, shuningdek tekshirishlarni oʻtkazishga ruxsat berilganligi toʻgʻrisidagi maxsus guvohnomasini koʻrsatishi”;
toʻrtinchi qismining uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“tekshiruvchi mansabdor shaxs tekshiruvni tayinlash toʻgʻrisidagi buyruqda koʻrsatilmagan, oʻz xizmat guvohnomasini va tekshirishlarni oʻtkazishga ruxsat berilganligi toʻgʻrisidagi maxsus guvohnomasini koʻrsatmagan boʻlsa”;
9) 94-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Davlat soliq xizmati organining soliq tekshiruvini oʻtkazayotgan mansabdor shaxslari tekshirilayotgan soliq toʻlovchidan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblab chiqarish, toʻlash bilan bogʻliq, tekshiruv maqsadlariga tegishli va tekshirilayotgan davrga taalluqli hujjatlarni talab qilib olishga haqli”;
10) 104-moddaning:
birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Soliq toʻlovchi, agar ushbu Kodeks 54-moddasining uchinchi qismida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, davlat soliq xizmati organi qarorining koʻchirma nusxasi olingan kundan eʼtiboran oʻttiz kun ichida qarorda koʻrsatilgan soliqqa oid huquqbuzarliklarni bartaraf etishi hamda hisoblangan soliqlar, boshqa majburiy toʻlovlar va penya summasini toʻlashi shart”;
beshinchi qismining uchinchi jumlasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Muddat jarimani ixtiyoriy ravishda toʻlash uchun muddat berish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻttiz kundan, ushbu Kodeks 54-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan hollarda esa olti oydan oshmasligi kerak”;
11) 118-modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“mahsulot yetkazib beruvchilarga hisobvaraq-fakturada koʻrsatilgan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasining 20 foizi miqdorida jarima solishga sabab boʻladi. Bunda mahsulot yetkazib beruvchi hisobvaraq-fakturada koʻrsatilgan soliq summasini budjetga toʻlashi shart”;
12) 128-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Soliq solinadigan baza jami daromad bilan ushbu boʻlimda nazarda tutilgan chegirib tashlanadigan xarajatlar oʻrtasidagi farq sifatida, mazkur Kodeks 158-moddasining ikkinchi qismida, boshqa qonunlarda va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida nazarda tutilgan imtiyozlar hamda ushbu Kodeksning 159-moddasiga muvofiq soliq solinadigan foydaning kamaytirilishi summalari inobatga olingan holda hisoblab chiqarilgan soliq solinadigan foydadan kelib chiqib belgilanadi”;
13) 130-moddaning sakkizinchi qismi quyidagi mazmundagi jumla bilan toʻldirilsin:
“Baholari (tariflari) davlat tomonidan tartibga solinishi nazarda tutilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun realizatsiya qilishdan olinadigan tushum belgilangan baholar (tariflar) asosida aniqlanadi”;
14) 132-moddaning:
11-bandidagi “ikkinchi” degan soʻz “birinchi” degan soʻz bilan almashtirilsin;
13-bandidagi “shuningdek chet el valyutasidagi operatsiyalar boʻyicha olingan daromadlar” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
15) 133-modda quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Asosiy vositalar obyektlarining chiqib ketishidan olinadigan moliyaviy natijani (foydani yoki zararni) aniqlashda asosiy vositalar obyektlarining ilgari qayta baholashlardagi ortgan summasining ushbu asosiy vositalar obyekti qiymatining oldingi qayta baholashlardagi kamayishi summasidan ortgan qismi asosiy vositalarning chiqib ketishidan olingan daromad tarkibiga kiritiladi”;
16) 140-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Baholari chet el valyutasida belgilangan tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun oʻzaro hisob-kitoblarni milliy valyutada amalga oshiradigan soliq toʻlovchilar uchun tovarlar (ishlar, xizmatlar) realizatsiya qilingan yoki olingan sanadan ushbu tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) haq toʻlangan sanagacha boʻlgan davrda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan kursdagi oʻzgarish munosabati bilan yuzaga keluvchi ijobiy farq tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) haq toʻlangan sanadagi jami daromad tarkibiga buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq kiritiladi”;
