Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
SAMARQAND ShAHRIDAGI AVTOZAVODNING IShLAB ChIQARISh MAYDONLARIDA YaNGI RUSUMDAGI AVTOBUSLAR IShLAB ChIQARIShNI TAShKIL ETISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Samarqand shahridagi avtozavodning ishlab chiqarish maydonlarida yangi rusumdagi avtobuslarni koʻplab ishlab chiqarishni tashkil etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
“SamKochavto” QK chet el investori oʻz zimmasiga olgan majburiyatlarini bajarmaganligi hamda korxonani iqtisodiy nochor va zarar koʻrib ishlaydigan holatga olib kelganligi sababli, belgilangan tartibda uni bankrot deb eʼlon qilish jarayoni qoʻzgʻatildi va tashqi boshqaruv joriy etildi;
korxonani moliyaviy sogʻlomlashtirish hamda yangi, xalqaro standartlarga javob beradigan “SamKochavto” QK da yangi rusumdagi avtobuslar ishlab chiqarishni tashkil etish uchun “ITOCU Corporation” (Yaponiya) kompaniyasi bilan “Isuzu Motors LTD” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 252 ta shassi avtokomplektlarini yetkazib berish boʻyicha ikkita shartnoma, shuningdek mazkur kompaniyada ishlab chiqarilgan 260 ta shassi avtokomplektlarini yetkazib berish boʻyicha Hadli bitim tuzildi;
“ITOCU Corporation” (Yaponiya) kompaniyasi shassi avtokomplektlarining umumiy miqdoridan 344 ta shassi avtokomplektini (motorlar, transmissiyalar va shassilar) toʻlovlarni 360 kunga kechiktirgan holda yetkazib berishga rozilik bildirdi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, “Oʻzavtosanoat” AK korxonani moliyaviy sogʻlomlashtirish va xalqaro standartlarga javob beradigan raqobatbardosh avtobuslar ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida Samarqand shahridagi avtomobilʼ zavodagi strategik xorijiy investorni jalb qilish boʻyicha 2006-yilning oxirigacha faol chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlasin.
3. “SamKochavto” QK “Isuzu Motors LTD” kompaniyasida ishlab chiqarilgan, import qilinadigan 512 ta shassi avtokomplektlarini hamda yangi rusumdagi 512 ta avtobus tayyorlash uchun zarur boʻlgan butlovchi detallar, xomashyo, sarflanadigan materiallar, ehtiyot qismlar va jihozlar (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) bojxona toʻlovlari toʻlashdan ozod etilsin.
4. “Oʻzavtosanoat” AKga 512 ta shassi avtokomplektlarini, shuningdek zarur butlovchi detallar, xomashyo, sarflanadigan materiallar, ehtiyot qismlar va jihozlarni sotib olishga avans berish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan hisob-kitob boʻyicha “SamKochavto” QKga bir yil muddatga foizsiz ssuda berishga ruxsat etilsin.
“UzDEUavto” AJ avtomobillariga aksiz soligʻi mablagʻlarining “Oʻzavtosanoat” AK tasarrufida qoldiriladigan bir qismi yuqorida koʻrsatilgan ssuda mablagʻlari manbai etib belgilansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “Oʻzavtosanoat” AK, “Asaka” banki va boshqa manfaatdor tuzilmalar bilan birgalikda bir oy muddatda “SamKochavto” QKda ishlab chiqarilgan avtobuslarni lizing asosida sotish mexanizmini shakllantirish va tegishli infratuzilmani yaratish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R.S. Azimov va E.R. Shoismatov zimmalariga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 4-avgust,
PQ-434-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-y., 8-son, 465-modda)