Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
BOShOQLI DON EKINLARINI XARID QILISh NARXLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Davlat ehtiyojlari uchun boshoqli don ekinlarini ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish va davlat ehtiyojlari uchun sotishni kuchaytirish, mintaqaviy hamda jahon bozorlarida vujudga kelgan don narxlari konyunkturasini hisobga olgan holda narxlarni shakllantirishning bozor tamoyillariga toʻliq oʻtish, don ishlab chiqaruvchilar bilan tayyorlovchilar oʻrtasida oʻzaro hisob-kitob tizimini tubdan soddalashtirish va oshkoraligini oshirish, shuningdek, don ishlab chiqaruvchi xoʻjaliklarning moliyaviy ahvolini mustahkamlash maqsadida:
1. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2008-yil hosilidan boshlab don ekuvchi xoʻjaliklar bilan tuziladigan kontraktatsiya shartnomalari boʻyicha davlat ehtiyojlari uchun don xarid qilish kelishilgan yagona xarid narxlari boʻyicha amalga oshiriladi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzdonmahsulot” kompaniyasining jahon hamda mintaqaviy bozorlarida vujudga kelgan don narxlari konyunkturasini hisobga olgan holda 2008-yil hosilining 3 klassli yumshoq bugʻdoyiga har tonnasi uchun 169 000 soʻm miqdorida bazaviy yagona xarid narxini belgilash toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
3. Belgilansinki,
2008-yil hosili uchun kontraktatsiya shartnomalarida nazarda tutilgan don ekuvchi xoʻjaliklar tomonidan davlat ehtiyojlari uchun sotilgan ortiqcha don hajmlari uchun yagona xarid narxlaridan 10 foiz ortiq narxlar boʻyicha toʻlov amalga oshiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 15-sentabrdagi PQ-1404-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2010-y., 9-son, 377-modda)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bir hafta muddatda manfaatdor vazirliklar va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklariga boshoqli don ekinlari sifat koʻrsatkichlarini hisobga olgan holda yagona xarid narxlari va hisob-kitoblar tartibidan xabardor qilsin.
5. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2002-yil hosili uchun boshoqli don ekinlarini yigʻishtirib olishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2002-yil 19-yanvardagi 27-sonli qarori va Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 22-maydagi 170-sonli qarori;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Boshoqli don ekinlarini xarid qilish narxlarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisida” 2003-yil 15-maydagi 216-33-sonli qarorining 3-bandi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 13-sentabrdagi PQ-693-sonli Qarorining 3-bandi uchinchi xatboshi va Qarorning 5-ilovasi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Mazkur Qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 15-may,
PQ-867-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2008-y., 5-son, 268-modda; 2010-y., 9-son, 377-modda)