Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining
Qarori
“NORMATIV-HUQUQIY HUJJATLAR TOʻGʻRISIDA”GI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNI 31-MODDASINING IKKINChI QISMINI ShARHLASh HAQIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi rais oʻrinbosari B. Mirboboyev, sudyalar U. Bozorov, G. Pirjanov va S. Hakimovadan iborat tarkibda, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 109-moddasi birinchi qismining 3-bandiga va “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 1-moddasiga amal qilgan holda, “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 31-moddasining ikkinchi qismini sharhlash haqida ”gi ishni ochiq sud majlisida koʻrib chiqdi.
Masala fuqaro K. Muzaffarovning Konstitutsiyaviy sudga murojaati munosabati bilan “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 19-moddasiga muvofiq sudyalar U. Bozorov, G. Pirjanov va S. Hakimovaning tashabbusi bilan kiritildi.
Konstitutsiyaviy sud maʼruzachi sudya S. Hakimovaning axborotini, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qoʻmitasining raisi M. Radjabova, inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazining direktori A.Saidov, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi kafedra boshligʻi X. Odilqoriyev, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining oʻrinbosari K. Ismoilov, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qoʻmitasi raisining oʻrinbosari S. Jabborovning fikrlarini eshitib, ish boʻyicha mavjud materiallarni oʻrganib chiqib quyidagilarni aniqladi:
“Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 31-moddasining ikkinchi qismida “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq qonunlarning normalariga Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sharh beradi”, deb belgilangan.
Ushbu Qonun 6-moddasining ikkinchi qismiga asosan “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari qonunlar hisoblanadi”.
“Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 6-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari qonunlar qatoriga kiritilganligi ushbu Qonun 31-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilgan “qonunlar” tushunchasiga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari kiradimi va Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga ham sharh beradimi degan savollar boʻyicha aniqlik kiritish va bu masala yuzasidan sharh berish zaruratini keltirib chiqaradi.
“Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining koʻrsatib oʻtilgan normasiga sharh berishda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi quyidagilarga asoslanadi.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 76-moddasiga muvofiq “Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Majlisi oliy davlat vakillik organi boʻlib, qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi ikki palatadan — Qonunchilik palatasi (quyi palata) va Senatdan (yuqori palata) iborat”.
2. Qonun — bu oliy davlat vakillik organi tomonidan Konstitutsiyada belgilangan tartibga rioya qilingan holda yoki referendum yoʻli bilan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatdir.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 84-moddasining birinchi qismiga muvofiq “Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senat tomonidan maʼqullanib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangach va qonunda belgilangan tartibda rasmiy nashrlarda eʼlon qilingach, yuridik kuchga ega boʻladi”.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 79-moddasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi mutlaq vakolatlariga bir qator masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilish, shu jumladan oʻz faoliyatini tashkil etish va palataning ichki tartib-qoidalari bilan bogʻliq masalalar yuzasidan, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayot sohasidagi u yoki bu masalalar yuzasidan, shuningdek davlat ichki va tashqi siyosati masalalari yuzasidan qarorlar qabul qilish kirishi belgilangan.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 80-moddasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining mutlaq vakolatlariga bir qator masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilish, shu jumladan oʻz faoliyatini tashkil etish va palataning ichki tartib-qoidalari bilan bogʻliq masalalar yuzasidan, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayot sohasidagi u yoki bu masalalar yuzasidan, shuningdek davlat ichki va tashqi siyosati masalalari yuzasidan qarorlar qabul qilish kirishi belgilangan.
6. “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 19-moddasining birinchi qismiga asosan “Qonunchilik palatasi qonunlar qabul qilinishi talab etilmaydigan masalalar yuzasidan, qarorlar qabul qiladi”. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 85-moddasi toʻrtinchi qismining 7-bandiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri “Qonunchilik palatasi qarorlarini imzolaydi”.
7. “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 15-moddasining birinchi qismiga asosan “Senat qonunlar qabul qilinishi talab etilmaydigan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladi”. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 86-moddasi beshinchi qismining 7-bandiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi “Senat qarorlarini imzolaydi”.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining koʻrsatib oʻtilgan normalarining tahlili, shuningdek ish boʻyicha boshqa materiallar asosida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida belgilangan ularning qabul qilinishi va yuridik kuchga ega boʻlishi tartibiga koʻra bir-biridan farq qiladi deb hisoblaydi. Ushbu farq Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faqatgina Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 84-moddasida belgilangan tartibda qabul qilingan qonunlarga sharh beradi, “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 31-moddasining ikkinchi qismidagi “qonunlar” tushunchasiga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari kirmaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga sharh bermaydi degan xulosa qilish uchun asos boʻlib hisoblanadi.
Bayon qilinganlarga asoslanib va “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 1, 25, 26, 27-moddalariga amal qilgan holda Konstitutsiyaviy sud qaror qiladi:
1. “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 31-moddasining ikkinchi qismiga ushbu Qonun 6-moddasining ikkinchi qismi bilan oʻzaro bogʻliqlikda quyidagi sharh berilsin:
— “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 31-moddasining ikkinchi qismidagi “qonunlar” tushunchasiga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari kirmaydi;
— Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga sharh bermaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining ushbu qarori “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalarida eʼlon qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi
Toshkent sh.,
2006-yil 2-may
(“Xalq soʻzi” gazetasi, 2006-yil 3-may, 84 (3883)-son)