Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAKILLARINI OʻQITISHNI TASHKIL ETISH UCHUN YAPONIYA HUKUMATINING GRANTLARIDAN SAMARALI FOYDALANISH TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi vakillarini Yaponiyada oʻqitishni tashkil etish uchun Yaponiya Hukumatining 307 mln. Yaponiya yeni miqdoridagi grantlaridan samarali foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Yaponiya Hukumatining Oʻzbekiston Respublikasi vakillarini Yaponiyaning yetakchi universitetlari magistraturasida oʻqitishni tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
20 kishidan iborat nomzodlarni tanlab olish Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Yaponiya xalqaro hamkorlik markazi (JICE), Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi tomonidan amalga oshirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri R.S. Qosimov Ayirboshlash notalari sifatidagi bitimni Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan imzolashga vakil qilinsin.
3. Quyidagilarga:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga va Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligiga — loyihani amalga oshirish uchun begʻaraz yordam mablagʻlarini olish va ularga xizmat koʻrsatishga doir barcha tartibotlarni Yaponiya tomoni bilan kelishilgan muddatlarda rasmiylashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga — yuqorida koʻrsatilgan begʻaraz yordam hisob-kitobi yuzasidan xizmat koʻrsatish yuklansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi koʻrsatib oʻtilgan begʻaraz yordamga hisob-kitob xizmati koʻrsatilganligi uchun Yaponiya tomoniga vazirlikning Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan vositachilik haqi toʻlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining buyurtmanomalari boʻyicha loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga koʻp martalik kirish vizalari konsullik yigʻimlari va boshqa yigʻimlar undirilmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining buyurtmanomalari boʻyicha loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga davlat bojlari undirilmasdan koʻp martalik vizalar berilishini va ularning muddati uzaytirilishini, shuningdek yashash joyida vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazilishini va vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazish muddati uzaytirilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi ushbu loyiha boʻyicha JICE tomonidan tayyorlangan videoroliklar va audio materiallar televideniye va radioda belgilangan tartibda joylashtirilishini taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlar nostrifikatsiya qilinishiga va JICA loyihasi doirasida Yaponiyada oʻqigan oʻzbekistonlik mutaxassislarning ishga joylashishiga koʻmaklashsin;
ularning mehnat faoliyati ustidan doimiy monitoringni amalga oshirsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 20-iyun,
124-son