Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
OʻZBEKISTON DAVLAT SANʼAT INSTITUTINING NUKUS FILIALINI TASHKIL ETISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Qoraqalpoq xalqining betakror sanʼati va madaniyatini yanada ravnaq toptirish, isteʼdodli yoshlarni milliy va jahon sanʼatining yuksak namunalari ruhida tarbiyalash, ularning ijodiy qobiliyat va intilishlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va roʻyobga chiqarish, zamonaviy teatr va kino, televideniye va radio yoʻnalishlari boʻyicha yuqori malakali aktyorlar va sanʼatshunoslik sohasida mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston davlat sanʼat institutining Nukus filiali (keyingi oʻrinlarda Nukus filiali deb yuritiladi) tashkil etilsin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan Nukus filialining oʻquv binosi va auditoriyalarini sanʼat sohasiga xos oʻquv-ijodiy jarayonlarning alohida talablari asosida rekonstruksiya qilish va taʼmirlash, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha tegishli ishlar amalga oshirilgani hamda ushbu oʻquv dargohini Nukus shahri, Hurliman qiz baxshi koʻchasi, 37-uyga joylashtirishi haqidagi taklifi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi bir oy muddatda Nukus filialining tashkiliy tuzilmasi va Nizomini belgilangan tartibda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
4. Nukus filialida 2008-2009 oʻquv yili uchun bakalavrlar tayyorlash boʻyicha jami 25 ta — shundan 10 tasi davlat grantlari va 15 tasi esa toʻlov-kontrakt asosida — qabul kvotalari belgilansin. Ushbu kvotalar “Aktyorlik sanʼati” taʼlim yoʻnalishiga — 15 ta (6 ta davlat granti va 9 ta toʻlov-kontrakt asosida) va “Sanʼatshunoslik” taʼlim yoʻnalishiga — 10 ta (4 ta davlat granti va 6 ta toʻlov-kontrakt asosida) miqdorida taqsimlanib, taʼlim jarayoni qoraqalpoq tilida olib borilishi belgilab qoʻyilsin.
Kelgusi yillar uchun qabul kvotalari mazkur soha mutaxassislariga boʻlgan real talab-ehtiyoj va mintaqaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish istiqbolidan kelib chiqqan holda, belgilangan tartibda amalga oshirilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda bir oy muddatda:
2008-yil 1-sentabridan eʼtiboran Nukus filialining faoliyati va oʻquv jarayonini toʻlaqonli tashkil etish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
belgilangan davlat taʼlim standartlari va taʼlim yoʻnalishlariga muvofiq, filialni oʻquv dasturlari va rejalari hamda darsliklar, oʻquv adabiyotlari, shuningdek, oʻquv-uslubiy va normativ-huquqiy hujjatlar bilan taʼminlasin;
oʻquv binosi va auditoriyalarni, mahorat sinflari, studiyalar va boshqa zarur xonalarni zamonaviy kompyuter va asbob-uskunalar hamda maxsus laboratoriya anjomlari bilan jihozlasin;
Nukus filiali professor-oʻqituvchilar tarkibini yetuk ilmiy-pedagog kadrlar bilan taʼminlash, Qoraqalpogʻiston Respublikasining sanʼat sohasidagi yetakchi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida faoliyat yuritayotgan, yuqori malaka va tajribaga ega boʻlgan mutaxassislarni filial oʻquv jarayoniga jalb etish, shuningdek, ushbu dargohlarda filial uchun muntazam ravishda yosh ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlab borish boʻyicha tashkiliy-amaliy ishlarni yoʻlga qoʻysin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Nukus filiali faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar uchun zarur mablagʻlarni ajratsin;
Madaniyat va sport ishlari vazirligining 2008-yilgi tegishli xarajatlar smetasiga oʻzgartirishlar kiritsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 28-aprel,
PQ-845-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 18-son, 146-modda)