17) 144-modda ikkinchi qismining 4-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4) muzey qimmatliklari (muzey ashyolari)”;
18) 145-moddaning:
40-bandi quyidagi mazmundagi “m” kichik bandi bilan toʻldirilsin:
“m) qarz summasi bilan mazkur qarzni yuzaga keltirgan realizatsiya qilingan tovarlar (ishlar, xizmatlar) tannarxi oʻrtasidagi farqdan oshmaydigan summa doirasidagi qarzni talab qilish huquqidan oʻzganing foydasiga voz kechishdan koʻrilgan zararlar”;
43-bandi beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Baholari chet el valyutasida belgilangan tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun oʻzaro hisob-kitoblarni milliy valyutada amalga oshiradigan soliq toʻlovchilar uchun tovarlar (ishlar, xizmatlar) realizatsiya qilingan yoki olingan sanadan ushbu tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) haq toʻlangan sanagacha boʻlgan davrda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan kursdagi oʻzgarish munosabati bilan yuzaga keluvchi salbiy farq buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) haq toʻlangan sanadagi jami daromaddan chegirib tashlanadi”;
quyidagi mazmundagi 49-band bilan toʻldirilsin:
“49) vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqalarini qonun hujjatlarida belgilangan normalar boʻyicha toʻlash xarajatlari”;
19) 150-moddaning 7-bandi chiqarib tashlansin;
20) 152-moddaning 10-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“10) professional faoliyatdan olingan boshqa daromadlar”;
21) 155-moddaning:
ikkinchi qismi “banklari” degan soʻzdan keyin “va lizing beruvchilari” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
sakkizinchi qismi chiqarib tashlansin;
toʻqqizinchi—yigirmanchi qismlari tegishincha sakkizinchi—oʻn toʻqqizinchi qismlar deb hisoblansin;
oʻn uchinchi qismi quyidagi mazmundagi jumla bilan toʻldirilsin:
“Bunda daromadlar xorijiy banklarga toʻlangan taqdirda, soliq solish masalalarini tartibga soluvchi xalqaro shartnoma mavjud boʻlgan davlatda xorijiy bankning doimiy joylashgan joyi borligini tasdiqlashi, agar bunday joylashgan joy hamma erkin foydalanishi mumkin boʻlgan axborot manbalaridagi maʼlumotlar bilan tasdiqlangan boʻlsa, talab qilinmaydi”;
oʻn sakkizinchi qismidagi “oʻn uchinchi, oʻn beshinchi, oʻn oltinchi va oʻn sakkizinchi” degan soʻzlar “oʻn ikkinchi, oʻn toʻrtinchi, oʻn beshinchi va oʻn yettinchi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
22) 156-moddaning:
uchinchi qismi chiqarib tashlansin;
toʻrtinchi—yettinchi qismlari tegishincha uchinchi—oltinchi qismlar deb hisoblansin;
beshinchi qismidagi “beshinchi” degan soʻz “toʻrtinchi” degan soʻz bilan almashtirilsin;
23) 157-moddaning ikkinchi qismi ikkinchi xatboshisidagi “boshlangʻich” degan soʻz chiqarib tashlansin;
24) 159-modda quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Banklarning soliq solinadigan foydasi jismoniy shaxslarning muddatli omonatlari, plastik kartochkalar boʻyicha omonatlar hamda joylashtirilgan jamgʻarma sertifikatlari hajmlarining koʻpaygan summasiga boʻshagan mablagʻlarni yuqorida koʻrsatilgan omonatlar boʻyicha foiz stavkalarini oshirishga maqsadli yoʻnaltirish sharti bilan kamaytiriladi”;
25) 165-modda toʻrtinchi qismining 1-bandi quyidagi mazmundagi jumla bilan toʻldirilsin:
“Banklar Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlariga amalga oshirilgan toʻlovlar (dividendlar va foizlar toʻlovidan tashqari) boʻyicha yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻini toʻlov amalga oshirilgan oydan keyingi oyning beshinchi kunidan kechiktirmay budjetga oʻtkazadi”;
26) 171-moddaning ikkinchi qismi:
4-bandi “vakillik xarajatlari” degan soʻzlardan keyin “shahar yoʻlovchilar transportida xodimlarning xizmat qatnovlari uchun foydalaniladigan yoʻl kartochkalarini olish” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
8-bandining ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“doimiy ishi yoʻlda kechadigan, harakatlanish va (yoki) qatnov tusiga ega boʻlgan, shuningdek vaxta usulida ishlarni bajarishda xodimga kompensatsiya toʻlovlari (kompensatsiyalar)”;
quyidagi mazmundagi 15-band bilan toʻldirilsin:
