Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
OʻZBEKISTON AKSIYADORLIK TIJORAT SANOAT-QURILISH BANKINING KAPITALLASHUV DARAJASINI YANADA OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston aksiyadorlik tijorat sanoat-qurilish banki (“Oʻzsanoatqurilishbank”)ning iqtisodiyotni tarkibiy oʻzgartirishda, sanoatning bazaviy tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnikaviy va texnologik qayta jihozlash boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ishtirokini faollashtirish hamda uning resurs bazasi va kapitallashuv darajasini yanada oshirish maqsadida:
1. Quyidagilar “Oʻzsanoatqurilishbank”ning investitsiya loyihalarini amalga oshirish jarayonidagi eng muhim vazifalari deb hisoblansin:
oʻz kapitali va jalb etilgan kapital bilan eng avvalo respublika iqtisodiyotining bazaviy tarmoqlarida ishlab chiqarishni tarkibiy oʻzgartirish, modernizatsiya qilish, texnikaviy va texnologik qayta jihozlash jarayonlarida, istiqbolli va yuqori samarali investitsiya loyihalarini tanlab olish hamda amalga oshirishda faol ishtirok etish;
neft-gaz, kimyo, elektroenergetika, elektrotexnika va sanoatning boshqa yetakchi tarmoqlarida ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, rekonstruksiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash dasturlarini loyihaviy moliyalashtirishni taʼminlash;
investitsiya loyihalarini birgalikda moliyalashtirish uchun, jumladan xalqaro kapital bozorlaridan xorijiy investitsiya va kreditlarni ragʻbatlantirish hamda sindikatlashtirilgan kreditlarni keng qoʻllash yoʻli bilan zarur kredit resurslarini jalb etish.
2. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, “Oʻzsanoatqurilishbank”ning aksiyadorlari tomonidan umumiy qiymati 65,4 mlrd. soʻm miqdoridagi qoʻshimcha aksiyalarni emissiya qilish hamda bankning ustav kapitalini 100 mlrd. soʻmga yetkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hamda “Oʻzsanoatqurilishbankning:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga — 35 mlrd. soʻm miqdorida;
Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasiga — 26 mlrd. soʻm miqdorida;
belgilangan tartibda qimmatli qogʻozlar bozori orqali, shu jumladan, bank aksiyadorlari — sanoatning bazaviy tarmoqlari korxonalariga — 4,4 mlrd. soʻm miqdorida bank aksiyalarini sotish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S.Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Raisi F.M.Mullajonov zimmalariga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 13-avgust,
PQ-944-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 34-son, 330-modda)