O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON-KOREYA “UZ-SHINDONG SILICON” MAS’ULIYATI ChEKLANGAN JAMIYAT QO‘ShMA KORXONASINI TAShKIL ETISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Xorijiy investitsiyalarni jalb etgan holda geologiya-qidiruv ishlarini va O‘zbekiston Respublikasi hududida yuqori texnologiyalar industriyasini rivojlantirish uchun xomashyo bazasi hisoblangan qattiq foydali qazilmalar qazib olishni yanada kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining “Shindong Enercom Inc.” kompaniyasi (Koreya Respublikasi) bilan birgalikda Jizzax viloyatining Zargar, Usmat va Turkman istiqbolli maydonlarida kvars va kvarsitlar konlarini aniqlash va keyinchalik qazib olish maqsadida tadbirkorlik tavakkalchiligi shartlarida geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish uchun “Uz-Shindong Silicon” qo‘shma korxonasi tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. “Uz-Shindong Silicon” mas’uliyati cheklangan jamiyat qo‘shma korxonasining ustav kapitali miqdori 2430 ming AQSh dollariga teng ekanligi, undan:
“Shindong Enercom Inc.” kompaniyasi (Koreya Respublikasi) ulushi 50 foiz miqdorida ekanligi — pul mablag‘lari va asbob-uskunalar hisobiga shakllanishi;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya qo‘mitasi ulushi 50 foiz miqdorida ekanligi — Jizzax viloyatining Zargar, Usmat va Turkman istiqbolli maydonlarida tarkibida kvars mavjud bo‘lgan xomashyoga ilgari o‘tkazilgan geologiya-qidiruv ishlari davomida olingan geologiya, geofizika axboroti va boshqa axborot hisobiga shakllanishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya qo‘mitasi va “Uz-Shindong Silicon” mas’uliyati cheklangan jamiyat qo‘shma korxonasining:
Jizzax viloyatining Zargar, Usmat va Turkman istiqbolli maydonlari uchastkalari doirasida texnik kremniy ishlab chiqarish uchun yaroqli bo‘lgan kvars va kvarsitlar, shuningdek kremniyning poli- va monokristallari konlarini aniqlash bo‘yicha geologiya-qidiruv ishlari olib borish;
geologiya-qidiruv ishlari natijalari bo‘yicha texnik kremniy, shuningdek kremniyning poli- va monokristallari korxonasi va so‘ngra u asosida geologiya-qidiruv ishlari olib borish davomida aniqlangan konlar bazasida mikroelektronika elementlari, shu jumladan quyosh elementlari fotoelektrik modullar korxonasi tashkil etishning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida takliflar kiritilishi haqidagi taklifiga rozilik berilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya qo‘mitasi “Uz-Shindong Silicon” mas’uliyati cheklangan jamiyat qo‘shma korxonasiga uch yil muddatga Zargar, Usmat va Turkman istiqbolli maydonlarini geologik o‘rganish uchun yer osti uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun belgilangan tartibda litsenziya bersin.
5. Jizzax viloyati hokimligi “Uz-Shindong Silicon” mas’uliyati cheklangan jamiyat qo‘shma korxonasiga Zargar, Usmat va Turkman istiqbolli maydonlarida yer osti uchastkalarini geologik o‘rganish uchun zarur bo‘lgan yer uchastkalarini belgilangan tartibda ajratsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Uz-Shindong Silicon” mas’uliyati cheklangan jamiyat qo‘shma korxonasining buyurtmanomalari bo‘yicha qo‘shma korxona faoliyatida ishtirok etayotgan xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari, shu jumladan ko‘p martalik kirish vizalari belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Uz-Shindong Silicon” mas’uliyati cheklangan jamiyat qo‘shma korxonasining buyurtmanomalari bo‘yicha qo‘shma korxona faoliyatida ishtirok etayotgan xorijiy mutaxassislarga ko‘p martalik vizalar belgilangan tartibda berilishini, shuningdek ular yashash joyida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazilishini va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish muddati uzaytirilishini ta’minlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi “Uz-Shindong Silicon” mas’uliyati cheklangan jamiyat qo‘shma korxonasiga yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb etishga belgilangan tartibda ruxsatnoma berilishini ta’minlasin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 11-avgust,
178-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2008-y., 33-son, 316-modda)