“15) xodimlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash xarajatlari”;
27) 172-moddaning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mehnat shartnomalariga yoki ishlar bajarish va xizmatlar koʻrsatish predmeti boʻlgan fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalarga muvofiq jismoniy shaxslarga hisoblanadigan va toʻlanadigan barcha toʻlovlar mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlar (ushbu Kodeks 169-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilgan daromadlar bundan mustasno) deb eʼtirof etiladi. Mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlarga quyidagilar ham kiradi”;
28) 174-moddaning 5-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5) doimiy ishi yoʻlda kechadigan, harakatlanish va (yoki) qatnov tusiga ega boʻlgan xodimlarning, shuningdek doimiy ishi ishlarni vaxta usulida bajarilishini nazarda tutadigan xodimlarning ish haqiga qonun hujjatlarida belgilangan normalardan ortiqcha toʻlanadigan ustamalar”;
29) 175-moddaning 14-bandi “ushbu Kodeks 178-moddasining 16-bandida koʻrsatilganlar bundan mustasno” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
30) 177-modda birinchi qismi 1-bandining toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“oziq-ovqat, yoʻl chiptalari qiymatini toʻlash yoki oziq-ovqat, yoʻl chiptalari qiymatini qoplash”;
31) 178-modda:
1-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1) pensiyalar va qonun hujjatlarida belgilangan nafaqalar”;
3-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3) jismoniy shaxslarga xayriya va ekologiya jamgʻarmalarining mablagʻlaridan beriladigan nafaqalar hamda boshqa turlardagi yordam”;
10-bandidagi “grantlar” degan soʻzdan oldin “grant beruvchidan olingan” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
quyidagi mazmundagi 16-band bilan toʻldirilsin:
“16) moddiy yordam tariqasida:
vafot etgan xodimning oila aʼzolariga yoki oila aʼzosi vafot etganligi munosabati bilan xodimga beriladigan toʻlovlar;
favqulodda holatlar munosabati bilan beriladigan toʻlovlar;
maqsadli xususiyatga ega boʻlgan hamda xodimlar bilan yuz bergan shaxsiy tusdagi voqealar, hodisalar va tadbirlar bilan bogʻliq boʻlgan hamda bajariladigan ish natijalariga bogʻliq boʻlmagan toʻlovlar”;
32) 179-moddaning:
1-bandi ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“favqulodda holatlar munosabati bilan beriladigan moddiy yordam summalari — toʻlaligicha”;
17-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“17) depozit sertifikatlari, davlat qimmatli qogʻozlari boʻyicha daromadlar, shuningdek banklar va kredit uyushmalaridagi omonatlar boʻyicha foizlar hamda yutuqlar”;
20-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“20) mehnat shartnomasi bekor qilinganida eng kam ish haqining oʻn ikki baravari miqdori doirasida toʻlanadigan ishdan boʻshatish nafaqasi, qonun hujjatlarida belgilangan boshqa nafaqalar, bundan vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqalari (shu jumladan oilaning bemor aʼzosini parvarishlash nafaqasi) mustasno, shuningdek xayriya va ekologiya jamgʻarmalari mablagʻlaridan jismoniy shaxslarga beriladigan yordam tusidagi toʻlovlar”;
26-bandi chiqarib tashlansin;
33) 180-modda ikkinchi qismining 7 va 11-bandlaridagi “boshqa turmush qurmagan” va “qayta turmush qurmaganlik” degan soʻzlar tegishincha “yangi turmush qurmagan” va “yangi turmush qurmaganlik” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
34) 186-moddaning sakkizinchi va toʻqqizinchi qismlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mehnat shartnomasi bekor qilingandan soʻng xodimga ilgarigi asosiy ish joyida toʻlovlar amalga oshirilgan taqdirda, mazkur toʻlovlarga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi ushbu Kodeks 179-moddasi 1-bandining uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida, 14-bandida hamda 180-moddasida nazarda tutilgan imtiyozlar qoʻllanilmagan holda solinadi. Yuridik shaxs bu xodimga toʻlagan daromadning jami summasi va undan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining ushlab qolingan umumiy summasi haqida bu yuridik shaxs hisobga qoʻyilgan joydagi davlat soliq xizmati organiga oʻttiz kun ichida yozma shaklda maʼlum qilishi shart.
