Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
YAPONIYA HUKUMATINING GRANTIDAN TOSHKENT VA JIZZAX VILOYATLARI SOGʻLIQNI SAQLASH BIRLAMCHI BOʻGʻININI YAXSHILASH VA HAMSHIRALIK TAʼLIMINI TAKOMILLASHTIRISHDA SAMARALI FOYDALANISHNI TAʼMINLASH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Yaponiya Hukumatining Toshkent va Jizzax viloyatlari sogʻliqni saqlash birlamchi boʻgʻinini yaxshilash va hamshiralik taʼlimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun beriladigan grantidan samarali foydalanishni taʼminlash maqsadida:
1. Yaponiya Hukumati tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga Toshkent va Jizzax viloyatlari sogʻliqni saqlash birlamchi boʻgʻinini yaxshilash va hamshiralik taʼlimini takomillashtirish boʻyicha loyihalarni (bundan buyon — Loyihalar) amalga oshirish uchun 595 mln. yena (5,2 mln. AQSH dollari) miqdorida grant berish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Belgilansinki, Yaponiya Hukumati grantining mablagʻlari Toshkent va Jizzax viloyatlaridagi 114 ta qishloq vrachlik punktlarini, Respublika tibbiyot kolleji, Hamshiralarni qayta tayyorlash markazi va Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirligi Shoshilinch tibbiy yordam markazining oʻquv sinflarini jihozlashga yoʻnaltiriladi.
2. Bosh vazir oʻrinbosari R.S. Qosimovga Yaponiya Hukumatining mazkur grantini olishga Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Ayriboshlash notasini imzolash vakolati yuklatilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi zimmasiga grantni olish uchun barcha zarur tartib-qoidalarni yapon tomoni bilan kelishilgan muddatlarda rasmiylashtirish vazifasi yuklansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Loyihalarni amalga oshirish davrida, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga tasdiqlangan budjet mablagʻlari doirasida, grant mablagʻlari hisobidan olib kelinadigan tibbiyot uskunalari va materiallarini mintaqalarga yetkazib berish sarf-xarajatlari moliyalashtirilishini nazarda tutsin.
5. Loyihalarni amalga oshirish uchun beriladigan mazkur grant hisobidan Oʻzbekiston Respublikasiga olib kelinadigan uskunalar, buyum va materiallar bojxona toʻlovlaridan ozod qilinsin (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlari bundan mustasno).
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda grant mablagʻlaridan hamda Loyihalar doirasida olib kelinadigan uskunalar, buyum va materiallardan maqsadli hamda samarali foydalanish ustidan qattiq nazorat oʻrnatsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining talabnomalari boʻyicha loyihalarning xorijiy qatnashchilari uchun konsullik yigʻimlari va boshqa yigʻimlarni undirmasdan belgilangan tartibda kirish vizalari rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining talabnomalari boʻyicha loyihalarning xorijiy ishtirokchilariga koʻpmartalik vizalar, shuningdek vaqtincha roʻyxatda turish va uning muddatini uzaytirish ishlarini davlat boji toʻlanmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
9. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 18-yanvar,
PQ-569-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 1-son, 37-modda)