O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“O‘ZBEKSUVQURILISh” KONSERNINING JIZZAX POLITEXNIKUMI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Yangi tashkil qilingan Jizzax politexnika institutining o‘quv-moddiy negizini yaxshilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “O‘zbeksuvqurilish” konserni, Jizzax politexnika institutining o‘quv-moddiy negizini yaxshilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Jizzax viloyati hokimining Jizzax politexnikumining binolari, asosiy va yordamchi fondlari, transport vositalari, o‘quv-laboratoriya va boshqa uskunalarini Jizzax politexnika instituti tasarrufiga berish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
2. Jizzax politexnikumida hozirgi kunda ta’lim olayotgan o‘quvchilar Jizzax industrial texnikumiga o‘tkazilib, ularning egallayotgan mutaxassisliklari bo‘yicha o‘qishni tamomlashlari ta’minlansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (J. Abdullayeva) va “O‘zbeksuvqurilish” konserni (F.B. Xasanov) Jizzax viloyati hokimi (A. Toshkenboyev) bilan birgalikda:
shu yilning 15-avgustiga qadar texnikumga tegishli bino va uskunalarni institutga berish yuzasidan tegishli tadbirlarni amalga oshirsinlar;
texnikumning tugatilishi munosabati bilan bo‘shab qoladigan o‘qituvchi va xodimlarni o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha ishga joylashtirish chorasini ko‘rsinlar.
4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining budjetiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy masalalar, fan va madaniyat bo‘limiga yuklatilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1993-yil 12-avgust,
407-son