Asosiy boʻlmagan ish joyidan yoki boshqa yuridik shaxslardan olingan daromadlarga toʻlov manbaida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini hisoblab chiqarish jami daromad summasidan ushbu Kodeks 179-moddasi 1-bandining uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida, 14-bandida hamda 180-moddasida nazarda tutilgan imtiyozlar qoʻllanilmagan holda, belgilangan stavkalar boʻyicha hisoblanishiga qarab, yil boshidan ortib boruvchi yakun boʻyicha amalga oshiriladi”;
35) 197-modda:
birinchi qismining 4-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4) oddiy shirkat soliq solinadigan oborotlarni amalga oshirayotganda zimmasiga uning ishlarini yuritish yuklatilgan (ishonchli shaxs) sherik (ishtirokchi) — yuridik shaxs”;
ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“notijorat tashkilotlar, bundan tadbirkorlik faoliyati doirasida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish oborotlari, shuningdek ushbu moddaning birinchi qismi 2 va 3-bandlarida nazarda tutilgan hollar mustasno”;
36) 199-moddaning:
1-bandining toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“mol-mulkni bepul berish (ishlarni bepul bajarish, xizmatlarni bepul koʻrsatish), shu jumladan yuridik shaxs xodimlariga ularning mazkur yuridik shaxsdagi faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan shaxsiy ehtiyojlari uchun mol-mulkni bepul berish (ishlarni bepul bajarish, xizmatlarni bepul koʻrsatish), agar ushbu modda ikkinchi qismining 6-bandida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa”;
quyidagi mazmundagi 7-band bilan toʻldirilsin:
“7) soliq toʻlovchining oʻz ehtiyojlari uchun tovarlar berish, ishlar bajarish, xizmatlar koʻrsatish, agar ushbu modda ikkinchi qismining 1-bandida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa”;
ikkinchi qismining 1-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1) soliq toʻlovchining xarajatlari sifatida qaraladigan, yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻini hisoblab chiqarishda chegiriladigan, uning oʻz ehtiyojlari uchun tovarlar berish, ishlar bajarish, xizmatlar koʻrsatish”;
37) 202-modda uchinchi qismining:
2-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2) ishlar, xizmatlar Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlgan koʻchar mulk bilan bogʻliq boʻlsa. Bunday ishlarga, xizmatlarga montaj qilish, sozlash, yigʻish, qayta ishlash, ishlov berish, taʼmirlash va texnik xizmat koʻrsatish kiradi”;
oltinchi xatboshisidagi “ushbu qismda” degan soʻzlar “ushbu bandda” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
yettinchi xatboshisidagi “chet ellik aloqa operatorlari tomonidan” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
38) 204-moddaning:
ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Tovarlar (ishlar, xizmatlar) tannarxidan yoki tovarlar olingan narxdan (tovarni olish bilan bogʻliq xarajatlar hisobga olingan holda) past narxlarda realizatsiya qilingan taqdirda, soliq toʻlovchiga oʻz ehtiyojlari uchun ushbu Kodeks 199-moddasi birinchi qismining 7-bandiga muvofiq tovarlar berilganda (ishlar bajarilganda, xizmatlar koʻrsatilganda), shuningdek tovarlar (ishlar, xizmatlar) bepul berilganda soliq solish maqsadlari uchun soliq solinadigan baza tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) tannarxidan yoki tovarlar olingan narxdan (tovarni olish bilan bogʻliq xarajatlar hisobga olingan holda) kelib chiqib belgilanadi”;
yettinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Import qilingan tovarlar realizatsiya qilinganda, soliq solinadigan baza realizatsiya qilinayotgan tovarlarning qoʻshilgan qiymat soligʻi kiritilmagan qiymatidan kelib chiqqan holda belgilanadi. Bunda soliq solinadigan baza mazkur tovar import qilinganda qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblab chiqarish uchun qabul qilingan qiymatdan past boʻlishi mumkin emas”;
39) 208-moddaning:
12-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“12) qimmatbaho metallarni vakolatli davlat organiga saqlab turish uchun topshirish va ularning eksporti”;
