Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
RESPUBLIKA OLIY SPORT MAHORATI MAKTABLARINI TASHKIL ETISH TOʻGʻRISIDA
Mutaxassislar hamda keng sport jamoatchiligi fikrini hisobga olgan holda, shuningdek Oʻzbekistonda gimnastikani jadal rivojlantirish va mamlakatimiz sharafini xalqaro maydonlarda munosib himoya qilishga qodir boʻlgan yuqori malakali sportchilarni tayyorlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligining:
Sportning ommaviy turlari boʻyicha respublika oliy sport mahorati maktabini uning mavjud quvvatlari va shtatdagi xodimlari soni negizida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi huzuridagi Gimnastika boʻyicha respublika oliy sport mahorati maktabiga aylantirish toʻgʻrisidagi;
Sportning qishki turlari boʻyicha olimpiya zaxiralari respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar maktabini Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi huzuridagi Sportning qishki va murakkab texnik turlari boʻyicha respublika oliy sport mahorati maktabiga aylantirish, uning tarkibiga Sportning ommaviy turlari boʻyicha respublika oliy sport mahorati maktabidan velosport, oʻq otish (oʻq otish va stendga oʻq otish) hamda triatlon boʻlimlarini berish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Gimnastikani sport gimnastikasi, badiiy gimnastika, trampolin va akrobatika kabi sport turlari boʻyicha yuqori natijalarga erishish sporti sifatida rivojlantirish Gimnastika boʻyicha respublika oliy sport mahorati maktabi faoliyatining asosiy yoʻnalishi hisoblanishi belgilab qoʻyilsin.
3. Quyidagilar:
gimnastlar tomonidan Olimpiya va Osiyo oʻyinlarida, Jahon, Osiyo chempionatlari va kuboklarida hamda boshqa nufuzli xalqaro musobaqalarda erishilgan natijalar;
maktab trener-oʻqituvchilar tarkibining malaka darajasi Gimnastika boʻyicha respublika oliy sport mahorati maktabi faoliyatini baholash mezonlari etib belgilansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Madaniyat va sport ishlari vazirligi bilan birgalikda:
moliyalashtirishning amaldagi normativlari asosida, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligiga qarashli oʻquv yurtlari uchun 2007-yilda respublika budjeti parametrlarida nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida Gimnastika boʻyicha respublika oliy sport mahorati maktabi taʼminoti uchun budjetdan mablagʻlar ajratishni nazarda tutsin;
2008-yildan boshlab Gimnastika boʻyicha respublika oliy sport mahorati maktabi taʼminoti va uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha budjet mablagʻlari ajratishni nazarda tutsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 1-avgust,
161-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 31-32-son, 321-modda)