Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
QIMMATLI QOGʻOZLAR BILAN AMALGA OShIRILADIGAN OPERATSIYALARDAN OLINADIGAN SOLIQ TOʻGʻRISIDA
Ushbu Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 1995-yil 22-dekabrdagi 179-I-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
1-modda. Qimmatli qogʻozlar bilan amalga oshiriladigan operatsiyalar va soliq toʻlovchilar
Soliq toʻlovchining shartnoma tuzish va emissiya maʼlumotnomasini roʻyxatdan oʻtkazish vositasida qimmatli qogʻozlarga nisbatan mulkiy huquqlarni yuzaga keltirishga qaratilgan harakatlari yoki niyatlari qimmatli qogʻozlar bilan amalga oshiriladigan operatsiyalar deb eʼtirof etiladi.
Ushbu operatsiyalarni belgilangan tartibda amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslar qimmatli qogʻozlar bilan amalga oshiriladigan operatsiyalar uchun soliq toʻlovchilar hisoblanadilar.
2-modda. Soliq solish obyektlari
Shartnomaning bahosi va emissiya maʼlumotnomasini roʻyxatdan oʻtkazish ushbu Qonunga muvofiq soliq solish obyektlari hisoblanadi.
3-modda. Soliq stavkalari
Qimmatli qogʻozlar bilan amalga oshiriladigan operatsiyalardan olinadigan soliq quyidagi stavkalar boʻyicha undiriladi:
emitentdan qimmatli qogʻozlar emissiya (chiqarish) maʼlumotnomasini roʻyxatdan oʻtkazishda emissiya nominal qiymatining 0,5 foizi miqdorida. Emissiya maʼlumotnomasini roʻyxatdan oʻtkazish rad etilgan taqdirda toʻlangan soliq qaytarib berilmaydi;
davlat qimmatli qogʻozlarini sotib oluvchilardan bitim summasining 0,1 foizi miqdorida;
bitim qatnashchilarining har biridan qimmatli qogʻozlar oldi-sotdisi yuzasidan shartnoma tuzishda bitim summasining 0,3 foizi miqdorida.
4-modda. Soliq imtiyozlari
Qimmatli qogʻozlar bilan amalga oshiriladigan operatsiyalardan olinadigan soliqni toʻlashdan quyidagilar ozod qilinadilar:
aksiyadorlik jamiyati tomonidan ilk bor chiqarilgan aksiyalarni bu jamiyat davlat roʻyxatiga olingan paytdan eʼtiboran sotib oluvchi yuridik va jismoniy shaxslar;
mijozning hisobidan va uning topshirigʻiga binoan qimmatli qogʻozlar bilan belgilangan tartibda vositachilik operatsiyalarini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar;
Oldingi tahrirga qarang.
Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent shaharlarida turistik faoliyat bilan shugʻullanuvchi yangi tashkil etilgan yuridik shaxslar, tashkil etilgan paytdan boshlab dastlabki foyda olgunga qadar boʻlgan davrda, ammo davlat roʻyxatidan oʻtgan paytidan eʼtiboran uzogʻi bilan uch yil muddatga.
(4-modda Oʻzbekiston Respublikasining 1995-yil 31-avgustdagi 118-I-son Qonuniga muvofiq toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1995-y., 9-son, 193-modda)
5-modda. Soliq summasini belgilash
Soliq toʻlovchilar soliq summasini mustaqil ravishda, bitimlarning haqiqiy summasiga va tegishli soliq stavkasiga qarab hisoblab chiqaradilar.
Qimmatli qogʻozlar bilan chet el valyutasida amalga oshirilgan operatsiyalardan olinadigan soliq mazkur operatsiya oʻtkazilgan kunda valyutaning rasmiy belgilangan kursiga qarab Oʻzbekiston Respublikasining pul birligida hisoblab chiqariladi.
6-modda. Soliq toʻlash tartibi va muddatlari
Qimmatli qogʻozlar bilan amalga oshiriladigan operatsiyalardan olinadigan soliq mazkur operatsiyalar roʻyxatga olinayotgan chogʻda soliq toʻlovchilar tomonidan toʻlanadi va uch kunlak muddat ichida quyidagilar tomonidan respublika budjetiga oʻtkaziladi:
birja bozorida bitimlar tuzishda fond birjalari hamda tovar birjalari va boshqa birjalarning fond boʻlimlari tomonidan;
emitentlar, qimmatli qogʻozlar bilan birjadan tashqari amalga oshiriladigan operatsiyalarni roʻyxatga oluvchi va rasmiylashtiruvchi bank muassasalari va boshqa muassasalari, shu jumladan vositachi muassasalar tomonidan.
Qimmatli qogʻozlar dastlabki emissiyasi amalga oshirilganda har bir tuzilgan bitim yuzasidan olinadigan haq tarzidagi soliq qimmatli qogʻozlarni sotib oluvchilardangina undiriladi.
Davlat qimmatli qogʻozlari bilan amalga oshiriladigan operatsiyalardan olinadigan soliq sotib oluvchilardangina har bir bitimdan undiriladi.
7-modda. Soliq toʻlovchining javobgarligi
Soliqni hisoblab chiqarish va toʻlashdagi xatoliklar uchun soliq toʻlovchilar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
8-modda. Soliq toʻlanishini nazorat qilish
Soliq toʻliq va oʻz vaqtida toʻlanishi ustidan nazoratni soliq organlari amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 5-may,
1056-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-y., 5-son, 132-modda; Oliy Majlis Axborotnomasi, 1995-y., 9-son, 193-modda)