13-bandi birinchi xatboshisining birinchi jumlasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“13) tibbiy (veterinariya) xizmatlari (kosmetologiya xizmatlari bundan mustasno), dori vositalari va tibbiyot (veterinariya) uchun moʻljallangan buyumlar, shu jumladan ularni ishlab chiqaruvchilar tomonidan realizatsiya qilinayotgan shunday vositalar va buyumlar”;
40) 211-moddaning 5 va 6-bandlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5) Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari boʻyicha xalqaro va chet el hukumat moliya tashkilotlari tomonidan berilgan qarzlar (kreditlar) mablagʻlari, shuningdek grantlar hisobiga yuridik shaxslar tomonidan olib kirilayotgan tovarlar;
6) dori vositalari va tibbiyot (veterinariya) uchun moʻljallangan buyumlar, shuningdek dori vositalari va tibbiyot (veterinariya) uchun moʻljallangan buyumlar ishlab chiqarish uchun qonun hujjatlarida belgilanadigan roʻyxat boʻyicha olib kirilayotgan xomashyo”;
41) 212-moddaning birinchi qismidagi “paxta tolasi va lint” degan soʻzlar “qimmatbaho metallar” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
42) 213-modda:
birinchi qismining toʻrtinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
ikkinchi qismi quyidagi mazmundagi ikkinchi va uchinchi qismlar bilan almashtirilsin:
“Tovarlar eksportga vositachi (ishonchli vakil) orqali vositachilik (topshiriq) shartnomasi boʻyicha realizatsiya qilinganda eksportni tasdiqlash uchun komitent (ishonch bildiruvchi) tomonidan quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
soliq toʻlovchi bilan vositachi yoki ishonchli vakil oʻrtasidagi vositachilik shartnomasi yoki topshiriq shartnomasi (shartnomaning koʻchirma nusxasi);
soliq toʻlovchining topshirigʻiga koʻra (vositachilik shartnomasi yoki topshiriq shartnomasiga muvofiq) eksportga tovarlar yetkazib berishni amalga oshirayotgan shaxsning tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududidan tashqariga yetkazib berish uchun chet ellik shaxs bilan tuzilgan kontrakti (kontraktning belgilangan tartibda tasdiqlangan koʻchirma nusxasi);
tovarlarni eksport rejimiga chiqarishni amalga oshiruvchi bojxona organining belgisi qoʻyilgan bojxona yuk deklaratsiyasining koʻchirma nusxasi.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan hujjatlar belgilangan tartibda tekshiruv oʻtkazilayotganda nazorat qiluvchi organlarga ularning talabiga binoan taqdim etiladi”;
43) 216-moddaning uchinchi xatboshisidagi “yoʻlovchilar, bagajlar va pochtani xalqaro yoʻnalishda tashish” degan soʻzlar “yoʻlovchilar, bagajlar, yuklar va pochtani xalqaro yoʻnalishda tashish” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
44) 218-modda:
birinchi qismi quyidagi mazmundagi 5-band bilan toʻldirilsin:
“5) nol darajali stavka boʻyicha soliq solinadigan tovarlar eksportida chet ellik sotib oluvchi (toʻlovchi) tomonidan eksport qilinayotgan tovarlar uchun haq toʻlanganligini tasdiqlovchi bank hujjatidan koʻchirma mavjud boʻlsa”;
toʻrtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Tovarlar importida, shuningdek ushbu Kodeksning 207-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlaridan ishlar (xizmatlar) olinganida budjetga toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻi haqiqatda qaysi hisobot davrida budjetga oʻtkazilgan boʻlsa, oʻsha hisobot davrida hisobga olinadi”;
quyidagi mazmundagi beshinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Realizatsiya qilinganda nol darajali stavka boʻyicha soliq solinadigan eksport qilinadigan tovarlarni ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan haqiqatda olingan tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun toʻlanishi lozim boʻlgan (toʻlangan) qoʻshilgan qiymat soligʻi tovarlar eksportidan valyuta tushumi haqiqatda tushgan davrda valyuta tushumining ulushida hisobga olinadi”;
beshinchi—sakkizinchi qismlari tegishincha oltinchi—toʻqqizinchi qismlar deb hisoblansin;
45) 222-moddaning oʻn ikkinchi va oʻn uchinchi qismlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilar kelib tushgan va taqdim etilgan hisobvaraq-fakturalar reyestrini yuritishlari shart.
Hisobvaraq-fakturaning shakli, uni toʻldirish tartibi, shuningdek kelib tushgan va taqdim etilgan hisobvaraq-fakturalar reyestrini yuritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi”;
46) 226-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Import qilinadigan tovarlar boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlash bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi”;
47) 227-modda toʻrtinchi qismining toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ushbu Kodeksning 228-moddasiga muvofiq soliq toʻlovchining bank hisobvaragʻiga pul mablagʻlari oʻtkaziladi”;
48) 228-modda uchinchi qismining 1-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1) tovarlarni eksport qilishni amalga oshirayotgan yuridik shaxslar — ushbu Kodeksning 213-moddasiga muvofiq hujjatlarning koʻchirma nusxalarini, shuningdek chet ellik sotib oluvchi (toʻlovchi) eksport qilinadigan tovarlar uchun haq toʻlaganligini tasdiqlovchi bank hujjatidan koʻchirmalarni”;
49) 229-moddaning ikkinchi qismidagi “Vazirlar Mahkamasining” degan soʻzlar “Prezidentining” degan soʻz bilan almashtirilsin;
50) 230-moddaning ikkinchi qismi 4-bandidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan” degan soʻzlar “qonun hujjatlarida” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
51) 240-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Import qilinadigan tovarlar boʻyicha aksiz soligʻini toʻlash bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi”;
52) 248-modda:
quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Ayrim turdagi mahsulotlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga binoan ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilmagan boshqa shaxslar qoʻshimcha foyda soligʻi toʻlovchisi etib belgilanishi mumkin”;
ikkinchi qismi uchinchi qism deb hisoblansin;
53) 249-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Realizatsiya qilishdan olingan sof tushum bilan qonun hujjatlarida belgilangan hisob-kitob bahosi oʻrtasidagi farq sifatida aniqlanadigan daromadning bir qismi (qoʻshimcha foyda) qoʻshimcha foyda soligʻini solish obyektidir”;
54) 250-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Soliq solinadigan baza hisobot davridagi qoʻshimcha foyda summasidan kelib chiqib, qoʻshimcha foyda qismiga toʻgʻri keladigan sof tushumdan hisoblanadigan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar chegirib tashlangan holda aniqlanadi”;
55) 256-moddaning birinchi qismi:
5-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5) yagona ijtimoiy toʻlov”;
quyidagi mazmundagi 6-band bilan toʻldirilsin:
“6) aksiz soligʻi”;
56) 257-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq toʻlovchilar Oʻzbekiston Respublikasi hududida suvdan foydalanishni amalga oshiruvchi quyidagi shaxslardir:
yuridik shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari;
faoliyatini doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari;
tadbirkorlik faoliyati uchun suvdan foydalanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar;
yuridik shaxs tashkil etgan va tashkil etmagan holda tuzilgan dehqon xoʻjaliklari”;
57) 268-moddaning uchinchi qismi chiqarib tashlansin;
toʻrtinchi qismi uchinchi qism deb hisoblansin;
58) 275-modda birinchi qismining 7 va 8-bandlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7) sobiq SSSRni himoya qilish yoxud harbiy xizmatning boshqa majburiyatlarini bajarish chogʻida yaralanganligi, kontuziya boʻlganligi yoxud shikastlanganligi oqibatida yoki frontda boʻlish bilan bogʻliq kasallik tufayli halok boʻlgan harbiy xizmatchilar ota-onalarining va rafiqalarining. Imtiyoz “Halok boʻlgan askarning bevasi (onasi, otasi)” shtampi qoʻyilgan yoki pensiya guvohnomasini bergan muassasa rahbarining muhri va imzosi bilan tasdiqlangan tegishli yozuvli pensiya guvohnomasi asosida beriladi. Agar mazkur shaxslar pensioner boʻlmasa, imtiyoz ularga sobiq SSSR Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik qoʻmitasi yoki Ichki ishlar vazirligining, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati yoki Ichki ishlar vazirligining tegishli organlari tomonidan berilgan harbiy xizmatchining halok boʻlganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma asosida beriladi. Sobiq SSSRni himoya qilish yoki harbiy xizmatning boshqa majburiyatlarini bajarish chogʻida yoxud frontda boʻlish bilan bogʻliq kasallik tufayli halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning rafiqalariga imtiyoz faqat ular yangi turmush qurmagan taqdirda beriladi;
8) muddatli harbiy xizmat harbiy xizmatchilari va ular oila aʼzolarining (xizmatni oʻtash davrida). Mazkur imtiyoz tegishli harbiy qismning yoki tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimining maʼlumotnomasi asosida beriladi”;
59) 287-modda ikkinchi qismining ikkinchi jumlasidagi “soliq hisob-kitoblarni taqdim etish” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
60) 296-moddaning ikkinchi jumlasi “olingan” degan soʻzdan keyin “(olinishi lozim boʻlgan)” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
61) 297-moddaning birinchi qismidagi “foyda soligʻi toʻlanganidan keyin” degan soʻzlar “hisoblangan foyda soligʻi chegirib tashlangan holda” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
62) 305-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Jismoniy shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida doimiy ravishda yashab turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar fuqarolarning budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallarini (bundan buyon matnda sugʻurta badallari deb yuritiladi) toʻlovchilardir”;
63) 308-moddaning 4-bandi chiqarib tashlansin;
64) 310-moddaning toʻrtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Sugʻurta badallarining hisob-kitobi soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organlariga soliq toʻlovchi tomonidan ortib boruvchi yakun bilan yilning har choragida hisobot davridan keyingi oyning 25-kunidan kechiktirmay, yil yakunlari boʻyicha esa yillik moliyaviy hisobot topshiriladigan muddatda taqdim etiladi”;
65) 311-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Yakka tartibdagi tadbirkorlar sugʻurta badallarini majburiy tartibda oyiga eng kam ish haqidan kam boʻlmagan miqdorda toʻlaydi.
Yuridik shaxs tashkil etgan va tashkil etmagan holda tuzilgan dehqon xoʻjaliklarining aʼzolari sugʻurta badallarini ixtiyoriylik asosida yiliga eng kam ish haqining toʻrt yarim baravaridan kam boʻlmagan miqdorda toʻlaydi. Belgilangan miqdordagi sugʻurta badallarining toʻlanishi dehqon xoʻjaligi aʼzosining mehnat stajini hisoblab chiqarishda bir yil deb hisobga olinadi.
Yoshga doir pensiya olish huquqiga ega boʻlgan, shuningdek I va II guruh nogironlari boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda yuridik shaxs tashkil etgan va tashkil etmagan holda tuzilgan dehqon xoʻjaliklarining aʼzolari uchun sugʻurta badalining miqdori uning belgilangan miqdorining kamida 50 foizini tashkil etishi kerak.
Sugʻurta badallarini toʻlash quyidagicha amalga oshiriladi:
yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan — har oyda keyingi oyning 10-kunidan kechiktirmay;
yuridik shaxs tashkil etgan va tashkil etmagan holda tuzilgan dehqon xoʻjaliklarining aʼzolari — hisobot yilining 1-oktabrigacha. Bunda sugʻurta badallarining miqdori toʻlov kunidagi eng kam ish haqi miqdoridan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi.
Toʻlov topshiriqnomasida (kirim orderida) soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami va toʻlov toʻlanayotgan davr albatta koʻrsatilishi shart. Agar davr koʻrsatilmagan boʻlsa, toʻlov u amalga oshirilayotgan oy (dehqon xoʻjaliklari aʼzolari uchun — yil) uchun toʻlangan deb hisoblanadi”;
66) 313-modda ikkinchi qismining 5-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5) kredit tashkilotlari va sugʻurta tashkilotlari uchun — agar mazkur moddaning uchinchi qismida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu Kodeksning 148 va 150-moddalariga muvofiq aniqlanadigan daromad”;
67) 317-modda ikkinchi qismining 5-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5) kredit tashkilotlari va sugʻurta tashkilotlari uchun — agar mazkur moddaning uchinchi qismida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu Kodeksning 148 va 150-moddalariga muvofiq aniqlanadigan daromad”;
68) 323-moddaning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“olingan va (yoki) Oʻzbekiston Respublikasi hududiga vaqtinchalik olib kiriladigan avtotransport vositalari dvigatelining ot kuchidagi quvvati”;
69) 356-modda birinchi qismining 6-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6) mahsulot yetkazib beruvchilarning siylovi (skidka) tariqasida va asosiy vositalarni tugatishda ularning ilgari qayta baholashlardagi qiymatining kamayishi summasidan ortgan qismi hisobiga olingan boshqa daromadlar”;
70) 362-moddaning:
ikkinchi qismi birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Agar ushbu moddaning uchinchi qismida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, bir vaqtning oʻzida quyidagi shartlarga javob beradigan yuridik shaxslar soliq solish maqsadida qishloq xoʻjaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilar jumlasiga kiradi”;
uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ushbu modda ikkinchi qismining ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan shartlarga javob beradigan yangidan tashkil etilgan qishloq xoʻjaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilar davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran yagona yer soligʻini toʻlovchilar boʻladi”;
71) 363-moddaning:
toʻrtinchi qismi ikkinchi jumlasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Soliq toʻlovchining yozma bildirishni belgilangan muddatda taqdim etmaganligi uning umumbelgilangan soliqlarni toʻlashga roziligi deb hisoblanadi”;
oʻninchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Yagona yer soligʻini toʻlovchilar uchun ushbu Kodeksning 132-moddasida nazarda tutilgan boshqa daromadlarga soliq solinmaydi, dividendlar va foizlar, birgalikdagi faoliyatdan olingan daromadlar bundan mustasno”;
72) 366-moddaning:
ikkinchi qismi chiqarib tashlansin;
uchinchi va toʻrtinchi qismlari tegishincha ikkinchi va uchinchi qismlar deb hisoblansin;
73) 367-modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisidagi “362-moddasining ikkinchi qismida” degan soʻzlar “362-moddasi ikkinchi qismining ikkinchi va uchinchi xatboshilarida” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
74) 369-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Yagona yer soligʻi summasi yer uchastkalarining normativ qiymati va yagona yer soligʻining belgilangan stavkasidan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi”;
75) 371-moddaning toʻrtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Asosiy faoliyat turi boʻyicha qatʼiy belgilangan soliqni toʻlovchilar boʻlgan yuridik shaxslar uchun ushbu Kodeksning 132-moddasida nazarda tutilgan boshqa daromadlarga soliq solinmaydi, dividendlar va foizlar, birgalikdagi faoliyatdan olingan daromadlar, shuningdek ijaradan olingan daromadlar bundan mustasno”;
76) 379-modda quyidagi mazmundagi beshinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Ushbu bobda nazarda tutilgan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash majburiyati yuklatilayotgan ishonchli shaxs oddiy shirkat shartnomasi asosida birgalikdagi faoliyatni amalga oshirishni boshlagan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida ishonchli shaxsning soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organida birgalikdagi faoliyat doirasida soliq majburiyatlarini bajaruvchi soliq toʻlovchi sifatida hisobga turishi shart”;
77) 381-moddaning oltinchi qismidagi “ushbu Kodeksning 382-moddasida nazarda tutilgan” degan soʻzlar “ushbu Kodeksning 375-moddasida nazarda tutilgan” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
78) 382-modda quyidagi mazmundagi ikkinchi va uchinchi qismlar bilan toʻldirilsin:
“Yagona soliq toʻlovi birgalikda ishlab chiqarilgan mahsulot realizatsiya qilinmasdan, birgalikdagi faoliyat sheriklari (ishtirokchilari) oʻrtasida taqsimlab olingan taqdirda ham toʻlanadi. Bunda yagona soliq toʻlovi summasi birgalikda ishlab chiqarilgan mahsulot tannarxidan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi.
Birgalikdagi faoliyatni amalga oshirish doirasida yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun yagona soliq toʻlovi hisob-kitobining shakli Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi”;
79) 387-moddaning uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Bozorlar daromadlarining umumiy summasidan, bozorlar daromadidan toʻlanadigan davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy ajratmalar chegirib tashlangandan keyin qolgan mablagʻlarning 50 foizi bozorlar joylashgan joydagi tegishli mahalliy budjetlarga belgilangan tartibda yoʻnaltiriladi. Qolgan 50 foizi bozorlar maʼmuriyati tasarrufida qoladi va ulardan joriy xarajatlarni qoplash, rekonstruksiya qilish, obodonlashtirish, bozorlar tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlarning roʻyxatini kengaytirish, sifatini yaxshilash uchun foydalaniladi”.
2-modda. Ushbu Qonun 2009-yilning 1-yanvaridan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 29-dekabr,
OʻRQ-196-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 52-son, 512-modda)